date
views 3 026

Rossiya allaqachon “burchakka qisilgan”, Ukraina esa “sulh stoli”ga o‘tirishni istamayapti...

Rossiya allaqachon “burchakka qisilgan”, Ukraina esa “sulh stoli”ga o‘tirishni istamayapti...
2022 yilning boshida boshlangan Rossiya-Ukraina urushi to‘qqiz oydirki davom etmoqda. Nafaqat Rossiya va Ukraina, balki mintaqaviy va global kuchlar ham slavyan millatlar o‘rtasidagi inqiroz bunchalik cho‘zilib ketishini taxmin qilmagandi. Katta ehtimol, Moskva qisqa fursatda o‘z maqsadiga erishib, Qrim, Osetiya va Abxaziya misolida bo‘lgani kabi G‘arb davlatlarining aralashmasligiga umid qilgandir. Biroq, Moskvaning bu hisob-kitoblari ish bermadi. Ukrainaga Yevropa Ittifoqi va Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan har tomonlama dastak va Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar miqdori ortdi. Ukrainadagi urush ham “Rossiya-G‘arb urushi”ga aylandi.

Ukraina markazlashgan Rossiya-G‘arb kurashi, shubhasiz, kurashda ishtirok etayotgan davlatlarga ham bevosita, ham bilvosita katta zarar yetkazadi. Bugun dunyoda oziq-ovqat inqirozi yuz bermoqda. Turkiyaning tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “don yo‘lagi” ham ko‘ngildagidek ish bermayapti. Kuni kecha yana 4 oyga cho‘zilgan mazkur tashabbus kelgusida “kambag‘al” davlatlar koriga yaraydimi yoki yo‘q, bu ham aniq emas.

Bundan tashqari ruslarning ushbu bosqinchilik harakati qisqa vaqt ichida butun dunyoda ko‘plab global o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Tayvan bo‘yicha Xitoy-AQSH ziddiyatlari, dunyoning narigi chekkasidagi mamlakatlarga ta’sir ko‘rsatadigan don inqirozi, Yevropadagi kuch o‘zgarishlari, energiya balansining o‘zgarishi, butun dunyoni o‘rab turgan iqtisodiy inqiroz... Bular Ukrainada yuz berayotgan Rossiya-G‘arbiy urushi bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatayotgan voqealar hisoblanadi.

Bu jarayonda Rossiya va Ukrainada ham muhim o‘zgarishlar bo‘ldi. Ikkala tomonning yo‘qotishlariga qo‘shimcha ravishda, har ikki davlat ham katta xarajatlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

Rossiyada e’lon qilingan qisman safarbarlik, ehtimol, birinchi marta ichki reaksiyalarni, norozilik va jiddiy qarshiliklarni keltirib chiqardi. Boshqa tomondan, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xersonda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar o‘tkazildi va bu to‘rt viloyat go‘yo Rossiyaga qo‘shildi. Referendum natijalari hech bir davlat tomonidan tan olinmadi. Qolaversa, rus armiyasi o‘tgan hafta Xersonni sharmandalarcha tashlab chiqishga majbur bo‘lgani ham diqqatga sazovor.

Ukraina markazlashgan Rossiya-G‘arb kurashi, shubhasiz, kurashda ishtirok etayotgan davlatlarga ham bevosita, ham bilvosita katta zarar yetkazadi. Rossiya frontda muammolarga duch kelgan bir paytda, Ukraina har kuni AQSHdan qarzdor bo‘lib bormoqda. Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar Rossiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, Yevropa Ittifoqi davlatlari ham energiya inqiroziga duch keldi.

Ham ichki dinamika, ham ular boshdan kechirayotgan iqtisodiy inqiroz tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borgan sari pasayib bormoqda. Qolaversa, hozirdanoq saylov jarayoniga kirib bo‘lgan AQSHda Ukrainaga berilayotgan yordam borasida kundan-kunga muhokamalar ortib boryapti. Aslida, bu moliyaviy va iqtisodiy yordamni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan bo‘lsa-da, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yordam so‘rab qilgan murojaatlari tugamayapti.

Shuning uchun ham so‘nggi davrda Rossiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida ham, Rossiya va AQSH o‘rtasida ham turli darajalarda muzokaralar olib borilmoqda. 14 noyabr kuni OAV e’tiboridan chetda qolmagan Rossiya va AQSH razvedka idoralari vakillarining Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi bu muzokaralarga yorqin misol bo‘la oladi.

Tomonlar muzokaralarni davom ettirar ekan, bahor uchun ham rejalar tuzmoqda. Qish oylarida quruqlikdagi to‘qnashuvlar minimal bo‘ladi, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilmasa, bahorda yana to‘qnashuvlar avj olishi kutilmoqda. Bu jarayonda Rossiya, bir tomondan qisman safarbarlik doirasida yollagan askarlarini tayyorlashni tugatsa, boshqa tomondan esa, G‘arbning Ukrainaga bergan yordamini kamaytirishini kutadi.Rossiya bu yil ham tarixda ko‘p marta yordam bergan "qish" omiliga katta umid bog‘lagan. Rossiya uchun qish qanchalik qiyin bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi hukumatlari shunchalik qiyin bo‘ladi. Rossiya bilan hamkorlikni butunlay to‘xtatish va Ukrainaga moliyaviy yordam jo‘natish hozirgi hukumatlar hokimiyatda qolishi mumkinmi yoki yo‘qligiga bevosita ta’sir qiladigan masalalardir.

Shuning uchun Kreml Yevropa Ittifoqi davlatlarida reaksiya kuchayishini kutmoqda. Shunga o‘xshash kutish G‘arbda boshidanoq mavjud edi. G‘arb rus klassiklarining taqiqlanishiga olib keladigan ko‘p qirrali sanksiyalar va keyin e’lon qilingan qisman safarbarlik rus xalqi orasida reaksiyaga sabab bo‘ladi deb o‘yladi. Biroq G‘arbning bu hisob-kitoblari kutilgan natijani bermadi. Rossiyaning hisob-kitoblari davom etadimi yoki yo‘qmi, bahorda, ehtimol undan ham oldinroq ayon bo‘lib ulgursa, ajab emas.

Urush boshlangandan beri uni tezroq tugatish va tomonlarni yarashishga bo‘lgan ko‘plab urinishlarga guvoh bo‘ldik. Jumladan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning tashabbusi bilan tomonlar 29 mart kuni Istanbuldagi Do‘lmabog‘cha saroyida uchrashdi. Ikki tomon ham o‘z takliflarini berdi va davlat rahbarlarining munosabatini yetkazish sharti bilan ayrilishdi. Ammo bu uchrashuvdan biror bir natija chiqmadi.

Taxminimizcha, sulh tuzish yoki urushni davom ettirish qarori ko‘p jihatdan Rossiya-AQSH o‘rtasidagi kelishuvga va AQSHning Ukrainani qanchalik qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga bog‘liq. Qolaversa, Ukrainadagi o‘zgarishlar global kurashga aylanar ekan, tomonlarning "zaiflik yoki mag‘lubiyat" degan tamg‘adan qochib, orqaga qadam tashlashi qiyin bo‘ladi. Aslini olganda, Rossiya hukumati Donetsk, Lugansk va, xususan, Qrim masalasini mutlaqo muzokara qilib bo‘lmaydi, deb ta’kidlaydilar. Bundan tashqari, Moskva Ukrainani qurolsizlantirishni va NATO a’zoligidan voz kechishini hamda urush keltirgan zararlarga nisbatan hech qanday tovon so‘ramasligini istaydi.

Ukraina esa 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralar qabul qilinishini va Rossiya urush uchun tovon to‘lashini talab qilmoqda. Ukraina rasmiylari ham bu shartlar bajarilmasa, “sulh stoliga” o‘tirmasliklarini bildirmoqda.

Frontda kutilganidan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyat qozonilgani va rus armiyasining Xersonni tashlab ketishi, shubhasiz, Ukraina rasmiylarining ruhiyatini ko‘taradi. Ular Rossiya va G‘arbning yanada keskinlashishini, NATOning bu masalaga aralashishini istaydi, chunki ular bu so‘rovlar Rossiya tomonidan qabul qilinmasligini va agar “sulh stoli”ga o‘tirsa, G‘arb ittifoqchilarining bosimi ostida urushni to‘xtatish bitimini imzolashga majbur bo‘lishlarini bilishadi.

Ukraina hududidan uchirilgani aniqlangan raketalarning Polsha tuprog‘iga tushishi masalasini ayni shu rakursdan izohlash mumkin. Bu jihatdan mintaqada tinchlikni istamagan yana bir davlat Polshadir. Tarixda ham, bugungi kunda ham Rossiyaning eng muhim dushmanlaridan biri bo‘lgan poshshaliklar ruslarning imkon qadar kuchsizlanishini, o‘zi va Yevropa Ittifoqi uchun xavf tug‘dirishni to‘xtatib, bir paytlar bo‘lgani kabi Ukrainaga ega bo‘lishini istaydi.

Oxirgi paytlarda sulh ssenariylari muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, Rossiya burchakka qisilib yotgan, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy muammolarga duch kelgan va AQSH esa yangi saylov davriga kirgan bo‘lsa-da, urushni to‘xtatish oldida juda ko‘p to‘siqlar borligi kun kabi ravshan.

Boshqa tomondan, Polshaga tushgan raketalar teskari ta’sir ko‘rsatishi va o‘t ochishni to‘xtatishning tezlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hodisalarning oldini olish qiyin. Rossiya esa NATO bilan bevosita yuzma-yuz kelishni istamaydi. Shu bois Turkiyaning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlari va vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashning kelgusi kunlarda ortishi mumkin.

Turkiya boshidanoq tomonlarni birlashtirishga harakat qilib, bu jarayonda, ayniqsa, don koridorida sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Yana Turkiyaning energiya markaziga aylanish harakati tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Anqara so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari bilan energiya sohasida aloqalarini kuchaytirgani ham bu maqsadga erishishni osonlashtirmoqda. Qolaversa, mintaqada sulh imzolangan taqdirda ham, Rossiya va Yevropa Ittifoqining energetika sohasidagi hamkorligi avvalgi darajada bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqi energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan qish oylarida, ayniqsa, Turkiyaning ahamiyati yana ham orttishi turgan gap.

Muvaffaqiyatli muvozanat siyosati va samimiy yondashuvi bilan Turkiya bugungi kunda Rossiya va Ukrainaning eng ko‘p ishongan davlati bo‘lib qolmoqda. Rossiya uchun Turkiya bugun ham “dunyo eshigi”dir. Turkiya, shuningdek, yuz minglab Rossiya va Ukraina fuqarolarini qabul qildi. Anqara o‘zining tashqi siyosati bilan Yaqin Sharq, Kavkaz, Afrika va Sharqiy Yevropadagi hech qanday muammoni Turkiyasiz hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Aftidan, Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi Turkiyaning sa’y-harakatlari bilan amalga oshadiganga o‘xshab ko‘rinyapti. Bunga yetarli sabablar bor, albatta.

Ahmad Ali tayyorladi

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya allaqachon “burchakka qisilgan”, Ukraina esa “sulh stoli”ga o‘tirishni istamayapti...