Qirg‘izistonda mamlakat poytaxtini ko‘chirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bu g‘oyani inkor etmadi va kelgusida Manas shahri davlat markaziga aylanishi ehtimolini bildirdi.
Tashiyevning aytishicha, 2026 yilda Manasga respublika ahamiyatidagi uchinchi shahar maqomi berilishi rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror strategik jihatdan to‘g‘ri va mamlakatning kelgusi rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
“Ko‘pchilik 'Manas poytaxt bo‘ladi' deb gapiryapti. Agar bu qarorni hayotga tatbiq etishga haqiqatdan ham loyiq bo‘lsak — nega yo‘q? Lekin poytaxt bo‘lish faqat nom emas, balki katta mas’uliyatni talab qiladi. Shahar ham, xalq ham bu vazifaga tayyor bo‘lishi kerak — iqtisodiy, infratuzilmaviy va ma’naviy jihatdan”, — dedi Tashiyev.
Ma’lumot uchun, so‘nggi oylarda Manasda qurilish va infratuzilma ishlari jadal sur’atda amalga oshirilmoqda. Yangi ma’muriy binolar, yo‘llar va ijtimoiy obyektlar barpo etilayotgani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, Jalolobod shahri nomi 17 sentyabr kuni rasman Manas deb o‘zgartirilgan, bu esa mamlakatda yangi boshlanish ramzi sifatida qabul qilingan edi.
Mutaxassislar fikricha, agar Manas poytaxt maqomini olsa, bu Qirg‘izistonning iqtisodiy va siyosiy markazini qayta shakllantirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!