“Real Madrid”ning sobiq himoyachisi Pepe yaqinda bergan intervyusida o‘zining sobiq jamoadoshi — hozir “qirollik klubi”ni boshqarayotgan Xabi Alonso haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Alonso uchun bu lavozim katta mas’uliyat bilan birga ulkan imkoniyat hamdir.
«Men Xabi bilan birga o‘ynaganman va uni yaxshi taniyman. ‘Real’ni boshqarish har qanday murabbiy uchun katta chaqiruv, chunki bu klubda talab va bosim har doim yuqori bo‘ladi», — dedi Pepe.
Sobiq himoyachining aytishicha, Alonso murabbiylik yo‘lini hali o‘yinchilik davridayoq boshlagandi:
«Joze Mourinyo ‘Real’ni boshqargan vaqtda Xabi u bilan juda ko‘p suhbatlashardi. U futbolga chuqur qiziqardi, maydondagi vaziyatlarni tahlil qilardi. Shu odati orqali u o‘z nuqtai nazarini shakllantirdi».
Pepe sobiq jamoadoshiga ishonch bildirdi:
«Men Xabiga ishonaman. U juda zukko, talabchan va kuchli xarakterga ega murabbiy. Uning ‘Real’dagi faoliyati muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonchim komil».
Xabi Alonso so‘nggi yillarda murabbiy sifatida katta salohiyat namoyon etdi. Uning “Bayer” bilan ko‘rsatgan natijalari Yevropada e’tibor qozondi va endi u o‘zining sinovini Madridda davom ettirmoqda.
Pepe fikricha, “Real” kabi jamoada ishlash har doim bosim bilan bog‘liq bo‘ladi, ammo Alonso bu bosimni imkoniyatga aylantira oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!