2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida ikki karra jahon chempioni — Urugvay bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Bellashuv oldidan ko‘plab xalqaro sport nashrlari, jumladan Soccer365 sayti ham jamoalarning holati va ehtimoliy natijalar bo‘yicha tahlil tayyorladi.
Kannavaro bilan g‘alabali boshlanish
Fabio Kannavaro rahbarligida ilk marta maydonga chiqqan O‘zbekiston termasi Kuvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi. Agar Otabek Shukurov penalteni golga aylantirganda, hisob yanada yirik bo‘lishi mumkin edi.
Shu tariqa, jamoa qariyb 11 oydan buyon mag‘lub bo‘lmayapti — 11 ta uchrashuvdan buyon o‘z darvozasiga yo‘l bermagan. Oxirgi ikki yil ichida faqat Qatarga qarshi bahsda (102-daqiqa) so‘nggi lahzada mag‘lubiyat qayd etilgan.
Tarkibda o‘zgarishlar va yo‘qotishlar
Asosiy hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullayev jarohati tufayli yig‘inni tark etdi. Shuningdek, tajribali himoyachi Farruh Sayfiev va yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov ham sog‘ligi sabab jamoadan chiqarildi.
Kannavaro ayrim chaqirilgan futbolchilarni orqaga qaytarib, ularning o‘rniga hujumchilar Ruslan Jiyanov va Husayn Norchayevni jalb etdi.
O‘zbekistonning kuchli jihati — himoya
So‘nggi uch o‘yinda jamoa o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi. Umuman, so‘nggi 11 uchrashuvdan 8 tasida gol o‘tkazilmagan. Shu bilan birga, O‘zbekiston oxirgi 13 bahsning faqat ikkitasi dagina raqib darvozasiga yo‘l topa olmagan.
Bu seriyada o‘zbeklar jahon chempionati yo‘llanmasini ham ta’minlab ulgurgan — BAAdagi hal qiluvchi o‘yinda golsiz durang ularni mundialga olib chiqqandi. Shundan beri jamoa 6 o‘yindan buyon gol urmoqda.
Ekspertlar prognozi
Soccer365 taxminiga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuv 1:1 hisobi bilan durang natija bilan yakunlanishi mumkin.
O‘zbekiston va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuv 13 oktyabr kuni, Malayziyada, Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da start oladi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu bahs Kannavaro shogirdlari uchun nafaqat sinov, balki jahon chempionati oldidan o‘z kuchini xalqaro darajada baholash imkoniyati ham bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!