Ispaniya chempionatidagi an’anaviy kurash yana “Real” va “Barselona” o‘rtasida kechadi. La Liganing 10-turiga to‘g‘ri keluvchi ilk “El-klasiko” 26-oktyabr kuni Madriddagi “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Madrid klubi hujumchisi Rodrigo Goes jurnalistlar bilan suhbatda jamoaning asosiy raqibga qarshi bo‘lajak uchrashuvga munosabati haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumdagi mag‘lubiyatlar haqida o‘ylashning hojati yo‘q — bu safar hammasini qayta boshlash kerak.
«O‘tgan mavsumni orqaga tashlash kerak. Biz ham o‘sha paytda o‘z o‘yinimizni topa olmadik, ayniqsa, to‘rtta “El-klasiko”da. Rostini aytsam, “Barselona”ga qarshi o‘ynash biz uchun og‘ir bo‘lgan. Ular hozir juda yaxshi formada va o‘z kuchiga ishongan jamoaga aylangan», — dedi Rodrigo.
Shu bilan birga u “Real”ning ham g‘alaba uchun yetarli salohiyati borligini ta’kidladi:
«Biz ham zo‘r jamoamiz. Bu safargi “El-klasiko” juda keskin kechadi. Ammo “Bernabeu”da o‘z muxlislarimiz oldida o‘ynaymiz va g‘alaba qozonib, nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatishimiz kerak. Hech narsaga qaramasdan, ushbu uchrashuvga jiddiy tayyorlanishimiz lozim».
Rodrigo so‘zlariga ko‘ra, “Real” uchun bu bahs nafaqat chempionlik poygasida muhim bosqich, balki o‘tgan mavsumdagi mag‘lubiyatlar uchun revansh olish imkoniyati hamdir.
Madridlik muxlislar esa jamoasidan faqat g‘alaba kutmoqda — “Bernabeu”dagi “El-klasiko” har doim tarixga muhrlanadigan kecha bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!