01:25 / 16.12.2022
4 046

Dunyoning «eng qashshoq» prezidenti

Dunyoning «eng qashshoq» prezidenti
Urugvay 2010 yildan 2015 yilgacha "dunyodagi eng qashshoq prezident" nomini olgan ajoyib inson Xose Muxikaning boshqaruvida bo‘lgan. Muxika Daily Mail nashri tomonidan: "nihoyat, xarajatlarida xatosi yo‘q, halol siyosatchi paydo bo‘ldi", deya ta’riflangan edi. O‘z mamlakatida el Pepe laqabi bilan mashhur bo‘lgan bu prezident haqiqatan ham aql bovar qilmas rostgo‘ylik va adolat namunasi bo‘lgan. Istaymizmi-yo‘qmi, bu hamma siyosatchida ham uchrayvermaydigan sifatlardan sanaladi.

El Pepening to‘liq ismi Xose Umberto Muxika, u 1935 yilda tug‘ilgan, hozir 83 yoshda. Onasi italiyalik kambag‘al muhojir oilasidan, otasi ispan. Otasi fermer xo‘jaligi sohibi bo‘lgan. Xose besh yoshga to‘lmasidan otasidan judo bo‘lgan. Bo‘lajak yetakchida siyosiy va ijtimoiy hayotga qiziqish juda barvaqt paydo bo‘lgan, u 25 yoshida Kuba inqilobi g‘oyalaridan ilhomlangan "Tupamaros" milliy ozodlik harakati partizan guruhiga qo‘shiladi.

1960-1970 yillarda ushbu qurolli so‘llar guruhining a’zolari, afsonaviy Robin Gud singari, boylarni talon-taroj qilib, o‘ljalarini kambag‘allarga tarqatish bilan shug‘ullangan. "Tupamaros" qilmishlari orasida qurolli hujumlar va hatto qotilliklar ham bor. Xose Muxika aksariyat shafqatsiz to‘qnashuvlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan, tanasidagi juda ko‘p jarohat izlari ana shu mojarolardan “esdalik” bo‘lib qolgan. Bir necha bor hibsga olinib, umrining jami 14 yilini qamoqlarda o‘tkazgan.

U qamoqdan qochishga ham muvaffaq bo‘lgan va jazo sifatida bir kishilik qamoqxonaga tashlangan. Xose ikki yilni quduq tubida to‘liq izolyatsiyada o‘tkazishga, u yerda aqldan ozmaslik uchun qurbaqalar bilan suhbatlashib o‘tirishga majbur bo‘lgan. Bu voqealarni u o‘z xotiralarida muhrlagan.

Bo‘lajak prezident 1985 yilda, Urugvay demokratiya tuzumiga qaytganida qamoqdan ozod qilindi. Shu paytdan Muxikaning siyosiy faoliyati boshlanadi. Hikoya qilinishicha, Xose deputat etib tayinlanganidan keyin o‘zining “Vespa” skuterida parlament binosiga keladi, shundan so‘ng avtoturargoh xodimi undan qancha vaqtga kelganini so‘raydi, Xose "uzoq vaqtga keldim, degan umiddaman", deya javob beradi. Biroz vaqt o‘tgach, Muxika senator, keyin chorvachilik, dehqonchilik va baliqchilik vaziri bo‘ladi. 2008 yilda u Urugvay Prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlanadi va 2010 yilda u mamlakat prezidenti etib saylanadi.

Muxika qamoqda o‘tgan yillari uning hayot haqidagi qarashlarini shakllantirishga yordam berganini hech qachon yashirmagan. Muxika katta siyosatga kirib kelgach, yoshlikda ilhomlangan Robin Gud uslubidan voz kechib, qashshoqlik va adolatsizlikka qarshi kurashishning yangi usullarini izlash kerakligini tushundi. U o‘zgarishlarni eng avvalo o‘zidan boshlashga qaror qildi. Mana shu paytdan boshlab sayyoramizning "eng qashshoq" prezidenti haqida hikoya shakllana boshlaydi.

O‘sha paytda Urugvayda davlat rahbarining rasmiy oylik maoshi 12500 dollar edi. Prezident Xose darhol bu pulning o‘ndan bir qismi yashash uchun yetarli ekanini aytdi. Bu gaplardan keyin u amalda ham shu xislatini namoyon eta boshladi. Muxika har oylik daromadining 90 foizini ijtimoiy ehtiyojlar va xayriya ishlariga sarflagan.

Davlat rahbari bo‘lganidan so‘ng, u prezident qarorgohiga ko‘chib o‘tishni rad etadi va Montevideo chekkasidagi kichik uyda yashaydi. Uy uning rafiqasi Lusiya Topolanski Saavedraning mulki hisoblanardi. Luciya eri qamoqqa tashlangan iztirobli kunlarda ham, hukumat tepasiga kelganida ham va undan keyin ham uni har bir ishda qo‘llab-quvvatlab kelgan. Uzoq vaqt davomida bu ayol vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi, shuningdek Kongress a’zosi bo‘lgan.

Prezident juftligining kamtarona uyi hattoki markaziy suv ta’minotiga ham ulanmagan. Oilaning mulki esa eski Volkswagen va bir juft traktordan iborat. Prezidentni himoya qilish faqat ikkita politsiyachi bilan cheklangan. Shkafda esa rasmiy uchrashuvlar uchun atigi bitta kostyumi bo‘lgan...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoning «eng qashshoq» prezidenti