
Islom dinini qabul qilgan ingliz zodagonlarining hikoyalari
Buyuk Britaniya, London: Londonliklar Sodiq Xonni o‘z shaharlari meri etib saylashlari Islom va musulmonlarning Britaniyadagi o‘rni haqida yangi munozaralarga sabab bo‘ldi.
Sodiq Xon London meri saylovida 57 foiz ovozni qo‘lga kiritib, uning konservativ raqibi Zak Goldsmitdan g‘olib kelib, Yevropadagi eng mashhur musulmon siyosatchilardan biriga aylandi.
Bugungi kunda Britaniya turli millatli musulmon aholiga ega bo‘lib, Angliya va Uelsda 2,7 milliondan ko‘proq musulmon yashaydi.
Viktoriya davri (1837—1901)ning oxirlarida Britaniya millionlab musulmonlarni o‘z ichiga olgan ulkan imperiya edi. O‘sha imperiyaning ba’zi o‘g‘il-qizlari Islomni qabul qilganlarida, ularga nisbatan dushmanlikdan ko‘ra, qiziqish va hayrixohlik munosabati ko‘p edi.
1913 yilda Daily Mirror gazetasi "Irlandiyalik lordlar islomga qaytmoqda" sarlavhali maqolada Lord Xedlining islom dinini qabul qilishi haqida yozgan:
“Hindistonda ko‘p yillar yashagan irlandiyalik Lord Xedlining islomni qabul qilgani haqidagi e’lon, sharq dinlarining jozibasi yevropaliklarga ta’sir o‘tkazayotganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi”, — deyiladi maqolada.
Xedli singari, dinni qabul qilgan inglizlarning ko‘pchiligi yosh aristokratlar yoki savdo elitasining bolalari edi. Ulardan ba’zilari Buyuk Britaniya mustamlakachiligi ostidagi musulmon o‘lkalarida ishlagan va yashab kelgan tadqiqotchilar, ziyolilar va imperiyaning yuqori martabali amaldorlari edi.
— Bu dinga kirganlarning hikoyalarida, ular yashagan davrlardagi notinchliklar, shuningdek, din, insoniyatning tabiati va kelib chiqishi haqidagi masalalar aks etadi. Birinchi jahon urushidagi qirg‘in va tartibsizliklar, imperializm, Britaniya va boshqa G‘arb imperiyalarining ko‘p sonli odamlar ustidan hukmronlik qilishi muhokama qilinadi, — deydi London universitetining professori Humoyun Ansoriy.
— Ko‘p jihatdan islom dinini qabul qilganlar juda tashvishli hayot kechirgan. Britaniyaning Sudan va Afg‘onistondagi, keyinroq Yevropadagi urushlarida ular dahshatli qirg‘inlarni ko‘rdilar. Ular islomiy jamiyatlarning tinchligi, ma’naviyati va soddaligini o‘sha joyda yashab, ko‘rib bildilar va bu ularga juda yoqdi, — deya qo‘shimcha qiladi Ansoriy.
Ularning hikoyalarida o‘sha davrda islom G‘arbda bugunga qaraganda ancha boshqacha tasvirlanganini ko‘rish mumkin. Bu olimlar, sayohatchilar va tadqiqotchilar katta g‘alayon va to‘qnashuvlar davrida islom e’tiqodidagi tinchlik, birodarlik va umuminsoniy qadriyatlarni ko‘ra olganidan darak beradi.
Britaniyaning Viktoriya davridagi musulmonlarining ba’zilari:
Uilyam Quilliam (1856-1932)
“Britaniya imperiyasi hukmronligi ostida yashayotgan millionlab musulmon birodarlarni hisobga olsak, Islom dini haqida umuman ma’lumotga ega bo‘lmaslik juda g‘alati. Binobarin, ommaning bu boradagi qo‘pol bexabarligi ularni osonlik bilan aldanishga va bu din haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lishga sabab bo‘ladi”, degan Abdulla Quilliam.
O‘sha davrda islom diniga o‘tgan birinchi obro‘li shaxslardan biri, Liverpuldagi taniqli voiz va soat ishlab chiqaruvchi magnatning o‘g‘li Uilyam (keyinchalik Abdulla) Quilliam edi. Quilliam 1880 yillar boshida islomni qabul qilgan. U 17 yoshida o‘z vatani Angliyadan Marokash, Tunis va Jazoirga sayohat qilib, kasallikdan xalos bo‘lish uchun iliqroq iqlim izlagan.
Advokat Uilyam Quilliam 1887 yilda O‘rta yer dengizida kemada tanaffus paytida marokashliklarning namoz o‘qiyotganini ko‘rganidan so‘ng Islomga qiziqib qoldi.
"Kuchli shamol kuchi yoki kemaning tebranishi ularni umuman bezovta qilmasdi. Ularning to‘liq ishonch hamda samimiyat balqigan yuz ifodalari meni qattiq hayratda qoldirdi", deb eslaydi u.
Islom dinini qabul qilganlar ismlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lmasalar ham, u Abdulloh ismini oldi.
1887 yilda Angliyaga qaytib kelganida, u voiz bo‘ldi va Buyuk Britaniya bo‘ylab 600 ga yaqin odamning islom diniga qaytishida muhim rol o‘ynadi.
20 yoshidayoq malakali advokat bo‘lgan Quilliam 1889 yil Rojdestvo kunida Liverpulda ochilgan Britaniyadagi dastlabki masjidga asos solgan. Shuningdek u, 1894 yilda so‘nggi Usmoniy xalifa Sulton Abdul Hamid II tomonidan Britaniya musulmonlari rahbari etib tayinlangan.
Quilliam islom dinini britaniyaliklarga tanitishga qaratilgan kitoblar yozgan, hattoki uning nusxasini qirolicha Viktoriyaga yuborgan. Bu qirolichaga yoqqani va farzandlari uchun yana bir necha nusxalarini so‘ragani xaqida ma’lumot ham bor.
Quilliam 1932 yilda Londonda vafot etdi va Uoking yaqinidagi Brukvud qabristoniga dafn qilindi. Bu yerda katta musulmonlar qabristoni joylashgan bo‘lib, u ko‘plab taniqli ingliz-musulmonlarning oxirgi manzili hisoblanadi.
Evelin Kobbold xonim (1867-1963)
Evelin xonim Kobbold, (keyinroq Zaynab) 1867 yilda Shotlandiyaning Edinburg shahrida tug‘ilgan, Danmorning 7-grafining qizi Evelin xonim taniqli sportchi, kiyik ovchisi edi. U bolaligining ko‘p qismini Jazoir va Qohirada o‘tkazgan, u yerda musulmon enagalari qo‘lida o‘sgan.
1933 yilda, 65 yoshida u islom dinga kirganini e’lon qildi va Haj ziyoratiga borgan birinchi g‘arblik ayol bo‘ldi. U o‘z tajribasini batafsil bayon etgan “Makkaga ziyorat” nomli bestseller kitobini yozdi.
Evelin 1963 yilda 96 yoshida vafot etdi. Uning qabr toshida: "Alloh - osmonlar va yerning nuridir" degan so‘zlar o‘yib yozilgan.
Rouland Allanson-Vinn, 5-baron Xedli (1855-1935)
Lord Xedli nomi bilan mashhur bo‘lgan Rould Allanson-Vinn 1913 yilda Lordlar palatasida o‘tirgan birinchi musulmon edi. Islomga kirganidan so‘ng, Shayx Rahmatulloh al-Foruq bo‘ldi. Bir yil o‘tib, 1914 yilda Lord Xedli Britaniya Musulmonlar Jamiyatiga rahbarlik qildi.
1855 yilda Londonda tug‘ilgan va Vestminster maktabi va Kembrijdagi Triniti kollejida ta’lim olgan Lord Xedli Rim katolik ta’limotini o‘rganishdan avval protestant sifatida tarbiyalangan. Mohir muhandis, jang san’atining ilk kashshofi, sayohatchi va jurnalist, Viktoriya Uyg‘onish davridagi ingliz-irland aristokrati hisoblangan. U birinchi marta 1890 yillarning o‘rtalarida Hindistondagi faoliyati vaqtida, Kashmirda Islom bilan tanishdi.
U islomni bag‘rikenglik dini sifatida ko‘rgan va Birinchi jahon urushi oldidan o‘zining ustozi, taniqli hind huquqshunosi hamda islom olimi Xoja Kamoliddin bilan Angliyada islom dinini o‘rganadi.
Time jurnalida chop etilgan maqolalardan biri uni "ko‘p qirrali odam, Kembrijdagi davrida o‘rta vaznda chempion bo‘lgan bokschi va taniqli sayohatchi" deb ta’riflangan.
Shuningdek u, bugungi kunda biz bilgan jang san’atining eng qadimgi vakillaridan biri edi. 1890 yillarda lord Xedli boks bo‘yicha va qilichbozlikka oid birinchi zamonaviy qo‘llanmalar ham yozgan. Lord Xedli (Shayx Rahmatulloh al-Foruq) 1923 yili Makkaga Haj ziyoratiga bordi. U 1935 yil iyun oyida Angliyada vafot etar ekan, o‘g‘liga xat yozdi - uning oxirgi iltimosi uni islomiy qabristonga dafn etilishi edi.
“Har bir inson o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi kerak, boshqalarning ko‘zi bilan emas”, deb yozadi Muhammad Marmadyuk Piktxoll Yaqin Sharqqa qilgan sayohati davomida o‘rganganlari haqida.
U muvaffaqiyatli yozuvchi edi. U 1917 yilda islomni qabul qildi va Qohiradagi Al-Azhar universiteti tomonidan ruxsat etilgan, bugungi kungacha davom etib kelayotgan Qur’onning inglizcha tarjimasini nashr qilishni davom ettirdi. Keyinchalik bu tarjima nashrni Times Literary Supplement "buyuk adabiy yutuq" deb e’tirof etdi.
Piktxoll o‘zining tarjimasiga "Qur’onning ma’nolari" deb nom bergan so‘zboshisida shunday deb yozgan: "... Qur’onni tarjima qilib bo‘lmaydi .... bu yerda Kitob deyarli so‘zma-so‘z tarjima qilingan. Lekin Qur’oni Karimning ohanglari odamlarni hayajonga soladi. Bu faqat Qur’onning ma’nosini taqdim etishga urinish. U hech qachon arab tilidagi Qur’onni o‘rnini bosa olmaydi va bunga mo‘ljallanmagan...".
Piktxoll “Harrow” davlat maktabida Uinston Cherchillning sinfdoshi va do‘sti edi. Iqtidorli tilshunos, bir qancha tillarni, jumladan, arab tilini ham puxta egallagan va o‘zini endi ingliz emas, balki “Sharq musulmoni” deb bilgan.
U 1936 yilda Kornuollda vafot etgan va Angliyaning Surrey shahridagi musulmonlar qabristoniga dafn etilgan.
Fotima Muborak tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar