12:20 / 28.01.2023
293

Ukrainadagi korrupsiyaga nigoh: sobiq vazir erishilgan natijalar va qilinadigan ishlar haqida

Ukrainadagi korrupsiyaga nigoh: sobiq vazir erishilgan natijalar va qilinadigan ishlar haqida
Foto: 24tv.ua
«Men so‘nggi 20 yillik g‘arazli manfaatlar tufayli sabotajlardan so‘ng yer bozori islohotini o‘tkazgan odamman», – deb yozdi 2019–2020 yillarda Ukraina iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan Timofey Milovanov.

Ukrainalik sobiq vazir Twitter'dagi tredida vazirlik lavozimi unga Ukrainada korrupsiya qanday ishlashi, unga qarshi kunday kurashish kerakligini tushunishda yordam qilgani haqida hikoya qildi.

«Korrupsiya – bu madaniyat muammosi. Qoidalarga bo‘ysunmaslik, boshqalarga nisbatan nol hurmat, nol qayg‘urish, egoizm madaniyati, boshqa odamlar ham korrupsiyalashgan, biroq ularda shunchaki imkoniyat yo‘q, deb o‘ylashdir.

Korrupsiyalashgan insonlar «qolganlarni ham bemalol sotib olaman, chunki hamma xuddi menga o‘xshagan inson», deb o‘ylaydi. Halol odamlarga duch kelishganida esa ularni aqldan ozgan yoki omadsiz insonlar deb qabul qilishadi. Ular qo‘lga tushganida yoki ta’qib qilinganida esa buni qandaydir fitna yoki siyosiy dushmanlarining ishi, deb o‘ylashadi.

Ukraina jamoatchiligining poraxo‘r amaldorlarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Bu nafrat jamoatchilik va idora hayotining barcha sohalariga ko‘zga tashlanadi. Korrupsiyaning cho‘qqiga chiqqan pallasi 2013 yilga – rossiyaparast prezident Yanukovich boshqaruvi vaqtiga to‘g‘ri keldi. Uning boshqaruv madaniyati banditlarga xos edi, ya’ni hokimiyati adolat emas, kuchga tayangan edi. Mana nima uchun odamlar qo‘zg‘alishdi va uni quvib solishdi. Vaziyatdan foydalangan Rossiya esa Qrimni anneksiya qildi va Ukraina sharqida «ayirmachilik» harakatlarini tashkillashtirdi.

O‘shanda ukrainlar Yanukovich boshqaruvi chog‘ida ukrain institutlari naqadar layoqatsiz ekanini tushunib yetishdi: armiya Rossiya anneksiyasiga qarshi turib bera olmadi, xavfsizlik xizmati va politsiya esa sharqda ruslarga qarshi kurashishga qodir emasdi.

2014–2016 yillarda Ukrainani himoya qilish uchun qo‘liga qurol olganlar asosan Ukraina jamoachiligi va ko‘ngillilar edi. Aynan ular bugungi kunga kelib Ukraina harbiy rahbariyatining o‘zagini tashkil etmoqda. Bugun Ukraina armiyasi 2013 yildagidan tubdan farq qiladi. U bugun Ukrainani jahonning eng katta armiyalaridan biri – Rossiyadan himoya qilmoqda.

Shunday qilib, 2014 yildan boshlab korrupsiyadan tozalash ishlari boshlandi. Ukrainaliklar korrupsiya davlatni yemirishini va uni to‘xtatish kerakligini tushunib yetishdi.

Ayrim sohalarda sezilarli o‘zgarishlarga erishildi. Markaziy bank isloh qilindi, banklarning yarmi – 100ga yaqini yopildi: ularning ko‘pchiligi shunchaki Markaziy bank orqali qayta moliyalanish vositasida soliq to‘lovchilarning pulini o‘g‘irlash uchun pana joy edi. Bularga nuqta qo‘yildi.

Davlat xaridlari ham isloh qilindi. Jahonda eng ilg‘or, shaffof va samarali deb tan olingan elektron tizim joriy qilindi. Men uni ishlab chiqarishda bir qismi – bankrot bo‘lgan banklar aktivlarini o‘tkazish bo‘yicha auksionda ishtirok etganimdan g‘ururlanaman.

Patrul politsiyasi barchaga qo‘rquv solib turgan qahrli va korrupsiyalashgan idoradan zamonaviy fuqarolik xizmatiga aylandi. Bugungi kunda meni Ukrainadan ko‘ra AQSHda ko‘chada to‘xtatishsa ko‘proq tashvishlanaman.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar tuzilmasi – maxsus sud, tergov byurosi, maxsus prokuror va hisobot agentligi yaratildi. Bularning barchasiga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Yo‘ldan qaytishlar, aralash natijalar va muammolar ham yuz berdi. Lekin tendensiya aniq va rivojlanish barqaror. Faol fuqarolik jamiyati, surishtiruvchi jurnalistlardan iborat yaxshigina tarmoq va qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish madaniyati shakllandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari, fuqarolik jamiyati va surishtiruvchi jurnalistlar vakolati yaxshilanib bormoqda.

Eng quyi darajadagi sudlarning ham. To‘g‘ri, ko‘plab sudlar korrupsiyalashgan. Ammo vaziyat yaxshilanib bormoqda, biz hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak.

Davlat korxonalarida korporativ boshqaruv hanuz muammoligicha qolmoqda – oldinda juda ko‘p ish bor. Oligarxlar hamon ko‘plab monopoliyalarni boshqarishmoqda, shu sababli monopoliyaga qarshi kurashuvchi organni isloh qilish kerak. Siyosiy kampaniyalarga lobbistlik va xayriya qilishni tozalash va tartibga solish kerak.

So‘z erkinligini moliyalashtirish shaffofligi bilan tenglashtiruvchi OAV islohoti ham o‘tkazilishi lozim. Mudofaa xaridlari (qurol-yarog‘lardan tashqari) – yana bir islohtalab soha, so‘nggi korrupsion mojaro ham aynan shu yerda ro‘y berdi.

Xullas, hali ish ko‘p, biroq ancha narsa qilindi va ko‘p narsalarga erishdik. Biz korrupsiya madaniyatiga qarshi kurashib, siyosiy tizimni moliyalashtirish usulini isloh qilishimiz kerak. So‘nggi 8 yil tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, buni ham eplasa bo‘ladi
», – deb yozadi Timofey Milovanov.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo