Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
27 fevral kuni kechqurun Belgorodga uchta, Bryansk oblastining Suraj rayoniga bitta dron qulab tushgan yoki urib tushirilgan. Tunda dron zarbasi natijasida Tuapsedagi neft bazasida portlash sodir bo‘lgan. Adigeyda ham bitta dron yerga qulagan.
28 fevral kuni ertalab esa Moskva oblastining Kolomna rayonidagi gaz kompressor stansiyasi yaqiniga yana bir dron qulagani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.
«Leningrad oblastining havo hududi noma’lum uchuvchi jism tufayli bir muddat yopib qo‘yildi», deb yozadi «Fontanka» nashri o‘z manbalariga tayanib.
Turli manbalarning xabar berishicha, harbiylar «Havo harakatini boshqarishning yagona tizimi»ga Rossiya havo davlat chegarasini kesib o‘tishga urinishni bildiruvchi «Kover» (Gilam) signalini uzatgan. Bunday signal uzatilgandan so‘ng, odatda barcha fuqarolik samolyotlariga hududni darhol tark etish yoki qo‘nish buyuriladi.
Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi «fuqarolik havo harakatini boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha» trening o‘tkazayotganini, qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilganini ma’lum qildi.
Havoda qandaydir obekt bo‘lgani yoki yo‘qligi haqida hech ma’lumot yo‘q.
Kiyev bu voqealarga hech qanday izoh bermadi. Biroq Ukrainada bir yildan ortiqroq vaqtdan beri keng ko‘lamli urush davom etayotgani, bu davrda Rossiyaga qarshi dronlardan allaqachon foydalanilganini inobatga olgan holda, bu zarbalar ortida Ukraina qurolli kuchlari turibdi deyish uchun barcha asoslar bor.
Bundan tashqari, dekabr oyi boshida Saratov va Ryazan oblastlaridagi bir necha aerodromga dronlar tomonidan zarbalar berilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi bu hujumlarda Ukrainani aybladi. Ular ukrainaliklar eski sovet razvedka dronini zarba beruvchi dronga aylantirgani va zarba berishda aynan shu drondan foydalanganini ma’lum qildi.
Ukraina zaxiralarida bunday uzoq nishonlarga qadar uchib bora oluvchi yagona dron mavjud — bu Tu-141 dronidir.
Hozircha qurbonlar haqida hech qanday xabar berilmayapti. Tuapsedagi portlash natijasida bir necha bino vayron bo‘lgan. Bundan tashqari, Belgoroddagi ko‘p qavatli uylar ham shikastlangan. Barcha dronlarda portlovchi moddalar bo‘lgan jangovar kallak bo‘lgani va bu portlovchi qurilmalar ishga tushgani yoki yo‘qligi ham noma’lum.
![](https://storage.kun.uz/source/9/QQ52WYd4RzSk0ouz-3KzyxK_1F1fmgll.jpg)
Foto: Anadolu
Puxta tayyorlangan va muvofiqlashtirilgan ommaviy parvoz
Bu zarbalarda boshqa shunday zarbalardan farq qiluvchi bir qancha o‘ziga xos xususiyatlar bor.
Dronlar birichi marta Moskva oblastiga qadar uchib bordi. Bu shuni anglatadiki, Moskva va undagi hukumat binolari, juda muhim infratuzilmalar, ular atrofidagi aholi turar joylari potensial jihatdan zarba ostida qolishi mumkin.
Moskva oblastiga uchuvchisiz qurilma qulashi, shubhasiz, Moskva shahri va oblasti aholisiga psixologik ta’sir ko‘rsatadi. Kuzatuvchilar qayd etishicha, Rossiya poytaxtida yashovchi insonlar shu paytgacha ulardan yuzlab kilometr uzoqlikda borayotgan urushni deyarli o‘z tanalaridan his qilmagan.
Biroq, yanvar oyi oxirida Moskvadagi bir nechta binolar tomlariga havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘rnatilgandan so‘ng, ko‘pchilik mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda buni xavotir bilan qabul qilganini ta’kidladi. Chunki bunday tizimlar ehtimoliy real xavf mavjudligidan dalolat beradi. Endilikda bunday xavf ehtimollikdan reallikka aylandi — dron Moskva oblastiga qadar uchib keldi.
Ukraina chegarasidan Moskva oblastigacha uchib kelgan dron halokatga uchragan joygacha bo‘lgan masofa 455 kilometrni tashkil qiladi. Tuapsedan Ukrainadagi front chizig‘igacha bo‘lgan masofa taxminan 420 kilometr, Adigeydagi Noviy qishlog‘idan Ukrainagacha bo‘lgan uzoqlik esa 380 kilometrga teng.
Yana bir muhim holat shundaki, bir necha zarba bir vaqtning o‘zida amalga oshirilgan. Havo hujumidan mudofaa tizimi rivojlangan davlat uchun ham bir necha yo‘nalishdagi hujumni qaytarish, bir yo‘nalishdagi zarbani qaytarishdan ancha qiyinroq.
28 fevral kuni ertalab Rossiyaning bir qancha mintaqalaridagi mahalliy radiostansiyalar va telekanallar havo trevogasi haqida xabar berdi. Ularning efirida «raketa zarbasi» haqida e’lonlar yangradi va aholi zudlik bilan maxsus boshpanalarga borishga chaqirildi. Keyinroq Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu hakerlar tomonidan ogohlantirish tizimlari buzib kirilishi natijasi bo‘lganini ma’lum qildi.
Agar bu haqiqat bo‘lsa, unda bunday harakatlar Rossiya hududi zaif himoyalangani faktining psixologik ta’sirini faqatgina oshiradi.
Turlicha qurilmalar
Ushbu hujum keng ko‘lamli va yaxshi muvofiqlashtirilgan bo‘lishidan tashqari, turli qurilmalar yordamida amalga oshirilgandi.
Adigeydagi dron qulagan joydan olingan fotosuratlarga qaraganda, dron turboreaktiv dvigatel bilan jihozlangan. Suratda turbinaning bo‘laklari aniq ko‘rinib turibdi. Tuapse shahridagi nishonga zarba kuzatuv kamerasining obektiviga tushgan. Videodagi kadrlar ketma-ketligi va audio bir-biriga mos kelmasa-da, kamera ovozni ham yozib olgan. Biroq, agar bu asl tovush bo‘lsa, demak, ushbu dron ham reaktiv dvigatel bilan jihozlangan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/pNi4Ff9d09UvKs8ZvcgxD0xf66mKj90k.jpg)
Foto: BORIS KAVASHKIN/TASS
Agar bu zarbalar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, unda bu reaktiv dronlar sovet tipidagi Tu-141 dronidir. Ukraina dekabr oyida uzoq masofadagi strategik aerodromlarga hujumlarda aynan ulardan foydalangan edi.
Moskva oblastidagi dron halokatga uchragan joydan olingan fotosuratlarga qaraganda, bu boshqa qurilma bo‘lgan. Tashqi tomondan u Ukrainaning «Ukrjyet» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan UJ-22 Airborne droniga o‘xshaydi. U o‘rta balandlikda uchuvchi, uzoq parvoz davomiyligiga ega (medium-altitude long-endurance – MALE) dronlar sinfiga kiradi.
Urushda bunday dronlar odatda razvedka, kuzatuv, turli bomba yoki raketa qurollaridan foydalanish uchun ishlatiladi. UJ-22 kichik portlovchi kallaklarni ham tashlashi mumkin.
UJ-22 bunday sinf uchun unchalik katta bo‘lmagan qurilma: dron qanotlari atigi 4,6 metrni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, uning «sinfdoshi» TB-2 Bayraktar’ning qanotlari uzunligi 12 metr.
UJ-22 Airborne xudkush dron sifatida ishlatish uchun mo‘ljallanmagan, ammo uning foydali yukini o‘zgartirish mumkin. Dron 20 kilogrammgacha bo‘lgan yukni havoga ko‘tarishga qodir, ammo uchish masofasini oshirish uchun yukni kamaytirish mumkin. Ushbu dron operator boshqaruvi ostida 100 kilometrgacha, avtonom rejimda esa 800 kilometrgacha ucha oladi.
«Izvestiya» nashriga ko‘ra, Rossiya FXX xodimlari bu drondan C-4 portlovchi moddalarini aniqlashgan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/1eN9iqsJ5rEazPSbqSAABKmRWXKMWxD1.jpg)
Foto: IGOR ONUCHIN/TASS
Belgorod oblastida suratga olingan kadrlarda shakli va tuzilishi bo‘yicha UJ-22 Airborne droniga o‘xshash dron tasvirlangan, biroq uning aniq turini aniqlash qiyin.
Reyd davomida bunday turli dronlardan foydalanilgani ham havo hujumidan mudofaa tizimlarining ishini murakkablashtiradi. Gap shundaki, bu nishonlardan har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Tu-141 — bu radar ekranlarida aniq ko‘rinadigan katta metall obekt. U past balandlikda va juda yuqori tezlikda ucha oladi. Uning radar ekranidagi belgisi reaktiv qiruvchi samolyotniki bilan bir xil.
UJ-22 esa radar ekranida ancha xira ko‘rinadi. Uning konstruksiyasida uglerod tolasidan foydalanilgan va qurilmaning o‘zi past balandlikda juda sekin uchib, yerdagi radarlarga yaxshi ko‘rinmaydi. Rossiya Ukraina hududini Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 dronlari bilan o‘qqa tutishni boshlaganida, Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofaga uchuvchi dronlarning uchirilishini kuzatish muammosiga duch kelgandi.
Tuapsedagi yong‘in haqidagi xabar tungi soat ikkilarda ma’lum bo‘lgan. Adigey rahbarining aytishicha, Noviy qishlog‘i yaqinidagi portlash ham aynan shu vaqtda sodir bo‘lgan. Ikkala holatda ham, katta ehtimol bilan Tu-141 droni ishlatilgan.
Belgorodga dronlar zarbalari berilgani haqidagi xabarlar kechga yaqin paydo bo‘la boshlagan. Bryansk oblastidagi dron qachon urib tushirilgani bo‘yicha hech qanday ma’lumot berilmagan. Moskva va Leningrad oblastlarida sodir bo‘lgan voqealar haqida 28 fevral kuni tongda xabar berilgan.
Bu zarbalarning barchasi «to‘lqin» usulida sodir bo‘lgani ham havo mudofaasi ishini murakkablashtirgan bo‘lishi mumkin. Agar hujumlarda haqiqatan ham Tu-141 va UJ-22 qo‘llangan bo‘lsa, ular radar ekranlarida turlicha ko‘rinadi va ikki xil tezlikda uchadi. Birinchi hujum to‘lqinidan keyin havo mudofaasi ushbu to‘lqindagi dronlarni ushlashga tayyorlanadi. Biroq keyingi hujum to‘lqinida boshqa dronlar keladi va birinchi to‘lqindagi dronni ushlashga tayyorlangan havo hujumidan mudofaa tizimlari yangi dronlarni tutishga qiynaladi.
«Dronlar hujumi» nimaga olib keldi?
Ushbu zarbalardan maqsad noma’lumligicha qoldi. Aftidan, faqat bittagina dron nishonga zarba bera olgan — Tuapsedagi neft saqlash omboriga. Moskva oblastiga yetib kelgan dron esa muhim infratuzilma obekti yaqinida qulagan.
Qolgan dronlar havo hujumidan mudofaa yoki elektron urush tizimlari tomonidan urib tushirilgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra yerga qulagan. Ular yerga qulagan joylar yaqinida hech qanday muhim obektlar bo‘lmagan.
Taxminlarga ko‘ra, dronlar Belgorodda shunchaki navigatsiyadagi xatolar sabab oddiy uylarga urilgan. Moskva oblastida qulagan dron esa yo nishonga aniq yo‘naltirilmagan yoki yonilg‘isi tugab qolgan.
Lekin bu zarbalarda psixologik ta’sir bor. Hujumlar Ukraina Rossiyaning ichki hududlaridagi obektlarni yo‘q qila oladigan qurollarga ega bo‘la olishini va havo hujumidan mudofaa tizimlari har doim ham ularni to‘xtatib qola olmasligini ko‘rsatdi.
Va nihoyat, bunday hujum orqali erishish mumkin bo‘lgan yana bir natija bor — bu reyd davomida havo hujumidan mudofaa tizimlarining qanday ishlashi haqida ham ma’lumotlar olish mumkin edi. Bu, ayniqsa, Tuapse va Adigeydagi nishonlarga hujum qilgan dronlarga taalluqli.
Bu ikki nishon G‘arb razvedka samolyotlari Rossiya bosqini boshlangandan buyon navbatchilik qilayotgan Qora dengiz yaqinida joylashgan. Shuning uchun bunday zarbalarning ikkinchi darajali maqsadi havo hujumidan mudofaa tizimlarini aniqlash, xususan, radarlarning joylashuvini bilish bo‘lishi mumkin.
1 mart kuni RF mudofaa vazirligi Qrimga dronlarning «yoppasiga hujum qilishga urinishi» oldi olingani haqida ma’lum qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrainlarning oltita zarbdor dronini urib tushirgan, yana to‘rt dron radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)