17:06 / 03.03.2023
644

Leonardo da Vinchi musulmonlar uchun qanday ko‘prik qurmoqchi bo‘lgan?

Leonardo da Vinchi musulmonlar uchun qanday ko‘prik qurmoqchi bo‘lgan?

O‘rta asrlarning atoqli olimi Leonardo da Vinchi Oltin shox ko‘rfazi orqali Istanbulni qo‘shni Galata tumani bilan bog‘laydigan ko‘prik me’mori bo‘lishi mumkinligi kimning xayoliga kelibdi, deysiz? Loyiha musulmon hukmdori, Usmoniylar imperiyasining sultoni Boyazid II tomonidan buyurtma qilingan.

Biroq, ko‘prik qurilmay, faqat chizmalarda qolib ketgan. Loyihaning oxirigacha bajarilmaganiga nima sabab bo‘lganini hech kim bilmaydi, tarix esa sukut saqlaydi. Ehtimol, bunga ichki siyosatdagi beqarorlik ta’sir qilgandir yoki boshqa omillar ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan asrning o‘rtalarida Turkiya arxivlaridan 1502 yilga oid qiziqarli xat topilgan bo‘lib, unda Leonardo da Vinchi Usmoniylar sultoni Boyazid II ga uzunligi 280 metr va ostidan yelkanli kemalar o‘tishi uchun yetarlicha baland bo‘lgan ko‘prik qurishni taklif qiladi.

Loyiha inqilobiy tusga ega edi. Chunki ko‘prik o‘sha davrdagi boshqa ko‘priklarga qaraganda 10 baravar uzun bo‘lishi kutilgan. Bunday uzunlik bilan o‘sha paytda ishlatilgan o‘ndan ortiq ko‘prik osti ustunlar kerak bo‘lgan. Biroq, da Vinchi innovatsion g‘oyani taklif qilgan — uning ko‘prigi yaxlit bitta arkadan iborat bo‘lgan.

Shu bilan birga, italiyalik muhandis strukturaning bo‘ron va zilzilalar kabi tabiiy ofatlar ta’siriga chidamli bo‘lishiga kafolat bergan. Buning uchun ko‘prikning ikki chetida maxsus istehkomlar — stabilizatorlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan edi. Ko‘prik loyihasining o‘zi yuqorida tavsiflangan kashfiyotdan ancha oldin — XVIII asrning oxirida, Leonardoning boshqa asarlari ichidan topilgan.

Shunday qilib, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Massachusets texnologiya institutining bir guruh tadqiqotchilari ajoyib me’moriy inshootning mustahkamligini aniqlashga qaror qilishdi.

Na chizmalarda, na xatda ko‘prik qurilishi taklif qilingan materiallar ko‘rsatilmagani bois, zamonamiz olimlari o‘sha paytda mavjud bo‘lgan muhandislik texnologiyalarini tahlil qilishga majbur bo‘lishdi. Xulosa aniq edi: o‘sha paytda yagona mos va mavjud manba - tosh bo‘lgani hisobga olinsa, bunday ko‘prikni faqat mukammal tekislangan tosh bloklardan qurish mumkin edi.

Olimlar Leonardo da Vinchi ko‘prigining chizmalarini o‘rganib, uning modelini 1:500 masshtabda kichraytirilgan variantda qurishdi. Asl nusxada minglab qurilish bloklari kerak bo‘lar edi. Kichikroq nusxa uchun muhandislar 126 ta blokni chop etish uchun 3D printerdan foydalanishdi.

Natija tadqiqotchilarni hayratda qoldirdi. Ma’lum bo‘lishicha, kashfiyotchi hamma narsani aniq hisoblab chiqqanyu. Bo‘ron va zilzilaning eng og‘ir sharoitlariga bardosh bera oladigan o‘ta barqaror konstruksiyani loyihalashtirgan. Model bunday ko‘prik o‘z og‘irligini ushlab turishi mumkinligi va ko‘prikni ushlab turadigan ustunlarga muhtoj emasligini ko‘rsatdi. Bu ixtiro bizning davrimizda ham dunyodagi eng bardoshli ko‘priklardan biri bo‘lishi mumkin edi.

Bugun da Vinchi ko‘prigi qurilishi kerak bo‘lgan joyda, zamonaviy me’morchilik durdonasi — Galata ko‘prigi qad rostlab turibdi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo