21:13 / 12.05.2023
686

Rossiyada yangi fuqarolik urushi xavfi: Urushdan so‘ng bu ssenariy amalga oshishi mumkinmi?

Foto: Kun.uz

Rossiyada hukmdorlarning «g‘olibona kichik urush» yordamida o‘z shaxsiy reytingini ko‘tarishga harakat qilgani doimo fuqarolik urushining bosh katalizatori bo‘lib kelgan.

«Fuqarolik urushini ko‘ngil sezmoqda», — deya kuylagan edi Yuriy Shevchuk 80-yillar oxirlarida. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uning ko‘ngli aldamagan ekan: 1991 yil avgustida bu urushning kichik uchquni Moskvaning qoq o‘rtasida chaqnadi. Ikki yil o‘tgach, 1993 yil oktyabrida fuqarolarning qurolli qarshiligi Rossiya poytaxtida yana takrorlandi — bu safar yirikroq va qonli miyoqsda. Yana bir yildan so‘ng, 1994 yil oxirlarida Birinchi chechen urushi boshlandi va 1996 yilda Xasavyurt bitimi imzolanishi bilan tugadi. Uni ham, 1999–2004 yillarda ro‘y bergan Ikkinchi chechen urushini ham ko‘pchilik, jumladan, ikkinchi urush tashabbuskori, tashkilotchisi va bevosita rahbari Vladimir Putin ham Rossiyada ro‘y bergan fuqarolik urushi deb biladi.

Formal jihatdan shunday ham, chunki Checheniston nominal tarzda hamon Rossiya hududi hisoblanardi, garchi chechenlarning ayrimlari bu urushlarni mustamlakachilikka qarshi kurash deb hisoblasa-da.

Umuman, fuqarolar urushi va inqilob — Putin uchun dahshatli tush. O‘zining 23 yillik hukmronlik davrida u shunday tizim tuzganki, tinch holatda u doim taxt ustida bo‘ladi, taxtdan u faqat aksiltizim xaraketeridagi choralar vositasida mosuvo qilinishi mumkin, deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin.

Muallifga ko‘ra, Putin Rossiyasidagi propaganda, nafaqat kuchishlatar, shuningdek, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy xarakterdagi jamiki xavfsizlik choralari fuqarolik qarama-qarshiligiga kichikroq ishorani ham bartaraf etishga yo‘naltirilgan.

Yaqinda yuz yildan ziyodroq vaqt muqaddam Rossiyada bo‘lib o‘tgan tarixiy Fuqarolik urushi «tugagani» e’lon qilingan allaqanday manifestni ham shunga kiritsa bo‘ladi. Ushbu hujjatni turli siyosiy kuchlar (monarxistlardan torib, anarxistlargacha) imzolagan. Hozircha taxmin qilish mumkinki, u eng yuqori doirada tasdiqlangan — uning Davlat dumasidi imzolanishi ham tasodif emas.

Lekin, fuqarolik urushlari muayyan jamiyatda yig‘ilib qolgan murosasiz qarama-qarshiliklar natijasida, ma’lum bir ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy dastlabki shartlar asosida sodir bo‘ladi. Turgan gapki, fuqarolik urushini hech qanday deklaratsiyalar va manifestlar bilan boshlab ham, tugatib ham bo‘lmaydi. U zarur shart-sharoitlar pishib yetilgan joyda alanga oladi. Fuqarolik qarama-qarshiligi paydo bo‘lishida hokimiyat ham avval boshda qanday maqsadlarni ko‘zlaganidan qat’i nazar, asosiy rollardan birini o‘ynab beradi.

Agar 1905 yilda ro‘y bergan birinchisidan tortib Rossiyada ro‘y bergan jami inqiloblar qarab chiqilsa, fuqarolik urushi boshlanishi uchun katalizator rolini aynan hokimiyat o‘ynab bergan. U «g‘olibona kichik urush» vositasida xalq ommasini iqtisodiy tanglikdan chalg‘itmoqchi bo‘lgan, birvarakayiga o‘z reytingini ko‘tarib olishga uringan.

Bu ma’noda hozirgi Ukraina urushi ham istisno bo‘lmasligi mumkin — u ham osongina fuqarolik urushiga aylanib ketishi hech gap emas.

Yaqinda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Ukraina qurolli kuchlari 1991 yilgi chegaralarga chiqqanidan so‘ng Rossiyada fuqarolik urushi boshlanishi» haqida aytdi. Albatta, Podolyakning, u kabi minglab ukrainaliklarning fikriga ular noxolis ekanini aytib, qo‘shilmaslik mumkin. Bu chindan ham shunday. Ularning qalblari va aqllari butun dunyodagi millionlab vijdonli va fikrlovchi insonlar kabi Putin o‘rdasi Ukrainani qay ahvolga solganidan chilparchin bo‘lib bo‘lgan, shu sababli ular har doim ham Rossiya bilan bog‘liq holatlarga xolis nazar bilan boqa olishmaydi.

Shu sababli, imkon qadar sovuqqonlik bilan Rossiyada chindan ham fuqarolik urushi uchun sharoitlar pishib yetilgani yoki yo‘qligini tahlil qilib ko‘ramiz.

Qayd etib o‘tish kerakki, uning dastlabki yaqqol belgisi — jamiyatdagi chuqur g‘oyaviy bo‘linish. Bugun Rossiyada bunday bo‘linish manaman deb bo‘y ko‘rsatib turibdi. Uni Putinning o‘zi 2014 yilda Ukrainaga hujum boshlab hosil qilgan. Eng yaqin insonlar, tug‘ishgan qarindoshlar o‘rtasida hosil bo‘lgan dahshatli bo‘linish nafaqat Ukrainada (Kreml hukmdori shundan ko‘proq umid qilgan edi), Rossiyada ham yuz berdi.

Tabiiyki, Putin Rossiya aholisining katta qismining postimperiya kayfiyati bilan o‘ynashib, Qrim va Donbassning sharqini egallaganda evaziga unga qaytarilishi lozim bo‘lgan vazifani qo‘ygan: ularni o‘z taxti atrofida jipslashtirish. Bu ma’noda Putin o‘zi sig‘inadigan Nikolay II’dan ko‘p ham farq qilmaydi. Lekin undan farqli o‘laroq, Rossiyaning ayni paytdagi hukmdori xudodan ham ko‘ra o‘z propagandasining cheksiz kuchiga ishonadi. Shuning uchun u Rossiya aholisining nihoyatda kam qismi urushga qarshi chiqishiga ishonchi komil edi va qisman shunday bo‘lib chiqdi ham. Lekin u o‘shanda uzoqni o‘ylab, norozi ozchilik o‘z noroziligini izhor qilishlari uchun klapanlarni ochiq qoldirdi. Ya’ni muxolifatga juda bir kichik maydon qoldirdi, bu maydon Rossiyadagi vaziyat hammasi bir qaraganda ko‘ringanidek butkul yomon emasligi, bu yerda fashizm emas, qandaydir avtoritarizm hukmron ekani haqida tasavvur uyg‘otishi kerak edi.

Biroq, 2022 yilning 24 fevralidan so‘ng bu maydon to‘liq yopib tashlandi, jamoatchilik noroziligini omma oldida namoyish etish uchun har qanday klapanlar ham berkitildi.

Shu kuni Rossiyadagi latent (yashirin) diktatura ochiqchasiga harbiy-politsiya diktaturaga aylandi.

Bu esa o‘z navbatida jamoatchilik noroziligining bug‘i to‘plana borishi, chiqish uchun yo‘l topolmasdan, ertami-kechmi, eng radikal shakllarda tashqariga shiddat bilan otilishini anglatadi.

Yaqinlashib kelayotgan fuqarolik urushining yana bir sharti va ikkinchi belgisi — aholining katta qismi qashshoqlashayotgani, buning oqibatida ijtimoiy bo‘linish chuqurlashib borayotgani.

Uchinchisi — bundan keng miqyosdagi urushga qaramasdan, hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmagan, aksincha, kuchayib borayotgan milliy ziddiyatlar.

To‘rtinchi omil — Putin shaxsan o‘zi bosh bo‘lib olib borayotgan urush. Agressor davlat tomonidan adolatsiz, bosqinchilik, boz ustiga, ko‘plab qurbonlar evaziga muvaffaqiyatsiz urush borilayotgan, imperialistik urushdan fuqarolik urushiga aylanib ketgan bunday holat tarixda avval ham bo‘lgan.

Eng mashhur misollar: 1871 yilgi Parij kommunasi — imperialistik Fransiyaning Prussiya bilan urushda yengilishi; Rossiyadagi 1917 yilgi ikki inqilob — u Chor Rossiyasining Birinchi jahon urushida ketma-ket mag‘lubiyatlari natijasida vujudga kelgandi.

Rossiyada mavjud bo‘lib turgan, fuqarolik urushini yaqinlashtiruvchi beshinchi omil — qo‘liga qurol olgan insonlarning soni ko‘pligi. Rossiyadagi xususiy harbiy kompaniyalarda urushib ko‘rgan o‘n minglab, balkim yuz minglab jangarilar haqida yozmagan odam qolmadi hisob. Hali bu frontda jang qilgan minglab askarlar va ofitserlarni hisobga olmaganda. Bu tezda alanga oluvchi «pasta»ni Putin endi tyubikka qaytarib tiqa olmaydi.

Oltinchi omil — Rossiyada bir-biri bilan ziddiyatga boruvchi oligarxlar klani mavjudligi. Ushbu omilli xaspo‘shlovchi bir qator tahlilchilarning ta’kidlariga ters o‘laroq, aytish mumkinki, toki Putin iqtidorda va taxtda ekan, Rossiya uchun oligarxlarning ta’siri ahamiyatsiz darajada. Chunki aynan diktator ularning erkinligi va aktivlarining butunligi kafolati bo‘lib turibdi. Lekin hokimiyat jilovi uning qo‘lidan ketishi hamono oligarxlar o‘z o‘yinlarini boshlab yuborishadi.

Lekin Rossiyada yangi fuqarolik urushi vujudga kelishi ehtimolini yaqinlashtiruvchi bosh omillar ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashishi, urushdan charchash darajasi ortib borishi va Rossiya jamiyatidagi dahshatli va murosasiz g‘oyaviy bo‘linishdir. Bu bo‘linish bir asr avvalgi davrlardagidan yanada sodda va yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.

Fuqarolar oddiygina savolga javob berishlari kerak: siz vahshiylik va g‘ayriinsoniylik tomondamisiz yoki kishilik jamiyatining insonparvar asoslariga qaytishni istaysizmi?

Midjourney neyrotarmog‘i tomonidan yaratilgan tasvir.

Rossiyaning rasmiy so‘rovnomalariga ko‘ra, ikkinchi variantni tanlagan odamlar mamlakatda «bor-yo‘g‘i» 10 foiz atrofida ekani hech kimni chalg‘itmasligi kerak.

Birinchidan, Rossiya aholisining 10 foizi degani bu taxminan 14,5 million kishini anglatadi va bu oz miqdor emas.

Ikkinchidan, inqiloblarni hech qachon hukumatga yon bosuvchi ko‘pchilik emas, siyosiy faol, taraqqiyparvar ozchilik uyushtirgan.

Uchinchidan, putinparast amorf ommadan farqli o‘laroq, Rossiyadagi hozirgi muxolif fikrlovchi ozchilik ijtimoiy jihatdan faolroq va o‘zining haq ekaniga ishonchi komil. Yuqorida zikr etilgan «agressiv va itoatkor ko‘pchilik» esa odatda juda passiv, qo‘rqoq, o‘z dohiysi uchun hech qanday qurbonliklarga rozi bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, taxt qimirlab qolganda putinparast «ko‘pchilik»ning katta qismi tezgina boshqa tomonga o‘tib oladi, chunki ular doimo kuchlilar tarafda bo‘lgisi keladi. Kuch esa, bilamizki, haqiqat va adolatda. Haqiqat esa hech qachon johillar tarafda bo‘lmaydi. U doim taraqqiyot tomonida bo‘lib kelgan.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo