date
views 615

«Nomussiz siyosat» yoxud yana Turkiyadagi saylovlar haqida

«Nomussiz siyosat» yoxud yana Turkiyadagi saylovlar haqida
Joriy yilning 14 may kuni Turkiyada Prezidentlik va parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur jarayon butun dunyodagi ko‘plab ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Chunki ushbu saylovning Turkiya chegarasidan tashqarida ham ahamiyati katta ekani shubhasiz. Saylov 28 may kungi ikkinchi turga qolganidan xabardorsiz. Biroq saylovoldi targ‘ibot davrida aytilgan bashoratlar, berilgan va’dalar, uyushtirilgan fitnalar... Bularning bari haqida gapirib tugatish qiyin.
 
“Bu mamlakatga nima kamlik qilyapti? Nomussiz siyosat! Biz o‘lkaga nomussiz siyosatni olib kelamiz”.
 
Ushbu jumlalar, qanchalik g‘alati tuyulmasin, JXP raisi, Erdog‘anning asosiy muxolifi, prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘liga tegishli. Bugungi maqolada saylov atrofidagi mulohazalar va JXPchilarning “nomussiz siyosat”i haqida so‘z yuritamiz.
 
Yuzaga chiq(ma)gan bashoratlar...
 
14 maydan oldin bir qator turk muxolifati vakillari saylovlarda Erdog‘an birinchi turdayoq katta farq bilan mag‘lubiyatga uchrashi bashorat qilayotgan edi. Bu tabiiy hol. Chunki muxolifatning ishi shu aslida. Biroq ular o‘z fikrlarini bir qator ijtimoiy so‘rovnomalar bilan dastaklagani ham kuzatildi. Eng qizig‘i bu kabi so‘rovnomalarni bir qator xorijiy nashrlar ham pesh qilib, amaldagi hukumatga xalqning ishonchi qolmagani haqida bong urardi.
 
Yevropadagi kuchlarning g‘ayirligini tushunsa bo‘ladi, chunki Erdog‘an ular uchun noqulay, aniqrog‘i, “gapga kirmaydigan quloqsiz” rahbar. Hatto bir qarashda targ‘ibotlarida bir qancha asoslar ham borday edi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, liraning qadrsizlanishi, ko‘chmas mulkning oshib ketishi, 6 fevralda ro‘y bergan zilzila va bir qator omillar Erdog‘anning siyosiy imidji tushib ketgani haqida tasavvur uyg‘otmoqda edi.
 
Ammo ularning kutgani bo‘lmadi. G‘arb propagandasi ham, Qilichdoro‘g‘lining jimjimador va’dalari ham o‘tmadi, turk xalqi yana bir karra o‘z siyosiy irodasini namoyish etdi, eta oldi. Saylovchilarning deyarli 50 foizi amaldagi prezidentni tanladi. Xullas, bashoratchilarning ishoratlari, nayranglari ish bermadi.
 
Darvoqe, ro‘yobga chiqqan bashoratlar ham bor. Ulardan biri sobiq JXPchi, Mamlakat partiyasi rahbari, prezidentlikka nomzod Muharram Injaning saylovoldi taxminlari.
 
Inja 2018 yili asosiy muxolifat tomonidan prezidentlik saylovida ishtirok etgan va saylovchilarning 30 foizdan ortig‘ining ovozini yig‘ishga erishgandi. Saylovga uch kun qolganda o‘ziga qarshi uyushtirilgan bir qator fitnalar sabab Muharram Inja saylovda ishtirok etishdan bosh tortdi. Uyatsiz videolarga Injaning yuzi montaj qilinib, troll profillardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi. Bundan tashqari go‘yo u amaldagi hukumatdan juda katta miqdorda pora olgani haqida mish-mishlar uyushtirildi.
 
“Men nomzodimni qaytarib olaman. So‘nggi 45 kun davomida o‘zimga nisbatan tarqatilgan ig‘volarga, bo‘htonlarga chidab keldim. Lekin ortiq toqatim toq bo‘ldi. Ertaga saylovda Erdog‘anga yutqazib, o‘z xatolarini tan olmay, barcha aybni meni zimmamga ag‘darib qo‘yishlari muqarrar: “Agar shu bo‘lmaganda saylovchilarning “ovoz”lari bo‘linmasdi” deb”.
 
Xullas, Injaning bashoratlari yuz berdi. Birinchidan, Qilichdoro‘g‘li Erdog‘andan ancha orqada qolib ketdi. Ikkinchidan, muxolifat baribir uni malomat qildi. Erdog‘an esa ertasi kuniyoq unga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘radi va aybdorlar topilishini bildirdi. Darhaqiqat, ko‘p o‘tmay gumonlanuvchilar qo‘lga olindi. Eng yomoni shundaki, Injaga nisbatan uyushtirilgan shantajlarning ortidan JXP vakillari chiqib kelmoqda. Hali bu boradagi tergov yakunlanib, ish sudga oshirilsa, vaziyat yana ham yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
 
Alamzadalarning nafrati
 
Zilzila ro‘y bergan hududlardagi aholining Erdog‘anga ovoz bermasligi juda katta ishonch bilan bashorat qilinayotgan edi. Chunki muxolifat hukumatni zilzilaning oldini olishda yetarli choralarni ko‘rmagani, falokat ro‘y bergach, ofat hududiga qutqaruvchi kuchlar vaqtida yetib bormagani va boshqa vajlar bilan tanqid qilgan hamda o‘sha hududdagi aholi o‘zlarini qo‘llab-quvvatlashiga g‘oyat amin edilar. Kamiga zilziladan zarar ko‘rganlarga botmon botmon va’dalarni ham berishgandi.
 
Lekin muxolifat kutgan holat ro‘y bermadi. Tabiiy ofat yuz bergan 11 viloyatning 9 tasidagi aksariyat saylovchilar amaldagi prezidentga ishonch bildirdi. Birgina kurdlar yashaydigan Diyorbakir viloyatida Qilichdoro‘g‘liga 75 foiz aholi ovoz berdi, xolos. Bunga asosiy sabab uning PKK terror guruhi rahbarlarini qamoqdan chiqarish bo‘yicha va’dalari ekani barchaga ayon. Xatay viloyatida esa “ovoz”lar qariyb teng ikkiga bo‘lindi.
 
Eng yomoni shundan keyin boshlandi. Muxolifat vakillari va ularning tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda jabrdiyda aholini ochiqdan ochiq haqorat qilishga kirishib ketdi. “Senlarga bergan yordamimiz harom bo‘lsin”, kabi qarg‘ishlar zilzila tufayli yaqinlaridan, molu mulkidan judo bo‘lgan insonlarning qalbini qanchalik yaralaganini tasavvur qilish qiyin emas. Qarg‘ashga kirishganlar orasida taniqli qo‘shiqchi va aktyorlar ham borligi odamni ortiqcha ajablantirmaydi.
 
JXP vakili boshqaradigan shaharlarning birida zilzila jabrdiydalari yashaydigan uylar elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilibdi. Buni chindan ham nomussiz siyosat desa yarashaveradi. Demak, insoniylik nuqtai nazaridan emas (Alloh uchun deyish ortiqcha, chunki ularning aksariyati dinga va dindorlarga qarshi odamlar), balki saylovda ovoz yig‘ish uchun yordam ko‘rsatilgan ekanda, a? Yo alhazar...
 
Taniqli tarixchining bashorati
 
“Qarab turing, hali bular dindorlik bo‘yicha musobaqaga kirishib ketadi...”
 
Marhum Qodir Misro‘g‘li Turkiyada mashhur yozuvchi, huquqshunos va tarixchi edi. U 1933 yili Trabzonda tug‘ilib, 2019 yili Istanbulda vafot etgan (Kadir Mısıroğlu deb izlasangiz, internetda judayam ko‘p videolari bor).
 
JXPchilar iqtidorda ekanida dindorlarga qarshi ko‘p zulm o‘tkazgan. Masalan, ro‘mol o‘ragan talaba qizlarni kuch ishlatib universitetlardan haydab chiqargan. Armiyadagi o‘g‘lini ko‘rgani borgan soqolli otani ichkariga qo‘yishmagan. Hatto yaqindayam yarador askarlarni ziyorati uchun harbiy gospitalga borgan (Erdog‘anning ayoli) Aminaxonimni hijobi tufayli kirgani ruxsat berilmagan edi. Qisqasi, ular muttasil dindorlarni kamsitib kelgan.
 
Eng esda qolgan voqealardan biri 1999 yili 2 may kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisida (parlamentida) ro‘y bergan. Deputatlikka saylangan ro‘molli ayol Merva Kavakchini butun boshli parlament a’zolari sharmandalarcha, yuzsizlarcha tashqariga quvib solgan edi.
 
Ana shunday kunlarning birida Qodir Misro‘g‘li ajoyib gap aytadi. “Qarab turing, hali bu JXPlar dindorlik bo‘yicha, taqvodorlik borasida musobaqaga kirishib ketadi. “Ey xaloyiq, menga ovoz beringlar, men ham musulmonman!” deb tomoq yirtadi bular” degandi u suhbatlarining birida. Alloh rahmatiga olsin, Misro‘g‘lining bashorati ro‘yobga chiqdi. Avval dinga qarshiligi bilan tanilgan muxolifat vakillari saylov arafasida ayni shunday yo‘l tutdilar.
 
Masalan, Yaxshilik (IYI) partiyasi rahbari, bir paytlar Najmiddin Erbaqonga uyushtirilgan davlat to‘ntarishining boshida turganlardan biri Meral Akshener xonim besh yoshidan beri namoz o‘qishini aytib hayratga solgan bo‘lsa, Qilichdoro‘g‘li umraga borib hoji bo‘lganini iddao qildi. Vaholanki u avvalroq hijobni “bir metrlik pol artadigan latta” deb haqorat qilgandi. Saylov arafasida esa joynamozni tuflisi bilan bosib rasmga tushgani musulmonlarni qattiq g‘azablantirdi.
 
Qolaversa, ro‘za tutganini da’vo qilib iftorligini namoyish qilar ekan, Qilichdoro‘g‘li va uning ittifoqchilari vaqtidan oldinroq og‘iz ochib yuborib sharmanda bo‘ldi. Ya’ni ular ovqatlanayotgan paytda shom azoni aytilib qoladi.
 
Xullas, nomussiz siyosat haqida gapiraman desa gap ko‘p. Bashoratlar haqida ham. Darvoqe, maqolamizning xulosa qismiga o‘zbekistonlik taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning “bashoratsimon” tahlili bilan nuqta qo‘ysak, yana ham mantiqiyroq bo‘ladi, bizningcha. Chunki uning fikrlariga qo‘shilmay iloj yo‘q.
 
 “Menimcha, ikkinchi turda Erdog‘an hokimiyatda qoladi. Fevralda bo‘lgan “asr zilzilasi”, 2018 yildan beri liraning besh marta qadrsizlanishiga qaramay, saylov poygasiga eng ko‘p ovoz bilan kelgan Erdog‘anga, Sinan Og‘an va uni tarafdorlarini o‘z tomoniga og‘dirish – ish bo‘ptimi? So‘rovnomalarga ko‘ra, Qilichdor o‘g‘li 49%, Erdog‘an akamiz esa 44% ovoz olishi kerak edi. Lekin, natijalar tamoman teskari. Demak, Erdog‘an hokimiyatda qoladi”.
Abdulaziz Muborak,
Azon.uz'ning Turkiyada muxbiri
Manba:  Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Nomussiz siyosat» yoxud yana Turkiyadagi saylovlar haqida