14 may kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan Prezidentlik va parlament saylovlari butun dunyodagi ko‘plab insonlarning e’tibor markazida bo‘ldi. Ayniqsa, Erdog‘anning mag‘lubiyatidan umidvor va manfaatdor bo‘lgan G‘arb mazkur saylovning natijalarini intiqlik bilan kutdi. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Eng katta va asosiy sababi Erdog‘anning qaysarligi, ularning yo‘rig‘iga yurmayotgani, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Saylov arafasida Yevropadagi aksariyat OAV, siyosatchilar, tahlilchilar tinmay Turkiyaning amaldagi prezidenti saylovda mag‘lubiyatga uchrashi haqida bashorat va ishorat qilar, o‘z fikrlarini dastaklash uchun qaysidir kompaniyalar tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalarni keltirardi.
Ammo ularning kutgani sodir bo‘lmadi. 15 may kuni e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, garchi Erdog‘an birinchi turda g‘alaba qozonolmagan bo‘lsa-da, G‘arbning umidini puchga chiqarib, qolgan ikki muxolifatidan ancha ko‘proq ovoz olishga erishgandi.
Shundan so‘ng ko‘pchilik orasida 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tur saylovni birinchi turda 5.17 foiz ovoz olishga erishgan ATA ittifoqi vakili, milliyatchi kayfiyatdagi Sinon Og‘an hal qiladi, ya’ni u o‘z tarafdorlarini Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishga chaqirsa, muxolifat g‘alaba qozonadi, aks holda amaldagi prezident ishlashda davom etadi, degan mulohazalar yangray boshladi.
Ba’zi tahlilchilar esa “Erdog‘an Sinon Og‘anning dastagiga muhtoj emas, chunki Raisning (Erdog‘anni shunday deyishadi) muxolifatlari ikkinchi turda “sandiqqa kelmaydi”, ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Adolat va taraqqiyot partiyasining saylovchilari esa Erdog‘anga sodiq, ular har qanday holatda ham saylovda ishtirok etadi. Chunki muxolifat vakillari o‘z tarafdorlarigi shunday manipulyatsiya etdiki, ular birinchi turdayoq Qilichdoro‘g‘lining katta farq bilan g‘alaba qozonishiga ishonib qolishdi. Saylov natijalariga ko‘ra parlamentda ham Jumhur ittifoqining (Erdog‘an tarafdorlari) yaqqol ustunligini ko‘rgach, 28 maydan butunlay umidlarini uzishdi. Eng asosiysi Raisni yomon ko‘radigan odamlar ham bugungi vaziyatda u bilan yo‘lda davom etish eng mantiqli bo‘lishini tan olishga majbur bo‘lib turibdi”, degan mulohazalarni bildirdi.
Kuni kecha Qilichdoro‘g‘lining Sinon Og‘an bilan uchrashuvi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Og‘an Istanbuldagi Do‘lmabog‘cha saroyida Rajab Toyyib Erdog‘an bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvdan ko‘p o‘tmay u kelayotgan yakshanba kungi saylovda amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va o‘z tarafdorlarini Erdog‘anga ovoz berishga chaqirdi.
Taniqli turk telejurnalisti Fotih Altaylining fikriga ko‘ra, “Sinon Og‘anning Erdog‘anni qo‘llab-quvvatlash qaroriga Ozarbayjonning pozitsiyasi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin”.
Ma’lumki, Sinon Og‘an ozarbayjon millatiga mansub. Saylov arafasida Qilichdoro‘g‘li “Xitoyga yangi temiryo‘l quramiz, deb xarita ko‘rsatgandi. Undagi rejada yo‘l Ozarbayjondan emas, janubdan, turklarning azaliy dushmani sanaladigan Eron orqali o‘tgan edi. Bu turkiyaliklar orasida katta shov-shuvni keltirib chiqardi. Hatto muxolifat tarafdorlari ham Qilichdoro‘g‘lini tanqid qilishga tushib ketdi.
Bundan tashqari JXP raisi o‘rinbosari Erdog‘anning Ozarbayjon bo‘yicha pozitsiyasini tanqid qilib, Qorabog‘ urushidagi qo‘llab-quvvatlov xato bo‘lganini, ozarbayjonlarga yordam bermaslik kerakligini aytib chiqqandi.
Yuqoridagi omillar Sinon Og‘anning qaroriga ta’sir qilgani shubhasiz. Qolaversa, u va uning hamfikrlari Millat ittifoqining (Qilichdoro‘g‘li alyansi) kurd terrorchilari bilan yaqin aloqada bo‘layotganidan bezovta edi.
Do‘lmabog‘chadagi uchrashuv haqida to‘xtalar ekan Erdog‘an: “Janob Og‘an bilan hech qanday savdo-sotiq qilmadik (ya’ni unga biror bir kursi yo boshqa narsa va’da bermadik). Bunday qaror qabul qilgani uchun unga xalq nomidan minnatdorchilik bildiraman va bu xayrli ish ekaniga ishonchim komil”, dedi.
Prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li Sinon Og‘anni “qo‘ldan chiqargach”, ATA ittifoqining boshqa vakili Zafar partiyasi rahbari Umid O‘zdog‘ bilan uchrashdi. Ularning suhbatlari tafsilotlari ochiq e’lon qilinmadi. O‘zdog‘ esa “Atrofimdagilar bilan mashalatlashib, keyin (saylovda kimni qo‘llash haqida) qaror beraman”, dedi.
Sinan Og‘an esa: “Janob Umid O‘zdog‘ bilan qarorimiz bir xil bo‘lishi shart emas. Biz boshqacha o‘ylashimiz mumkin. 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda o‘zim qo‘llab-quvvatlaydigan partiya bilan bog‘liq tamoyillar asosida qaror qabul qilaman. Mamlakatimiz mudofaa sanoatida barqaror o‘sish jarayonini saqlab qolish zarur. Terrorizmning barcha turlariga qarshi barqaror kurash davom etishi kerak. Terrorizmning siyosiy ko‘rinishlari Turkiya siyosatidan yo‘q qilinishi kerak, dedi. Biz XDPni (Turkiyadagi kurdparast partiya) hokimiyatdan chetda qoldirish maqsadimizga erishdik", deya vaziyatni sharhladi.
Kurdlar – Turkiyaning nozik nuqtasi
Turli manbalarda ko‘ra, Turkiyada o‘zini kurd deb ta’riflagan fuqarolar soni 12-15 million atrofida. Bu aholining katta qismi janubi-sharqiy Onado‘li mintaqasida yashaydi. Ya’ni Iroq va Suriya bilan qo‘shni hududlarda. Shuning uchun bir qator “tinchlikparvar” davlatlar va ularning hamtovoqlari “Kurdiston davlatini qurish” g‘oyasi bilan Turkiya, Suriya va Iroqning tinchligiga rahna solib keladi. PKK terror guruhi ayni shu maqsadni ilgari surib, Turkiya hududida bir qancha qonli harakatlarni amalga oshirgan. Ularning moddiy va ma’naviy homiylari tinmay tegirmoniga suv quyib keladi.
Turkiyada kurdlarning ikki mashhur partiyasi bor: XDP va HÜDA PAR. XDPchilar PKK terror guruhlari bilan yaqin aloqada ekani gumon qilanadi va shuning uchun turklar tomonidan sevilmaydi. Axir PKKning manfur amaliyotlari sabab bir qancha turk askar va polislari hayotdan ko‘z yumganda. HÜDA PAR esa bu borada shubhalardan holi. Kamol Qilichdoro‘g‘lining kurdlarning dastaklashlaridan umidvor bo‘lib XDP bilan ittifoq tuzishi o‘zining zarariga ishladi. Chunki muxolifat tarafdorlari uni terrorchilar bilan aloqaga kirishganlikda ayblab, hafsalalari pir bo‘ldi.
Erdog‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi esa HÜDA PAR bilan kelishdi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu: “Turkiya hukumati tomonidan tashlangan eng muhim qadamlardan biri HÜDA PAR (Adolat va taraqqiyot partiyasining kurd islomiy partiyasi bilan ittifoq)ning qadamidir. HÜDA PAR kimning yo‘lini to‘sib qo‘yganiga va konservatizmning Sharq va Janubi-Sharqiy (Turkiya)da qanday o‘rnashib olganiga guvoh bo‘ldingiz”, dedi.
PKK hamkori, YPG terror tashkiloti matbuot kotibi Nuri Mahmud saylovlar haqida fikr bildirar ekan, Qilichdoro‘g‘lini dastaklashlarini yashirib o‘tirmadi:
"Bizga qarshi doimo urush siyosatini olib borgan Erdog‘an Turkiyadagi saylovlarda yaxshi natijaga erisha olmadi. Turkiyadagi kurdlarning saylov natijalarini belgilab beradigan muhim strategiyasi bor. Saylovlar – bizning imkoniyatimiz”, dedi u.
PKK terror tashkiloti yetakchilaridan biri Solih Muslim:
“2016 yildan beri biz turk armiyasining jang maydonida, Afrinda, hamma joyda nima qilayotganini kuzatmoqdamiz. Endi bu sandiqda imkoniyat bor (saylovlarda byulletan soladigan qutini turklar sandiq deydi). Agar biz uni saylov uchastkalarida (Erdog‘an) mag‘lub eta olsak, barcha yo‘qotishlar uchun qasos olgan bo‘lamiz" dedi.
Mazkur fikrlar ham Erdog‘anning foydasiga ishlashi tabiiy.
Muxolifat vakillari birinchi turda kutilgan natijaga erisha olmaganidan so‘ng, ruhsiz holda 28 mayga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Endi ular oxirgi yillarda Turkiyadagi barcha qiyinchiliklarga sababchi deb iddao qilinayotgan suriyalik muxojirlarni ketkazishga va’da berish orqali saylovchilarning ishonchini qozonish umidida. Mamlakat bo‘ylab turk muxolifatining “Suriyaliklar ke-ta-di!” degan yangi shiori yozilgan bilbordlar o‘rnatilmoqda.
Birinchi turda o‘zining kampaniyasi yomon ishlashidan hayratga tushgan muxolifat burilish yasamoqchi. Bunga erishish uchun Qilichdoro‘g‘li birinchi turda o‘z kampaniyasini olib borgan firma bilan shartnomani yangilamadi va Istanbul hokimi Akrom Imomo‘g‘li yo‘l xaritasini shakllantirish uchun yangi odamlarni olib keldi.
Muxolifat rasmiylari birinchi turda o‘ta millatchi nomzod Sinan O‘g‘anning yetishmayotgan 5% ovozini olish uchun burilishni amalga oshirayotganliklarini tan olishdi, ya’ni endi XDP dan uzoqda turishadi.
Muxolifat rasmiylari 14 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarga ikki guruh saylovchilar kelmaganiga ishonmoqda: yoshlar va kurdlar.
Yosh saylovchilardan tashqari, asosan kurdlar istiqomat qiladigan viloyatlarda ham muxolifat foydalanishni rejalashtirgan avvalgi saylovlarga nisbatan saylovchilarning faolligi sezilarli darajada pasaygan.
“Bizning fikrimizcha, qotib qolgan kurd millatchilari ovoz bermagan, ular saylovlarni boykot qilgan. Agar ular kelganida, bu juda katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin edi», - dedi ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida Qilichdoro‘g‘li.
Muxolifat partiyalari parchalanmoqdami?
Hamma Og‘anning bayonotini muhokama qilayotgan bir paytda Qilichdoro‘g‘lining ittifoqchisi Ahmad Dovudo‘g‘lining “Kelajak” partiyasida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda: partiyaning 11 nafar yuqori martabali mulozimlari, jumladan, partiya asoschilari ham iste’foga chiqdi va muxolifat ittifoqiga tishlagan murojaat yozdi.
“Bizning qarindosh-urug‘chilik va korruptsiyaga chek qo‘yib, boshqaruv adolat asosida shakllantirilishiga ishonchimiz barchamizni “Kelajak” partiyasi ostida birlashtirgandi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan hafsalamiz qattiq pir bo‘ldi. Biz qochqinlarga qarshi kayfiyatda parazitlik va inson qadr-qimmatini poymol qilayotganlarga, yurtimizdan boshpana topgan qochqinlarni haqorat qilishga qarshimiz. Biz natsistlar singari qochqinlarni yuk mashinalariga ortib, deportatsiya qilishga va’da beradigan, o‘ta marginal dunyoviylarga murojaat qilayotganlarga qarshimiz. Biz prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida bizga bahorni va’da qilganlar tomonida bo‘lmaymiz, balki ikkinchi turni qattiq qishga aylantiramiz”, — deyiladi 11 nafar yuqori martabali partiya rasmiylari murojaatida.
(Ahmad Dovudo‘g‘li Erdog‘anning sobiq hamkori, sobiq bosh vazir va sobiq tashqi ishlar vaziri bo‘lib, 2019 yilda o‘zining “Kelajak” muxolifat partiyasini asos solgan. U haqda batafsil bilish uchun Javobga muhtoj savollar yoxud xalifaning vaziri haqida maqolasini o‘qing!).
Shunga o‘xshash iste’folar boshqa muxolifat ittifoqchisi Ali Bobojonning DEVA partiyasida ham bo‘ldi.
Xullas, ikkinchi tur saylovlari muhim bo‘lsa-da, lekin unchalik qiziqarli bo‘lmaydi shekilli. Buni 14 maydagi saylovlar oldidan Erdog‘anning ketishiga oid bashoratlari bilan kimo‘zar o‘ynagan va hatto Turkiya prezidentini karikaturalar orqali haqorat qilishdan to‘xtamagan G‘arb OAVlari ham tan olib turibdi. Bizningcha, ularning yozganlaridan keltiradigan iqtiboslarimiz bugungi maqolamizga xulosa bo‘lib xizmat qiladi.
Turkiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi haqida turli G‘arb OAVlari shunday yozmoqda:
Britaniyaning Financial Times:
"Prezidentlik saylovlarida ikkinchi turning favoriti Erdog‘an. G‘arb davlatlari Rajab Toyyib Erdog‘anning yana 5 yillik boshqaruviga tayyorgarlik ko‘rmoqda".
Fransiyaning Le Monde gazetasi:
“XDP Qilichdoro‘g‘lining qo‘llab-quvvatlagani uchun millatchi saylovchilar undan uzoqlashdi. Erdog‘an jamiyatda ishonchni qanday singdirishni biladi. U olgan qo‘llab-quvvatlash ortida barqarorlik istagi bor”.
Fransiya AFP agentligi:
Prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida Erdog‘anning g‘alaba qozonish ehtimoli 80 foiz. Millatlar ittifoqi prezidentligiga nomzod Kamol Kilichdarogʻluning o‘ngga keskin burilishi qimmatga tushishi mumkin.
Belgiyaning Modern Diplomacy:
“Erdog‘anning siyosati va rahbariyati haqida ko‘proq ma’lumot olish kerak va bu G‘arb yangiliklari bilan cheklanib qolmasligi kerak. G‘arb matbuoti Erdog‘anga nisbatan noxolis siyosat olib bormoqda”.
Amerika Foreign Policy:
“AQSh kelasi 5 yil davomida prezident Erdog‘an hokimiyatda bo‘ladigan Turkiyaga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. AQSh Turkiya bilan do‘stlikka muhtoj. AQSh Turkiyaning mustaqil pozitsiyasini qabul qilishga majbur”.
American Politico:
“28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi turda Erdog‘an g‘alaba qozonadiganga o‘xshaydi”.
Britaniya BBC:
“Turk saylovchilar bir hafta ichida prezidentni saylash uchun saylovga borganda, natijalari butun dunyoga ta’sir qiladi”.
Britaniyaning Sunday Times gazetasi:
“Kamol Qilichdoro‘g‘li ikkinchi turda Turkiyaning bir qarorga kelmagan saylovchilarni ishontirish uchun "shirin bobo" obrazini yo‘qotdi. Hozir Qilichdoro‘g‘lini ko‘rganlar, u shaxsi o‘zgargan deb o‘ylashlari mumkin”.
Britaniyaning Financial Times gazetasi:
“Prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida saylovchilarning sevimlisi Rajab Toyyib Erdog‘an. O‘tgan hafta ko‘plab sharhlovchilar boshqacha fikr bildirishayotgandi”.
Isroilning İsrael Hayom gazetasi:
“Ma’lum bo‘lishicha, Erdog‘an davrining yaqin orada tugashi haqidagi xabarlar juda bo‘rttirilgan. O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan saylovlarda Turkiya prezidentining mag‘lubiyatidan umidvor bo‘lganlarning umidlari puchga chiqdi...”
Abdulaziz Muborak
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!