date
views 1 102

Moskvada nimalar bo‘ldi: To‘qaevning “ur to‘qmog‘i”, Pashinyan haliyam norozi...

Moskvada nimalar bo‘ldi: To‘qaevning “ur to‘qmog‘i”, Pashinyan haliyam norozi...

Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy va Rossiya orasida “talosh”ga o‘xshaydi. Kuni kecha Moskvada “chaqirilgan” YeOII tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining yig‘ilishidan keyin bu taxminlar yana bir karra tasdiqlanganday. Chunki bir haftacha oldin Xitoy beshta respublika prezidentlarini chaqirib, kutilmaganda “1+5” formatida yangi tuzilma taklif qildi. Moskvaning esa buni hazm qilishi qiyin edi, albatta. Shuning uchun ham YeOII majlisini zudlik bilan o‘tkazishga qaror qildi.

Ammo, bizningcha, bu safar hammasi Rossiya istagandek bo‘lmadi. Birinchidan, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari yig‘ilishga bormadi. Ikkinchidan, Qozog‘iston prezidenti YeOIIning istiqbolini so‘roq ostiga oldi. Keyinroq bunga Moskva tomoni ham, rasmiy Ostona ham izoh berdi.

Eng xursand bo‘ladigan jihati, ushbu yig‘ilish bahona Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari uchrashib, tinchlik yo‘lida navbatdagi qadamlarini tashladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Avvalroq Armaniston bosh vaziri Pashinyan KXShT va YeOII dan chiqib ketish haqida so‘z ochgandi. Chunki Qorabog‘ masalasida Moskva tomondan yetarli dastak kelmagani, qolaversa, Ukrainaga ochilgan urush sabab Rossiyaning iqtisodiy ahvoli yomonlashmoqda.

Qozonga yaqin yursang, qarosi yuqadi, degan naql armanlarda ham bormi, yo‘qmi, bilmaydigu, ammo Yerevan qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Ozarbayjon va u orqali Turkiya, shuningdek, Yevropa bilan aloqalarini kuchaytirmoqchi. Agar Qorabog‘ atrofidagi muammolar tinchib qolsa, armanlarning muammolari deyarli qolmaydi. Demak, ular ruslarning “og‘a”chiligidan bemalol xalos bo‘lib, erkinroq nafas olishlari mumkin bo‘ladi.

O‘tgan yil noyabr oyida Pashinyan KXShT xavfsizlik kengashining qo‘shma deklaratsiyasini ham imzolashdan bosh tortgan edi. Bu tashkilot tomonidan Ozarbayjonning Armaniston suverenitetiga qarshi “tajovuz”iga siyosiy baho berilmagani bilan bog‘liq.  Shu yil yanvar oyida Armaniston o‘z hududida KXShTning “Buzilmas birodarlik-2023” o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi va ularni nomaqbul deb hisobladi.

May oyida Pashinyan respublika KXShTni butunlay tark etishi mumkinligini inkor etmadi:

“Agar Armaniston de-yure KXShTdan chiqishga qaror qilsa, bu KXShT armiyasi Armanistonni tark etganidan keyin sodir bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Pashinyan.

Darvoqe, ushbu uchrashuv arafasida Yerevan Qorabog‘ni Ozarbayjonga tegishli ekanini tan oldi. Shu bilan birga ular mazkur mintaqadagi arman millatiga mansub aholining haq-huquqlari paymol bo‘lmasligini talab qilyapti. Ilhom Aliev esa bu borada bir qancha bayonotlar berib, Qorabog‘dagi armanlar ham Ozarbayjonning barcha aholisi bilan teng huquqli ekanini ta’kidlab kelmoqda.

“Kommersant” xabariga ko‘ra, 25 may kungi uchrashuvda tomonlar ikkita hujjat: transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish to‘g‘risida va uch davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotini tayyorlayotgan edi, biroq kun oxirida hatto qo‘shma bayonot ham qabul qilinmadi.

Xabarda aytilishicha, Nikol Pashinyan va Ilhom Aliev o‘rtasida “Zangezur yo‘lagi” atamasi yuzasidan tortishib qolgan. Armaniston Bosh vaziri so‘nggi yillarda "Zangezur yo‘lagi" iborasi Armanistonga qarshi hududiy da’volarni ifodalash uchun ishlatilganini aytdi. Bunga javoban Ozarbayjon prezidenti Aliev o‘z so‘zlarida hududiy da’vo yo‘qligini va u ishlatgan atama xalqaro amaliyotda qabul qilinganini aytdi.

Bu orada Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ishonch bilan ta’kidladiki, “Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanadi”.

Bu yaxshi xabar. Rossiyadan ko‘ra ko‘proq Turkiya yarashtirishga usta, niyat xolis bo‘lsa, albatta bajo bo‘ladi, deb bejiz aytilmagan. Zero, ushbu sulhdan hammadan ko‘p Turkiya manfaatdor. Sababi, Zangezur yo‘lagi orqali turklar Markaziy Osiyo va Kavkazdagi turkiy qardoshlari bilan quruqlikdagi aloqalarini tiklab oladi. Qolaversa, Qorabog‘ janubidagi Eron bilan doimiy “jiqqa musht” holda ekan, shu atrofdagi yana bir dushmanning keragi yo‘q turklarga.

Kecha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Alievga maktub yo‘lladi:

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgan ushbu og‘ir davrda Ozarbayjonning mamlakatimizning hududiy yaxlitligi va suverenitetini xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Shuningdek, Ukrainaning Ozarbayjon hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zgarmas pozitsiyasini yana bir bor ta’kidlamoqchiman”, degan Ukraina rahbari.

To‘qaevning “ur to‘qmog‘i”

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaev Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisida shunday gaplarni gapirdiki, Putinning yuzlari qizarib ketdi. Chunki uning gapi zamirida chuqur ma’no mujassam edi. U Rossiya-Belorusiya ittifoqi haqida kutilmagan fikr bildirar ekan, aslida KXShT, YeOII kabi tuzilmalardan chiqib ketish uchun ishora qilgan edi. Zero, o‘tgan yilgi “Yanvar voqealari”dan keyin To‘qaev siyosatida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. U printsipial xarakterga ekanini yana bir karra isbotlab qo‘ydi.

«Jahon siyosiy tarixida noyob pretsedent yoki fenomen - yagona siyosiy, huquqiy, harbiy, iqtisodiy, valyuta, madaniy, gumanitar makoni bilan «ikki davlat – bir mamlakat» formulasi bo‘yicha davlatni yaratish hodisasi. Yagona ittifoq hukumati, yagona ittifoq parlamenti va meni kechirib qo‘yasiz, hatto yadro quroli ham hozir ikkita davlatga bitta.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston bilan integratsiyaning boshqa darajasi ham mavjud va biz bu reallik bilan hisoblashishimiz kerak: bunday sharoitda qanday ishlaymiz? Bu kontseptual masala. O‘ylaymanki, biz ushbu iqtisodiy forumda mazkur muammoni muhokama qilishimiz kerak», — dedi To‘qaev.

Ayni paytda, Tokaevning ittifoq davlati haqidagi nutqi davomida Putin va Lukashenko qisqacha nimadir haqida gaplashib, qo‘l siqishdi.

“Ittifoq davlati” 1999 yil 8 dekabrda tashkil etilgan millatlararo birlikdir. U faqat Rossiya va Belorussiyani o‘z ichiga oladi, shuningdek, boshqa mamlakatlarning ham qo‘shilishiga ruxsat berilgan (janoblar, "xitirlik" yo‘li bilan sssrni tiklab olmoqchimisizlar?! Yo‘o‘o‘, bunaqasi ketmaydi, dedi To‘qaev bizningcha).

Keyinroq Moskva Putinning matbuot kotibi orqali vaziyatni yumshatishga urinib ko‘rdi. Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya va Belarus ittifoq davlati YeOIIga qaraganda integratsiyaning ilg‘or shakli hisoblanadi. Kreml vakilining ta’kidlashicha, YeOII doirasida Ittifoq davlatining mavjudligi hisobga olinishi kerak bo‘lgan noyob global vaziyatdir.

Ammo rasmiy Ostona ham jim turgani yo‘q. Prezidentning matbuot kotibi Ruslan Jeldibay ijtimoiy tarmoqlarda “Qozog‘iston hech qanday ittifoq davlatlarini yaratmoqchi yoki unga qo‘shilmasligini” ma’lum qildi.

Jeldibay ta’kidlaganidek, Toqaevning asosiy niyati shundaki, YeOII doirasida integratsiya “faqat iqtisodiy yo‘lda” amalga oshirilishi kerak.

Uchrashuvga bormagan O‘zbekiston prezidentining fikrlari ham juda umumiy bo‘lgani ham e’tiborga molik.

Xitoy Rossiyani Markaziy Osiyodan xavotirlanmaslikka ishontirmoqda

"19 may kuni “Markaziy Osiyo+Xitoy” birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan va Xitoy mintaqada faollashganidan keyin Rossiya rahbariyati Moskvaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini susaytirishidan xavotirda. Xitoy tomoni Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari haqida faqat “Rossiya nomidan qayg‘urishiga ishontirmoqda”, deb yozadi Xitoyning Asia Times nashri.

17 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Zaxarova "Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan aloqalari uzilsa, uning o‘rnini “na G‘arb, na boshqa hech kim” (aniq Xitoyni nazarda tutib) to‘ldira oladi, bu "yo‘qotish"ni qoplashga boshqalar qodir emas"ligini yaxshi bilishini aytgandi.

Moskva Pekinning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashayotganidan mamnun emas, lekin shikoyat ham qila olmaydi, chunki Xitoyning iqtisodiy yordami juda zarur, deya qayd etadi Asia Times.

Menimcha, maqola boshida keltirgan fikrimiz bejiz emasligini yuqoridagi izohlardan anglash qiyin emas: Markaziy Osiyoga qiziqish borgan sari xavotirli tus olayotganday...

P.S.: Maqolaga shu yerda nuqta qo‘ysak ham bo‘ladi, ammo Rossiya haqidagi bitta yaxshi va bitta yomon qisqa xabarni ilova qilib ketmasak, bo‘lmaydi.

Birinchisi, Putin Braziliya rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiya Ukraina masalasida diplomatik yechim topishga tayyorligini aytdi, deya xabar beradi Kreml matbuot xizmati. Bu baribir yaxshi xabar.

Ikkinchisi esa, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi don bitimini buzish bilan tahdid qildi.

"Agar Rosselxozbank SWIFT tizimiga ulanmagan bo‘lsa va bizning qishloq xo‘jaligi eksportini to‘sib qo‘yadigan boshqa "tizimli" muammolarni hal qilishda hech qanday muvaffaqiyat bo‘lmasa, "Qora dengiz tashabbusi" ham alternativalarni izlashga majbur bo‘ladi", deyiladi TIV bayonotda.

Xullas, shunaqa gaplar... Ishqilib hammasi yaxshilikka bo‘lsin...

 Abdulaziz Muborak

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskvada nimalar bo‘ldi: To‘qaevning “ur to‘qmog‘i”, Pashinyan haliyam norozi...