10:28 / 12.07.2023
240

NATOning Litvadagi tarixiy sammiti: birinchi kunning asosiy voqealari

NATOning Litvadagi tarixiy sammiti: birinchi kunning asosiy voqealari

Turkiya va Shvetsiya yetakchilari NATO bosh kotibi bilan Vilnyus sammitida. Foto: NATO sayti.

Kecha Litva poytaxti Vilnyus shahrida NATOning ikki kunlik sammiti boshlandi. U tarixiy deb atalmoqda. Birinchi kunning o‘zidayoq Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotgan veto olib tashlandi. Bugun Ukrainaning NATOga kirishi uchun reja taqdim etilishi kutilmoqda.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan uchrashuvda Turkiya hokimiyati Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ortiq to‘sqinlik qilmasligin⁠i e’lon qildi.

Erdo‘g‘an Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zoligini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi bayonnomani parlamentga uzatishga rozi bo‘ldi. Garchi u ilgariroq Yevropa Ittifoqi Turkiyani YEIga a’zo bo‘lishini ma’qullasagina bu ishga qo‘l urishini aytgan edi. Turkiya parlamenti kelgusi hafta oxirigacha Shvetsiyaning NATO a’zosiga aylanishini ratifikatsiya qilishi mumkin. Turkiya ortidan Vengriya ham Shvetsiyaning a’zoligini ma’qullashini e’lon qildi.

Turkiyaning 180 gradusga o‘zgarishi NATOning muhim sammitigacha ko‘p oylik og‘ir muzokaralar natijasi, «unda alyans yetakchilari, jumladan AQSH prezidenti Jo Bayden bir front bo‘lib turib, Vladimir Putinga uning Ukrainadagi urushi alyansni faqat kuchaytirganini ko‘rsatib qo‘yishdi», deb yozadi Bloomberg nashri.

Bu asnoda Turkiya o‘zi uchun qanday shartlarni undirib olgani hozircha noma’lum. Avvalroq Shvetsiya Turkiyaning YEI a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan edi. Anadolu nashri Turkiya hukumatidagi oliy martabali mansabdorga tayanib yozishicha, YEIga a’zolikni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, Turkiya iqtisodiyotiga joriy etilgan sanksiyalar bekor qilinadi, turklar uchun vizalar erkinlashtiriladi.

Shvetsiya masalasi muvaffaqiyatli hal etilgach, sammitning asosiy diqqat-e’tibori Ukrainaga qaratiladi.

Stoltenberg allaqachon 12 iyul kuni Vilnyusda Ukraina-NATO inauguratsion sammiti bo‘lib o‘tishini ta’kidladi. Unda Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishi bo‘yicha reja taqdim etiladi. Stoltenberg Ukraina uchun NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasini bekor qilishni, bu yo‘l bilan qo‘shilish jarayonini qisqartirishni taklif qilmoqda. NATO bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, u ittifoqchilardan Ukraina bo‘yicha kuchli va ijobiy ishora kutmoqda. U boshqa detallarni ochiqlamadi va Vilnyus sammiti kommyunikesini kutishni taklif qildi.

Vilnyusda AQSH prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Zelenskiy bugun Litvaga uchib boradi.

Ekspertlar Zelenskiy sammitdan nimalar olib ketishi haqida turlicha fikrlarni bildirishmoqda: eng kamida bu yangi harbiy yordam paketlari va allaqachon tuzilishi e’lon qilingan NATO–Ukraina kengashi bo‘ladi, ko‘pi bilan esa Isroil modeli bo‘yicha ikki tomonlama xavfsizlik kafolati bo‘ladi (gap doimiy harbiy yordam kafolatlari, jumladan, harbiylarni tayyorlash va qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida ketmoqda).

G‘arb OAVlarining ma’lumotlariga ko‘ra, NATO hozir yakuniy kommyunikeda tushunarli tarzda ifodalanadigan zaruriy shartlarni ma’qullab chiqish bilan band. Undagi opsiyalardan biri istiqbolda Ukrainaning NATOga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasisiz qabul qilinishini nazarda tutadi. Bu mexanizm a’zolikka eng tayyor davlatlar — Finlandiya va Shvetsiya misolida qo‘llab ko‘rildi.

«Men uch elementdan iborat va amaliy qo‘llovlarga ega, Ukraina harbiy kuchlarining NATO kuchlari bilan to‘liq operativ hamohangligini ta’minlash bo‘yicha ko‘pyillik dasturga ega uchta paket taklif qildim. Bu Ukrainani NATOga yaqinlashtiradi. So‘ngra biz Ukraina uchun a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini bekor qilamiz. Bu jarayonni ikki bosqichlidan bir bosqichliga aylantiradi», — deya ta’kidlagan NATO bosh kotibi Stoltenberg.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak sammitning asosiy maqsadi Ukrainani a’zo qilish emas, Ukrainaning NATOga azo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini mustahkamlash, «bu yo‘ldagi harakatni namoyish etish» ekanligini ta’kidladi.

Volodimir Zelenskiy Vilnyus tomon yo‘l olar ekan, ancha qat’iy bayonot bilan chiqish qildi. U NATO davlatlarini Ukrainani alyansga taklif etish bo‘yicha noaniq pozitsiyasi uchun tanqid ostiga oldi.

«Biz Ukrainasiz shakldagi muhokamalar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ishoralar olmoqdamiz. Ta’kidlayman: bu shakldagi ishlar Ukrainaning a’zoligi emas, uni taklif qilish bo‘yicha bo‘lmoqda. Ukrainani taklif qilish bo‘yicha ham, a’zo qilish bo‘yicha ham vaqt chegaralari yo‘qligi misli ko‘rilmagan va absurddir; boz ustiga, a’zolik u yoqda tursin, shunchaki taklif qilish uchun ham qandaydir «shartlar» haqidagi g‘alati shamoyillar ham qo‘shilmoqda.

Aftidan, Ukrainani NATOga na taklif qilish, na a’zo qilish bo‘yicha tayyorgarlik borga o‘xshayapti. Ukrainani NATOga a’zo qilish masalasi Rossiya bilan muzokaralarda savdolashish imkoniyati bo‘lib qolmoqda. Rossiyaga bu o‘z terrorini yanada davom ettirishga chog‘lanish berishini anglatadi. Noaniqlik — bu ojizlik. Men bu masalani sammitda ochiqcha bildiraman», — degan Zelenskiy.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosda uyushtirgan bosqini tufayli Shimoliy Atlantika alyansi o‘zining mudofaa konsepsiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.

Kecha NATO davlatlari Rossiyaning hujumi ro‘y bergan taqdirda mintaqaviy mudofaa rejasini ma’qullab olishgani ma’lum bo‘ldi. Endi bu rejalar sammitda tasdiqlanishi kerak, deb yozadi Reuters. Rejada quruqlikda qo‘shinlarning tezda kengaytirish usullari; dengiz, havo, kibermakon va kosmosdan turib uyushtiriladigan ehtimolli hujumlardan himoyalanish usullari batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Alyans a’zolariga o‘z qo‘shinlarini modernizatsiya qilish va logistikani yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi. NATO davlatlari, shuningdek, mudofaa uchun xarajatlarni oshirishadi — alyans talabiga ko‘ra u eng kamida YAIMning 2 foizini tashkil etishi kerak bo‘ladi.

The New York Times nashrining yozishicha, NATO davlatlari Vladimir Putin rejimining tahdidlariga javob sifatida Rossiya chegaralari yaqinida o‘z qo‘shinlari sonini to‘rt barobarga oshirishadi. «Sharqiy qanot»dagi sakkiz davlatda qo‘shinlar soni 40 mingga yetkaziladi.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda o‘z navbatida NATOni Rossiya chegaralari yaqinida doimiy harbiy bazalar o‘rnatishga . Hozir doimiy bazalar o‘rnatishni NATO va Rossiya o‘rtasida 1997 yilda imzolangan munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma taqiqlab turibdi. Nausedaning fikricha, Rossiya Belarusga taktik yadroviy qurol joylashtirish bo‘yicha faol qadamlar bosayotgan ekan, bu kelishuv allaqachon «o‘lgan».

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sammitning birinchi kunida Fransiya Ukrainaga uzoq masofadagi nishonni ura oluvchi Scalp raketalari yetkazilishini ta’kidladi. Bu Britaniya tomonidan may oyidan boshlab Ukrainaga yetkazilayotgan Storm Shadow raketalarining fransuzcha varianti. Storm Shadow'ning uchish masofasi eng kamida 250 km.ni tashkil etadi va u Kiyevga urush boshlanganidan buyon berilgan uzoqni ura oluvchi birinchi raketadir.

Germaniya Ukrainaga 700 mln yevrolik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Unga 25 ta «Leopard-1» tanklari, 40 ta Marder zirhli transportyorlari va ikkita Patriot uchirish qurilmalari kiradi.

Sammit maydonlarida Chexiya prezidenti Petr Pavel Ukraina frontda muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyatlar darchasi «yil oxiriga borib u yoki bu darajada yopilishi»ni aytdi.

«Yil so‘ngiga qadar erishilgan barcha narsa muzokaralar o‘tkazish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi», — deya Petr Pavelning so‘zlarini keltirmoqda The New York Times.

Chexiya prezidenti kelgusi yilda AQSH va bir qator g‘arb davlatlarida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishini eslatdi. 2024 yilda «biz shuningdek Ukrainani ko‘p miqdordagi qurol-yarog‘lar bilan ommaviy qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayishini ham kuzatamiz», deya qo‘shimcha qilgan u. Uning so‘zlari sammitdagi boshqa yetakchilarning Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash qancha kerak bo‘lsa shuncha davom etishi haqidagi bayonotlariga ters kelmoqda.

The Guardian nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Volodimir Zelenskiy NATO davlatlarini Litvadagi sammit yakunlari bo‘yicha chiqariladigan bayonotni qaytadan yozishga ko‘ndirishga urinib ko‘radi.

«NATOdagi manbalarning ma’lum qilishicha, Ukraina yetakchisi chorshanba kuni yakunlanadigan sammitning so‘nggi daqiqalarida yakuniy deklaratsiya yoki kommyunikeni qaytadan yozishga ko‘ndirish uchun qat’iy diplomatiyadan foydalanishga qaror qilgan», — deyiladi nashr ma’lumotida.

OAV va Kiyevning ma’lumotlariga ko‘ra yakuniy bayonotning dastlabki variantida Ukrainani NATOga taklif qilish bo‘yicha ham, alyansga a’zo bo‘lish muddatlari haqida ham hech narsa yozilmagan. Bu hol Zelenskiyni qattiq g‘azablantirgan.

Politico nashri NATOning rejalashtirilayotgan bayonotidan nihoyatda g‘azablangan Zelenskiyni tushunib turgan g‘arb diplomatlarining so‘zlarini keltirmoqda. Ularning fikricha, Zelenskiy «nihoyatda o‘zidan ketmoqda».

Sammitning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg hozir Litvada NATO davlatlari Ukrainanin a’zolik bo‘yicha muzokaralarga taklif etilmasligi, biroq alyansning barcha a’zolari buni ma’qullab, «barcha shartlar bajarilgach» bu masalaga qaytilishini e’lon qilgan edi.

Hozircha alyans a’zolari yetakchilari Kiyev uchun qo‘llab-quvvatlash paketini ma’qullashgan va u quyidagi uchta elementdan iborat:

  • NATO a’zosi bo‘lish uchun harakatlar rejasini bajarish bekor qilinadi, ya’ni Ukrainani alyansga a’zo bo‘lishining yengillashtirilgan varianti taqdim etiladi: ikki bosqichli jarayon bir bosqichliga aylanadi;
  • Ukraina armiyasini modernizatsiya qilish va uni NATO standartlariga o‘tkazish uchun yiliga 500 mln dollarlik uzoq muddatli harbiy yordam dasturi;
  • Krizisli vaziyatlarda maslahatlashuv platformasi bo‘luvchi Ukraina–NATO kengashini ishga tushirish. Uning birinchi yig‘ilishi bugun bo‘lib o‘tadi va unda Volodimir Zelenskiy ishtirok etadi.

Bundan tashqari, Stoltenberg NATOga a’zo davlatlar 2023 yilda harbiy xarajatlarini 8,3 foizga oshirishini e’lon qildi. NATOning 300 mingta askari yuqori harbiy tayyorgarlik rejimida doimiy bo‘ladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NATOning Litvadagi tarixiy sammiti: birinchi kunning asosiy voqealari
ePN