00:41 / 20.07.2023
698

Erdo‘g‘an Rossiyadan yuz o‘girdimi?

Erdo‘g‘an Rossiyadan yuz o‘girdimi?

Azov komandirlari Turkiyadan Ukrainaga qaytarildi, Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov esa kelishuv buzilganini aytib, bundan Rossiya tomoni ogohlantirilmaganini bildirdi. Xo‘sh, Turkiya vositachiligidagi kelishuvning buzilishi Anqara va Moskva munosabatiga qanday ta’sir qiladi?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” ruknida bu mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Sayfiddin Jo‘rayev so‘z yuritdi.

— Urush oxirigacha Turkiyada qolishi ko‘zda tutilgan Azov harbiylarining Ukrainaga qaytarilishi Rossiya–Turkiya munosabatlariga qanday ta’sir qiladi?

Kamoliddin Rabbimov: Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida qandaydir muvozanat saqlashga, vositachi bo‘lishga harakat qildi. Ikki tomon bilan ham o‘z manfaatlari doirasida muvozanat saqladi: urush boshidan Ukrainaga uchuvchisiz «Bayraktar» qiruvchi samolyotlarini berib keldi, lekin Rossiyaga nisbatan bo‘lgan iqtisodiy sanksiyalarning birortasiga qo‘shilmadi. Ikki tomon bilan ham intensiv hamkorlik qildi.

Erdo‘g‘an shu haftada Rossiya manfaatlariga qarshi bo‘lgan 3 ta qadam tashladi: Azov harbiy zobitlarining berilishi, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llashi va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga bo‘lgan vetoning olib tashlanishi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Turkiya to‘liq Kollektiv G‘arb tomonga, ya’ni Ukraina tarafiga o‘tdi. Bu jarayonni rus propagandasi juda og‘riqli qabul qildi.

Sayfiddin Jo‘rayev: Fikrimcha, hech qanday ta’sir qilmaydi Rossiyaga. Turkiya bilan kelishuvlar vaziyatdan kelib chiqib qilingan edi. Asirlarni almashinish kabi holatlar doim bo‘lgan.

— Munosabatlar tarozisi buzilganiga qaramay, Pskov NATO sammiti arafasida Turkiyaga bosim qilinganini, Rossiyadagilar Anqara alyans a’zosi sifatida birdamlik ko‘rsatganini to‘g‘ri tushunishini ta’kidladi. Lekin parda ortida qandaydir muhokamalar bo‘lishi turgan gap. 17 iyulda yakunlangan «Don bitimi» kelajagi ham bugun mavhum. Harholda Rossiya bitimni yangilamoqchi emas. Ukrainadagi urushda barchaning ko‘nglini birdek olishga harakat qilayotgan Turkiya Rossiyaga nisbatan siyosiy vektorini o‘zgartirdi, deyishimiz mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: Deylik, 100 foizlik ko‘rsatkichda olsak, Turkiya 55 foiz Ukraina tarafda, 45 foiz Rossiya. Muvozanatni ushlash uchun Turkiya Rossiyaga nimalardir taklif qilishi kerak. Avgust oyida bo‘ladigan Erdo‘g‘an va Putin uchrashuvida Erdo‘g‘an vositachilikni yo urushni tezroq tugatishni taklif qiladimi, ko‘ramiz. Balki urushdan Putinning yorug‘ yuz bilan chiqishini ta’minlaydigan nimadir taklif qilar.

Sayfiddin Jo‘rayev: Hali Turkiyani Ukraina tarafga o‘tib bo‘ldi deyish qiyin. Chunki bunday vaziyatda Rossiya bilan munosabatda keskin o‘zgarish bo‘ladi. Turkiya iqtisodiy tomondan Rossiyaga muhtoj. Shu nuqtayi nazardan, Erdo‘g‘an munosabatlarni kuchaytirish tarafdori. Lekin hozir Turkiyadagi iqtisodiy ahvol yaxshi bo‘lmagani uchun Yevropadan investitsiyalarni kuchaytirish uchun ham G‘arbga yaqinlashish bo‘lyapti. Vaziyatdan kelib chiqqan holda qilinayotgan ishlar bular.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘an Rossiyadan yuz o‘girdimi?
ePN