date
views 346

Mintaqa davlatlari HAMAS va Isroil urushiga qanday munosabat bildirdi?

Mintaqa davlatlari HAMAS va Isroil urushiga qanday munosabat bildirdi?

Yamanda falastinliklarni qo‘llab o‘tkazilgan aksiya. Foto: Yahya Arhab / EPA

7 oktyabr kuni HAMAS guruhi Isroilga kutilmaganda hujum qildi. Hozirgacha 2 mingga yaqin insonning hayotiga zomin bo‘lgan harbiy harakatlarni ikki tomon ham urush deb atamoqda. Isroil ittifoqchilari yahudiylar davlatiga qilingan hujumni qoralamoqda. Musulmon davlatlar esa buning bari Isroilning bosqinchilik siyosati oqibatida kelib chiqqanini eslatishdi.

Quyida HAMAS va Isroil o‘rtasidagi urushga mintaqa davlatlari qanday munosabat bildirayotgani ko‘rib chiqiladi.

Arab davlatlari ligasi rahbari Ahmad Abu al Geyt G‘azodagi harbiy harakatlarni tezda tugatishga chaqirdi. «Isroilning zo‘ravonlik va ekstremizmga asoslangan siyosati sekin harakatlanuvchi bombaga o‘xshaydi. Aynan shunday siyosat sabab kelajakda mintaqadagi vaziyat barqarorlashishiga jiddiy umid qilib ham bo‘lmaydi», degan u.

Misr eskalatsiya kuchayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonotida tomonlar bosiqlikka chaqirilgan va tinch aholini xavf ostiga qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlangan. Reuters manbalariga ko‘ra, Misr HAMAS bilan ham, Isroil bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi. Xususan, falastinliklar asir olgan isroilliklarni himoya qilish bo‘yicha muzokara boshlagan. Ammo manbalar Isroilning javob zarbalari muzokaralarni qiyinlashtirganini aytgan.

Misr Isroil kabi G‘azo bilan umumiy chegaraga ega. Hozirda Misr chegarasi ham yopilgan va g‘azoliklar qamalda qolib ketgan. Odatda G‘azoga insonparvarlik yordamlari aynan Misr chegarasi orqali o‘tadi. Bu chegarada misrlik harbiylar va anklavni tark etish istagidagi falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar ham bo‘lib turadi.

Ba’zi manbalar Isroil raketa zarbalari bera boshlagach, Misr G‘azo bilan chegaradan kuniga faqat 2 ming kishi o‘tishiga ruxsat berganini yozgan. Hududda esa 2 milliondan ortiq odam yashaydi.

Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi vaziyat keskinligini ta’kidlar ekan, Isroilning falastinlik tinch aholi vakillariga bergan zarbalarini qoralagan. Keyinroq Iordaniya isroilliklarga yordam berish uchun borayotgan AQSh harbiy samolyotlariga o‘z aviabazalriga qo‘nishga ruxsat bergani haqida tasdiqlanmagan xabarlar ham tarqaldi.

Qayd etish joiz, Iordaniya va Mirs o‘tgan asr oxirlarida mintaqadagi Isroil bilan tinchlik bitimi imzolagan dastlabki davlatlar bo‘lgandi.

10 oktyabr kuni Livan hududidan ham Isroil shimoliga raketalar otilgani aytildi. Mamlakatdagi «Hizbulloh» shialar radikal harakati vaziyatni jiddiy kuzatayotgani, HAMASdagilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini ma’lum qilgan. Guruh sahifalarida «Biz boryapmiz» degan yozuvli video e’lon qilingan. Ammo hozircha ushbu harakat Isroilga jiddiy zarba bergani haqida faktlar yo‘q.

Harakat HAMASning zarbalarini Isroilning bosqinchilik siyosatiga munosib javob deb atagan va bu Tel-Aviv bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi bo‘layotgan davlatlar uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i ekanini ta’kidlagan.

Saudiya Arabistoni har ikki tomonni tezda zo‘ravonlikni bas qilishga chaqirgan. Ar-Riyod Isroilni davlat sifatida tan olmaydi, diplomatik munosabatlar ham yo‘q, lekin oxirgi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar iliqlashayotgandi. AQSh vositachiligida Isroil va Saudiyani yarashtirish bo‘yicha megaloyiha ham tayyorlanayotgandi. Ammo urush boshlangach, bu muzokaralar muzlatib qo‘yilgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi.

«Biz bir necha yo‘nalishda zo‘ravonlik kuchayishiga sabab bo‘lgan Falastindagi guruhlar va bosqinchi Isroil kuchlari o‘rtasidagi ayovsiz voqealarni kuzatib boryapmiz», deyiladi Saudiya TIV bayonotida. Shuningdek, Saudiya tomoni Isroilning bosqinchilik siyosati va falastinliklar oddiy huquqlaridan mahrum qilingani eskalatsiya kuchayishiga sabab bo‘lishidan bir necha marta ogohlantirganini ham eslatgan.

Saudiya xalqaro hamjamiyatni mas’uliyatni gardaniga olib avvalo tinch aholi xavfsizligi ta’minlanadigan tinchlik uchun harakat boshlashga chaqirgan.

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiyning maslahatchisi Rahim Safavi falastinlik jangchilarni Isroilga hujum boshlagani bilan tabrikladi.

«HAMASni Falastin va Quddus to‘liq ozod qilunmaganiga qadar qo‘llashda davom etamiz», degan u.

Livandagi shialarning «Hizbulloh» harakati tarafdorlari 2020 yilda amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan eronlik general Qosim Sulaymoniyning portretini ko‘targan holda namoyishga chiqdi. Tehron, 2023 yil 7 oktyabr
Abedin Tahrkenareh / EPA / Scanpix / LETA

Eron TIV bayonotida HAMAS guruhining hujumlari falastinliklarning Isroil bosqini oldida qanchalik qo‘rqmas ekanidan dalolat ekani aytilgan. Keyinroq Xominaiy ham HAMASning hujumini olqishladi.

Ma’lumot uchun, Eron va Isroil bir-birini o‘zining eng ashaddiy dushmani deb biladi. Eron Isroilni davlat sifatida birinchilardan bo‘lib tan olgan, lekin 1979 yildagi islom inqilobidan keyin eronliklar Isroil bilan barcha aloqalarni uzib, hamon tiklagani yo‘q.

Urush boshlangach HAMASni operatsiyaga aynan Eron tayyorlagani haqida ayblovlar paydo bo‘ldi. Xususan, AQShning Wall Street Journal nashri Eron inqilob muhofizlari kulchari avgust oyidan buyon HAMASni hujumga tayyorlagani, operatsiya boshlashga Eron rahbariyati HAMAS bilan Livandan o‘tgan maxfiy uchrashuv vaqtida ruxsat berganini haqida yozgan.

Eron TIV bu ayblovlarni rad etib, Falastinning o‘zining ham Isroilga qarshi kurashishga kuchi yetishini ma’lum qilgan. Oq uy va Isroil hujumni tashkillashtirishda HAMASga aynan Eron yordam bergani haqida hech qanday isbot yo‘qligini bildirgan.

«Hizbulloh» tarafdorlari Bayrutda Isroil bayrog‘ini yoqishmoqda. 2023 yil 7 oktyabr
Wael Hamzeh / EPA / Scanpix / LETA

Kuvayt tomonlar o‘rtasidagi harbiy harakatlarni keskin qoralab, Isroilni oshkora hujum uyushtirishda ayblagan. Kuvayt xalqaro hamjamiyatni provokatsion bosqinchilik tajribasini bas qilishga chaqirgan.

Marokash qirolligi vaziyat yomonlashganidan qattiq xavotir bildirib, qayerda bo‘lmasin tinch aholiga hujumlarni qoralashini ma’lum qilgan.

Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastin muxtoriyati ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos falastinliklar Isroil terrori va bosqinchiligidan o‘zini himoya qilishga haqli ekanini aytgan.

Qatar tashqi ishlar vazirligi eskalatsiya va zo‘ravonlik davom etayotgani uchun faqat Isroil javobgar ekanini bildirgan. Qatar har ikki tomonni bosiqlikka chaqirgan. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat Isroil bu vaziyatdan G‘azo sektoridagi falastinliklarga urush ochish uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlagan.

Liviya poytaxti Tripolidagi osmono‘par bino Falastin bayrog‘i ranglarida. 2023 yil 7 oktyabr
Hazem Turkia / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘an isroillik va falastinliklarni vaziyat keskinlashmasligi uchun dushmanlikdan tiyilishga chaqirgan.

BAA ham tomonlarni bosiq bo‘lishga chaqirib, qurbonlar yaqinlariga ta’ziya bildirgan. BAA bayonotida Isroil manziliga ayblov yo‘q. Bunga 2020 yil ikki davlat Donald Tramp vositachiligida munosabatlarini yaxshilagani sabab bo‘lishi mumkin.

Boshqalar nima dedi?

AQSh prezidenti Jo Bayden to‘qnashuv boshlanganidan keyin «Isroilga dahshatli hujum haqida» mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan gaplashganini aytdi.

«AQSh shubhasiz HAMASning Isroilga dahshatli hujumini qoralaydi. Bosh vazir Netanyahuga biz Isroil xalqi va hukumatiga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor ekanimizni aytdim. Terrorizmni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. AQSh «vaziyatdan foydalanib qolish payidagi» Isroilga dushmanchiligi bo‘lgan boshqa tomonlarni ogohlantiradi. Mening ma’muriyatim Isroilni qo‘llashiga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi», degan Bayden.

Nyu-Yorkdagi Empayr-steyt-bilding Isroil bayrog‘i ranglarida. 2023 yil 7 oktyabr
Roy Rochlin / Getty Images

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tvitterdagi sahifasida Isroilga hamdard ekanini yozib, «mamlakatga qarshi terroristik hujumni» keskin qoralashini aytdi.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel tezda asirlarni qo‘yib yuborishga chaqirdi va bu xalqaro huquqqa zid ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMASning hujumi nafaqat Isroilga jiddiy zarba bo‘ladi, balki keskinlikni oshirib, falastinliklar zarariga ishlaydi.

Yevrokomissiyaning Bryusseldagi binosida Isroil bayrog‘i proyeksiyasi
Ursula fon der Lyayyenning Twitter sahifasi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli qirollik HAMASning Isroilga hujumini qoralashini aytib, Isroil o‘zini himoya qilishga haqli ekanini ta’kidladi.

Shvetsiya va Ispaniya ham HAMASning Isroilga hujumini qoralagan.

Frankfurtda Isroil bilan birdamlik aksiyasida yuzlab kishilar ishtirok etdi. 2023 yil 7 oktyabr
Boris Roessler / dpa / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy birinchilardan bo‘lib Isroilni qo‘llashini aytib chiqdi. «Isroildan dahshatli xabarlar kelmoqda. Terrorchilik akti oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Tartib tiklanib, terrorchilar yo‘q qilinishiga ishonaman. Bu terror insoniyatga qarshi jinoyatdir. Dunyo terror hech qayerda va hech qachon insonlarga zarar keltirmasligi uchun birlashishi kerak. Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega», dedi Zelenskiy.

Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini tanqid qilgan. «HAMAS va Isroil o‘rtasida to‘qnashuv «Qiyomat kuni» urushining 50 yilligida sodir bo‘ldi va buni taxmin qilish mumkin. Mana Vashington va ittifoqchilari nima bilan shug‘ullanmoqda. Isroil va Falastin qarama-qarshiligi o‘n yillardan buyon davom etmoqda. Va bu yerda asosiy o‘yinchi AQSh», deb yakunlagan Medvedev postini.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mintaqa davlatlari HAMAS va Isroil urushiga qanday munosabat bildirdi?
-->