Donald Tusk va Yaroslav Kachinskiy Foto: Tomasz Gzell/epa/dpa
Polshadagi parlament saylovlarida bosh vazir o‘rinbosari Yaroslav Kachinskiyning hukmron milliy-konservativ «Qonun va adolat» partiyasi o‘z raqiblarini ortda qoldirgan bo‘lsa-da, parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan chegaradan o‘ta olmagan bo‘lishi mumkin. Bundan 15 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan ekzitpollar natijasi darak beryapti. Saylovning yakuniy natijalari 17 oktyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ekzitpollar natijasiga ko‘ra, «Qonun va adolat» 36,8 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Polsha sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashi sobiq raisi Donald Tusk boshchiligidagi muxolifatdagi «Fuqarolik platformasi» 31,6 foiz ovoz olishi mumkin. Uchinchi o‘rinda esa, so‘rov natijalariga ko‘ra, 13 foiz ovoz bilan markazchi «Uchinchi yo‘l» partiyasi.
O‘rinlar soni bo‘yicha «Qonun va adolat» parlamentdagi 460 o‘rindan 200 ta o‘ringa ega, parlamentdagi ko‘pchilik uchun esa kamida 231 ta ovozga ega bo‘lish kerak. «Fuqarolik platformasi» 163 o‘rin oladi, biroq partiya «Uchinchi yo‘l» va so‘llar alyansi bilan koalitsiya tuzishi kutilmoqda, bu esa ularga parlamentda 248 o‘rin beradi.
Taxminlarga ko‘ra, «Qonun va adolat»ga parlamentda ko‘pchilikni tashkil etishda o‘ta o‘ng «Ozodlik va mustaqillik konfederatsiyasi» partiyasi bilan ittifoq yordam beradi. U, xususan, Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda yordam berishni to‘xtatish tarafdoridir. Biroq, ekzitpollar natijasiga ko‘ra, u parlamentda bor-yo‘g‘i 12 ta o‘ringa ega bo‘ladi, bundan tashqari, saylov kampaniyasi paytida «Qonun va adolat»dan uzoqlashgan.
Muxolifat yetakchisi Donald Tusk allaqachon ovoz berish natijalarini g‘alaba deb bilishini aytgan. «Men hech qachon ikkinchi o‘rindan bunchalik xursand bo‘lmaganman. Polsha g‘alaba qozondi, demokratiya g‘alaba qozondi, «Qonun va adolat» hukumati tugadi», - deya uning so‘zlarini keltiradi dpa. Kachinskiy, o‘z navbatida, uning partiyasi keyingi voqealar rivojini kutayotganini ta’kidladi.
Kachinski va Tusk - ko‘p o‘xshashliklarga ega raqiblar
Tusk ham, Kachinski ham o‘tmishda antikommunistik muxolifatni qo‘llab-quvvatlagan. 1989 yilda kommunizmning qulashi rejimning ikki tanqidchisi uchun yangi istiqbollarni ochdi. Liberal g‘oyalarga berilgan Tusk Polshadagi demokratik o‘zgarishlar fonida «Liberal-demokratik kongress» partiyasini tuzdi. 1991 yilgacha «Liberal-demokratik kongress» Kachinskiyning xristian-demokratik partiyasi - «Kelishuv markazi»ning bir qismi edi, ammo Kachinski va Tusk tez orada boshqa yo‘llarni tanladi.
2001 yilda ikkala siyosatchi ham Polshaning bugungi siyosiy manzarasini belgilab beruvchi yangi partiyalar – «Qonun va adolat» va «Fuqarolik platformasi»ni tuzdi. 2005 yilgi parlament saylovlaridan so‘ng ular qo‘shma hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bordi, biroq o‘zaro ishonchsizlik va shaxsiy ambitsiyalari bunga to‘sqinlik qildi. O‘shandan beri Kachinski va Tusk bir necha bor hokimiyat tepasida bir-birini almashtirdi.
Shu tariqa, 2005 yilda Kachinskiy partiyasi saylovlarda ko‘pchilik ovozlarni oldi. Biroq, 2007 yil oktyabr oyida Polshada hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin o‘tkazilgan muddatidan oldin saylovlarda Tuskning «Fuqarolik platformasi» g‘alaba qozondi. 2015 yildan beri Polsha siyosatida yana «Qonun va adolat» hukmronlik qilmoqda.
Hukmron partiya saylovlar oldidan bir qancha mojarolarga duch keldi
O‘z hukmronligi davrida partiya atrofiga ko‘plab tanqidchilarni, shu jumladan Bryusselda ham to‘plab qo‘ydi. Shu tariqa, iyul oyida YEI sudi Polshada amalga oshirilgan sud-huquq islohotini Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga zid deb hisoblagan Yevropa komissiyasining shikoyatini qanoatlantirdi.
Norozilik Polshaning o‘zida ham «Qonun va adolat»ning saylov kampaniyasida mudofaa va xavfsizlik siyosati mavzularidan foydalanishga urinishlari sabab kelib chiqqan edi. Shu tariqa, avgust oyida Varshavada so‘nggi 30 yildagi eng yirik harbiy parad bo‘lib o‘tdi va butun Polshada harbiy xizmatni ommalashtirish uchun mo‘ljallangan «harbiy pikniklar» tashkillashtirildi. Shu bilan birga, bunday sayrlarda hukmron partiya vakillari qatnashdi, ammo Polsha konstitutsiyasiga ko‘ra, qurolli kuchlar siyosatda betaraf bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, iyun oyida «Qonun va adolat» fuqarolarni muxolifatning yurishida qatnashishdan qaytarmoqchi bo‘lgan targ‘ibot videosi uchun tanqidga uchradi. Hukmron partiya o‘z tanqidchilari va muxolifat tarafdorlaridan birini nafrat so‘zlarini tarqatishda ayblash maqsadida videoda Osvensimga ishora qilgan, ammo «Qonun va adolat»ning o‘zi norozilikka uchradi. Saylovlardan bir oy oldin Polsha hukumati muhojirlarga viza berish bo‘yicha korrupsion sxema bilan bog‘liq mojaroga aralashib qoldi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring