Foto: Getty Images
Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» guruhi shimoldan tahdidi bilan Isroilni tinch qo‘ymayapti. Shialar guruhi SAHALni G‘azoda sunniy HAMASga qarshi quruqlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rishdan ham chalg‘itmoqda, ammo ular hozirda to‘laqonli ikkinchi front ochishga tayyor bo‘lishi dargumon, deyishmoqda ekspertlar. Isroilga ham «Hizbulloh» bilan yangi urush kerak emas, ammo vaziyat istalgan vaqtda nazoratdan chiqib ketishi mumkin.
HAMAS harakati a’zolarining Isroilga qonli hujumidan buyon ikki haftadan oshiq vaqt o‘tdi. O‘shanda darhol barchaning e’tibori Isroilni yo‘q qilish g‘oyasi birlashtiradigan HAMASga ham, «Hizbulloh»ga ham homiylik qiluvchi Eronga qaratilgandi.
Eron ko‘magiga tayanadigan «Hizbulloh» urushga kirishi mumkinmi? BBC sharhlovchisi Kseniya Gogitidze ushbu masalani tahlil qildi.
7 oktyabrdan buyon ushbu guruh jangarilari va Isroil harbiylari o‘zaro zarbalar almashmoqda, ammo otishmalar va to‘qnashuvlar ko‘lamli so‘nggi vaqtlarga qadar cheklangan darajada qolayotgandi.
O‘tgan hafta oxirida vaziyat keskinlashishda davom etdi. Juma kuni isroillik rasmiylar Livan bilan chegara yaqinidagi Kiryat-Shmon shahridan odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shanba kuni «Hizbulloh» bir vaqtning o‘zida Isroilning bir necha harbiy obektlariga hujum qildi, isroilliklar aviatsiyasi va quruqlik kuchlari «Hizbulloh» pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar yo‘llash bilan javob qaytardi. Otishmalar yakshanba kuni ham davom etdi. Livanliklar ham chegara hududlarni tark etishga qaror qilgan.
Yaqin kunlarda chegaradagi keskinlik darajasi ortib borishi mumkin, ammo «Hizbulloh» hech bo‘lmaganda hozircha ochiqchasiga mojaroga qo‘shilmaydi, degan xulosaga kelmoqda ekspertlar.
HAMAS Isroilga hujum qilarkan, avvalboshdan mintaqadagi boshqa radikal guruhlar, birinchi navbatda «Hizbulloh»ning yordamiga umid bog‘lagandi va hozirda o‘zini tashlab qo‘yilgandek his qilmoqda, deya taxmin bildirgan L’Orient-Le Jour gazetasi.
HAMAS asoschilaridan biri bo‘lgan Xolid Mashal o‘tgan haftada «Hizbulloh»ga qilayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo bu «yetarli emasligi»ni qo‘shimcha qildi.
Nimani so‘nggi tomchi deyish mumkin?
O‘z navbatida, «Hizbulloh» Isroil ma’lum bir «qizil chiziq»ni kesib o‘tmagunicha mojaroda bevosita ishtirok etishdan manfaatdor emasligini bildirgan, lekin bu nimani anglatishiga aniqlik kiritilmagan.
Saudiyadagi nashrlar «Hizbulloh»ga yaqin manbalariga tayangan holda quyidagilarni qizil chiziqlar deb hisoblash mumkinligini taxmin qilgan: 1) G‘azoda quruqlik amaliyoti boshlanishi; 2) qurbonlar soni aqlga sig‘mas darajada oshib ketishi; 3) guruhning Eron «qarshilik o‘qi» tarkibiga kiruvchi rahbarlaridan biri o‘ldirilishi; 4) «Hizbulloh» pozitsiyalariga hujumlar.
Mojaroga kirish yoki kirmaslik to‘g‘risidagi qaror Bayrutda emas (bu yerdagi Livan rasmiylari ularga navbatdagi urush kerak emasligini qayta va qayta ta’kidlashgan), balki Tehronda qabul qilinadi. Livanda ancha vaqtdan buyon siyosiy va iqtisodiy inqiroz davom etmoqda, mamlakatda esa o‘n yildan ortiq vaqt davomida kuchli shialar guruh hukmronlik qilmoqda.
«Hizbulloh» Eronning ruxsatisiz urushga qo‘shilishi dargumon. Islom respublikasi esa hozircha kutishni afzal ko‘rmoqda.
Tel-Aviv universiteti professori va Isroil Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti (INSS) ilmiy xodimi Raz Zimmtning fikricha, Eronning qo‘li bog‘liq va ikki yomondan birini tanlashi kerak.
«Men Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti qizil chiziq hisoblanishiga ishonmayman. Bu katta ehtimol biz HAMASning G‘azo sektoridagi harbiy va siyosiy rahbariyatga haqiqiy xavf tug‘diradigan nuqtaga yetganimizda ro‘y beradi. Eron ikkita yomon variantdan birini tanlashiga to‘g‘ri keladi. Agar u hech qanday chora ko‘rmasa, bu Isroilni HAMASga yanada ko‘proq zarar yetkazishga hamda Eronning qarshilik o‘qi zaifligini fosh etishga undaydi. Shu bilan birga, agar Eron «Hizbulloh»ni faollashtirsa, Isroilning keng ko‘lamli javob zarbalari guruhning strategik imkoniyatlariga ulkan zarar yetkazadi», — deya ekspertning so‘zlarini keltirgan Haaretz gazetasi.
«Hizbulloh» Isroil bilan oxirgi bor 17 yil muqaddam urush qilgandi va shundan buyon harbiy salohiyatini oshirgan bo‘lsa-da, hozirda g‘alaba qozonishiga ko‘zi yetmagan mojaroga aralashishni istamayapti.
Ekspertlar «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh jamoatchilikka ko‘rinish bermayotganiga ishora qilmoqda va buni mojaroga qo‘shilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganining belgisi sifatida hisoblamoqda.
Eron va mintaqaviy urush
«Hizbulloh» Isroil bilan 2006 yilda katta urush qilgandi. 34 kunlik harbiy harakatlarda 160 nafardan ortiq isroillik va 1200 dan ortiq livanlik halok bo‘lgan. Mojaro BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi qabul qilinishi bilan yakunlangan, ikki tomon ham o‘z g‘alabasi haqida e’lon qilgandi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq institutining katta ilmiy xodimi Firas Maksadning aytishicha, 2006 yilgi urush Isroilga ham, «Hizbulloh»ga ham qimmatga tushgan va tomonlar keyingi yillarda yana katta to‘qnashuvlar yuzaga kelishining oldini olishga qattiq uringan.
Shundan buyon Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida norasmiy ravishda o‘zaro manfaatli kelishuv tuzilgan: jangarilar Isroilni tinch qo‘yadi, Isroil ham Livan bo‘ylab zarba yo‘llamaydi.
Mojaro chegaradagi kichik to‘qnashuvlar va otishmalardan nariga o‘tmagan. O‘tgan vaqt ichida tomonlar bir-birini tiyib turishga asoslangan nisbatan barqaror muvozanatga erishgan.
Hozirda — 17 yil ichida ilk bor — status-kvo xavf ostida qoldi, keskinlik kuchayib bormoqda, keskinlik qanchalik oshsa, tomonlardan birining asablari dosh bermasdan, boshqasiga istaganidan ko‘proq bosim o‘tkazib yuborishi ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
«Biz o‘zaro tiyib turishga urinish o‘yini guvohi bo‘lmoqdamiz. Bu xavfli, chunki har ikki tomon ham bir-birini tiyishga urinayotgan va keng ko‘lamli mojaroni istamayotgan bo‘lsa ham, bu harakatlar aynan shunga olib borishi mumkin», — deya Firas Maksaddan iqtibos keltirgan Independent.
2006 yilgi urushdan keyin «Hizbulloh» o‘z raketa arsenalini sezilarli darajada kuchaytirgan, uning jangchilari esa Suriyadagi urushda harbiy tajriba to‘plagan.
Isroil armiyasi imkoniyatlari «Hizbulloh» jangarilarinikidan ko‘p marta ustun bo‘lishiga qaramay, agar asosiy homiysi Eron shunday qaror qabul qilsa, guruh mojaroga tortiladi.
Tahlilchilar avvalroq Eron allaqachon hozirgi eskalatsiyadan o‘zi istagan barcha narsani olgani va hozircha barchasini o‘z holida qoldirishga qaror qilganini ta’kidlagandi.
Eron HAMAS hujumiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lmasa ham, bu Yamandan Iroq, Suriya, Livan va G‘azo sektoriga qadar bo‘lgan Eron qarshilik o‘qining muvaffaqiyati sifatida e’tirof etilgan.
Eron AQSh tomonidan tashkillashtirilgan Isroil-Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari barbod bo‘lishiga erishdi. HAMAS hujumidan keyin esa Eron prezidenti Ibrohim Raisiy inqirozli vaziyatni o‘zining mintaqadagi asosiy raqibi, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan telefon orqali muhokama qildi.
«Urush allaqachon Eronning mintaqadagi mavqeyi va qudratini mustahkamlagan va «Hizbulloh»ning unga qo‘shilishi bu ustunliklarning barini yo‘qqa chiqarishi mumkin», deya yozadi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti xodimi Hanin Gaddar.
Beqarorlik o‘chog‘i Eronning foydasiga xizmat qiladi, ammo islom respublikasi yakunda AQSh ham qo‘shilishi mumkin bo‘lgan ochiq konfrontatsiyani xohlamaydi.
Eron o‘zining omon qolishi uchun kurashishi talab etiladigan vaziyatga tushmagunicha urushga kirmaydi, deb hisoblaydi Hanin Gaddar: «Masala shundaki, o‘z harbiy kuchini kamaytirib, «Hizbulloh»ning Livandagi ustunligi va ta’sirini qurbon qilishga tayyormi? Toki urush Eron rejimi uchun ekzistensial mojaroga aylanmas ekan, Tehron bunday qadam tashlashi dargumon».
Tiyib turish va asta-sekin eskalatsiya taktikasi
«Hizbulloh» Isroilning G‘azo sektoriga bostirib kirishini to‘xtatishdek qiyin maqsadiga erishish uchun asta-sekinlik bilan kuchayuvchi eskalatsiyani afzal ko‘radi, deydi Karnegi Yaqin Sharq markazi ilmiy xodimi Moxanad Xage Ali.
«Mossad»ning sobiq yuqori martabali mulozimi va Isroil Milliy xavfsizlik kengashining sobiq direktori o‘rinbosari, hozirda Isroil milliy tadqiqotlar institutida (INSS) ishlovchi Sima Shayn ekspertning fikriga qo‘shiladi:
«Ular [“Hizbulloh”] e’tiborni chalg‘itmoqchi. Ularning asosiy maqsadi — biz G‘azoga kirmasligimiz uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilish. Hozirgi bosqichda bu ochiq urushga olib bora olmaydi».
«Hizbulloh» Isroil bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘llashi Isroil uchun qizil chiziq hisoblanadi, deya fikr bildirgan u fransuzlarning Le Monde nashriga.
Ushbu guruh ko‘proq kuchini ko‘rsatish va Isroilni tiyib turishdan manfaatdor. Agar Isroil bilan baribir ochiq urush boshlangudek bo‘lsa, bu ikki maqsadga ham erishib bo‘lmaydi.
«Agar Livanda urush boshlansa, u holda «Hizbulloh» yakson etiladi, Eron esa asosiy tiyib turish vositasini yo‘qotadi», — deya Amerikaning Atlantic Council tahlil markazi eksperti Nikolas Blanfordning so‘zlarini keltirgan Al Jazeera.
2006 yildan buyon harakat Eron yordamida o‘zining raketa arsenalini anchagina kuchaytirib olgan, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin va o‘rta radiusda harakatlanuvchi 150 000 ming (taqqoslash uchun 17 yil muqaddam ularning soni 14 ming bo‘lgan), shuningdek, uzoq masofaga harakatlanuvchi va nishonga aniq yetib boruvchi yuzlab raketalarga ega.
Ammo, Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti eksperti Hanin Gaddar ta’kidlaganidek, guruhning kuchi ham shunda — tiyib turish uchun doimiy keskinlik darajasini saqlab qolish. Agar hozir u o‘z raketalarini sarflab yuborsa, bu ustunlik yo‘q bo‘ladi, zaxiralarni to‘ldirishga yillar ketadi, Eron esa kelgusidagi vaziyat uchun jiddiy ta’sir vositasini yo‘qotadi.
AQSh «Hizbulloh» tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidni jiddiy qabul qildi va «Duayt Eyzenhauer» hamda «Jyerald Ford» aviatashuvchilarini O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga yuborib, bu orqali «Hizbulloh» va uning ortida turgan Eronni eskalatsiya oqibatlaridan ogohlantirdi.
Shu bilan bir vaqtda, AQSh isroilliklarni ham vazminlikka chaqirgan.
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant «Hizbulloh»ga oldini oluvchi zarbalar yo‘llash tarafdori bo‘lgan, ammo Amerika hukumati uni bundan qaytargan.
«Hizbulloh» ochiq urushdan qochishni istaydi va bunda Livanning ichki muammolari ham alohida o‘rin tutadi. Ular mamlakat vayron bo‘lishi uchun ayb o‘zlariga yuklanishini yaxshi tushunishadi.
Livanning ichki muammolari
«Hizbulloh»ni Livanning amaldagi hukmdori deb bilishadi. Qurollangan guruh soyadagi iqtisodiyotni nazorat qiladi, o‘z armiyasi va raketalar arsenaliga ega hamda Eron bilan kelishgan holda mamlakat tashqi siyosatini belgilab beradi.
Ammo guruhning pozitsiyasi 2022 yilgi saylovlardan keyin sezilarli darajada zaiflashgan. So‘nggi yillarda u o‘zining ko‘plab tarafdorlarini yo‘qotdi, mamlakatdagi vaziyat ayanchli holatga kelib qolganida va 2020 yilda Bayrut portida ro‘y bergan vayronkor portlashda aynan «Hizbulloh» asosiy sababchi sifatida qaraladi.
Livan aholisining katta qismi haddan tashqari qashshoqlik yoqasida yashaydi, infratuzilma vayron bo‘lgan, mamlakat 90 mlrd dollar miqdorida qarzga botib, bankrot bo‘lgan.
«Hizbulloh» tayanchi bo‘lgan Livan shialari orasida ham norozilik o‘sib bormoqda. 2019 yilda hukumatga qarshi namoyishlarga harakatning ko‘plab tarafdorlari ham qo‘shilgan va kleptokratiya hamda o‘zgarmas hokimiyatga chek qo‘yishni talab qilishgandi.
Urush boshlanadigan bo‘lsa norozilik yanada ko‘proq bo‘ladi. Guruhni shusiz ham zaif mamlakatni urush domiga tortishda ayblashadi.
«Bu shusiz ham hafsalasi pir bo‘lgan shialarni himoya qilish va qayta joylashtirishdagi muvaffaqiyatsizlikni fosh qiladi va guruh urushdan keyin mamlakatni tiklash kafolatlarini ta’minlamasdan keng ko‘lamli urushga kirayotganini ko‘rsatib beradi », — deya fikr bildiradi Hanin Gadar.
2006 yilgi urushdan keyin Livanning tiklanishi uchun mablag‘ Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan berilgan, Eron esa guruhni ta’minlash va qurollantirishda davom etgan. Hozirda ko‘rfaz davlatlari yana yordam qo‘lini cho‘zishiga kafolat yo‘q, Eronning moliyaviy imkoniyatlari esa cheklangan.
Urush namoyish va tartibsizliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Chegara hududlarda istiqomat qilib kelayotgan Livan shialari asosan xristianlar va sunniy musulmonlar yashovchi shaharlarga ko‘chirilishi esa mazhablararo ziddiyatlar keltirib chiqarishi muqarra.
Allohning partiyasi
«Hizbulloh» («Allohning partiyasi») Eronning moliyaviy ko‘magida va Eron Islom inqilobi muhofizlari qo‘llab-quvvatlovi bilan 1982 yilda, Isroilning Livanga bostirib kirishiga javoban tashkil etilgan. Vaqt o‘tgan sari «Hizbulloh» harbiylashgan tuzilmadan Livan jamiyatida faol ishtirok etuvchi siyosiy kuchga aylandi va 2005 yilda tashkilotning siyosiy qanoti parlamentga kirdi.
«Hizbulloh»ning o‘z shifoxonalari, maktablari va yoshlar uchun dasturlari mavjud.
2006 yildan «Hizbulloh» Eronning mintaqadagi asosiy armiyasiga aylangan. «Hizbulloh» jangarilari mintaqadagi (Suriya, Yaman va Iroq) Eronga aloqador guruhlar bilan birga harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Guruh tarkibidagi jangchilar soni 60 ming kishiga baholangan.
«Hizbulloh»ning harbiy qanoti dunyoning ko‘plab mamlakatlari — AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Misr, Isroil, Kanada, Niderlandiya va boshqa davlatlarda terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan.
Eron homiyligi ostida HAMAS, «Hizbulloh», «Falastin islom jihodi» va boshqa guruhlar bir necha yil oldin Birlashgan front doktrinasi tuzishgan. Uning tuzilishidan maqsad Isroilni tiyib turish bo‘lgan. Mazkur doktrinaga ko‘ra, guruhlardan biri ekzistensial tahdidga uchrasa, boshqa guruhlar uni qo‘llab-quvvatlash uchun kelishi kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring