00:19 / 16.11.2023
511

Eron va Turkiya Isroilga qarshi. Bu natija beradimi?

Eron va Turkiya Isroilga qarshi. Bu natija beradimi?

Azaldan o‘zaro yaxshi munosabatlarda bo‘lmagan Turkiya va Eron G‘azo masalasida birgalikda harakat qilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lmoqda. Bu haqiqatga qanchalik yaqin, bordi-yu shunday bo‘lib chiqsa, bu birlashuv G‘azodagi kritik vaziyatni yumshatishga yordam beradimi? «Geosiyosat»ning bu galgi sonida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov ayni shu mavzu yuzasidan fikrlarini bildirdi.

— Misr Eronning gumanitar yordamini o‘z chegara postidan o‘tkazmasligini bildirdi, ikki davlat o‘rtasida qanday kelishmovchilik bor?

— Bu narsani Misr va Eron kelishmovchiligi emas, G‘azodagi vaziyat fonida bo‘layotgan jarayon sifatida baholash kerak. 2022 yildan Eron va Misr o‘rtasida munosabatlarni me’yorlashtirish boshlangan, undan oldin yomon edi munosabatlar.

1979 yilda Eronda Islom inqilobi paytida Muhammad Rizo Pahlaviyga Qohiradan boshpana berilgan edi, bu esa Islom inqilobi yetakchilarini g‘azablantirgan. Eron va Iroq urushida ham Misr Iroq tomonda turgan, bu ham bir sabab bo‘lgan. 90-yillar boshida Misr prezidenti Anvar Sadatni o‘ldirgan eronlik kishi nomi Tehrondagi ko‘chalardan biriga berilgan edi, bu esa o‘zaro kelishmovchiliklarni kuchaytirgan. 2012 yili Misrda Muhammad Mursi hokimiyatga kelgach, u islom davlati tuzmoqchi bo‘lgan va Eron va Misr o‘rtasida davlat rahbarlari darajasida uchrashuvlar bo‘lgan. Lekin inqilob bo‘lib Sisi hokimiyatga kelgach, munosabatlar yana yomonlashgan, 2022 yilga qadar.

2022 yilda butun Yaqin Sharq mintaqasida me’yorlashtirish ishlari boshlangan edi. Bu jarayonga Misr ham qo‘shilib, Eron bilan, Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashni boshlagan edi.

Oktyabr (7 oktyabr HAMAS-Isroil urushi) oyida boshlangan urush fonida Eron va Misr pozitsiyalari bir-biriga yaqin kelgan edi. Ikki tomon ham Isroildan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotgandi. Lekin Misrdagi Rafah posti ochilib, gumanitar yordamlar borayotgan paytda Eronning gumanitar yordamlari olib o‘tilishini Misr tomoni nozik diplomatik tushuntirishlar bilan rad qildi. Isroil hukumati ham Eron yuklarini o‘tkazmaslik talabini qo‘ygan. G‘azodagi inqirozdan zarar ko‘ruvchi birinchi arab davlati Misr hisoblanadi.

AQSh va kollektiv G‘arb tomonidan qo‘llanayotgan G‘azo aholisini Sinay yarimoroliga ko‘chirish loyihasi Misr uchun yaxshi emas. Tarixda Misr bu narsaning achchig‘ini totib ko‘rgan, Iordaniya va Livan ham. Loyiha bo‘yicha 800 mingdan ortiq aholi ko‘chirilishi Misr uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shundoq ham iqtisodiyoti yomon bo‘lgan Misr uchun katta ortiqcha yuk bo‘ladi.

Gumanitar yuk masalasida Isroil tomonidan xavotirli signallar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni yuklar ichida gumanitar yordamdan tashqari yuklar ham bo‘lishi mumkin degan. Misr ham Isroil bilan ziddiyatga borishni istamaydi.

Misr AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilaridan Sisi ham g‘arbparast (g‘arbga moyil) hisoblanadi. Gumanitar yordam bo‘yicha AQShning ham talabi bordir, shuning uchun ham to‘xtatib turgan bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, Misr gumanitar yordamni Eron bilan tarixiy munosabatlar sababli to‘xtatgani yo‘q, boshqalarning ta’siri bor. Vaziyat shunga majbur qilyapti.

— Eron va Turkiya G‘azo masalasida birgalikda harakat qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi, bu qanday harakatlar yoki qadamlar bo‘lishi mumkin?

— Yaqin Sharqda Eron, Turkiya, Misr davlatlari asosiy gigant davlatlar hisoblanadi. Tarixan ham shunday bo‘lgan. Yuqorida aytganim me’yorlashtirish jarayoni Turkiya va Eron o‘rtasida ham bo‘lyapti.

G‘azodagi vaziyat borasida umumiy qarashlar bor. Ya’ni Isroilni harakatlarni to‘xtatishi, gumanitar yordam berish kerak. HAMAS bo‘yicha ham ikki davlat pozitsiyasi bir xil, ya’ni ozodlik kurashchilari deb ataydi ikki davlat ham. Lekin umumiy Isroil va Falastin borasida ikki davlat qarashlari bir xil emas. Turkiya 1967 yilgi chegaralarga qaytib, ikki mustaqil davlat bo‘lishini ta’kidlaydi. Eron esa Isroilni tan olmaydi va bu yerda musulmonlar, yahudiylar va xristianlar ittifoqda yashaydigan yagona musulmon davlat bo‘lishi kerak, degan pozitsiya bildiradi. Isroilni yer yuzidan yo‘q qilib yuborish bo‘yicha qarashlari ham bor.

Ikki davlatda ham aniq mexanizm yo‘q. O‘zi umuman, butun arab va musulmon dunyosi davlatlarida yo‘q. Ya’ni urush to‘xtatilmasa yoki AQSh qo‘llovni to‘xtatmasa, falon choralar qo‘llanadi, degan narsa yo‘q. Eron boshidan HAMASni amaliy qo‘llab keladi, ammo Turkiya HAMASni amalda qo‘llamaydi, garchi bayonotlarda qo‘llashini aytsa ham.

Bundan tashqari, Turkiyaning AQSh bilan ma’lum hamkorligi bor, NATO harbiy tashkiloti a’zolari. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, Turkiya va Eron kelishuvi hozirgi holatda G‘azodagi vaziyatni real o‘zgartirishga xizmat qilmaydi. Aytganimdek, hali mexanizm yo‘q.

— Isroil G‘azoga bostirib kirgandan buyon ko‘plab g‘arb davlat rahbarlari Tel-Avivga bordi, lekin xalqaro chaqiriqlar va BMTda ovoz berishlarda Isroil harakati qoralanyapti. G‘arb davlatlarining harakatini qanday tushunish mumkin?

— Isroilga nisbatan bosim bor. Isroil tashqi ishlar vaziri ham vaqtimiz kam qoldi, 2 hafta ichida G‘azodagi ishlarni hal qilishimiz kerak, deyapti. Taxminan 2 haftadan so‘ng Isroilga nisbatan xalqaro yordamlar so‘nib boshlashi mumkin. Oktyabr oyida Isroilni qo‘llovchi davlatlar kam emasdi, ammo hozirga kelib butun Yevropada norozilik chiqishlari bo‘lyapti va hukumatlar o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘lyapti. Makron Isroil o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini aytdi, Ispaniya va Italiyada ham shunday bayonotlar berildi. Bu bayonotlar norozilik chiqishlarini bosish uchun bo‘lyapti deb o‘ylayman. Butun dunyo davlatlari to‘xtatish kerak deyapti, lekin amaliy mexanizm, choralar yo‘q hech birida.

To‘g‘ri, Isroilning ortida AQSh turibdi. Erdo‘g‘an ham dunyo 5 ta davlatdan iborat emas (Xavfsizlik kengashi a’zolari), degan ma’nodagi gapni aytgandi. AQSh va Xavfsizlik kengashi gapi bilan dunyo taqdiri hal bo‘lishi kerak emas. G‘azoda minglab odamlar o‘lib ketyapti. Hamma faqat bayonotlar bilan cheklanyapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo