Rossiya 2023 yilni urushda qo‘li baland kelishiga katta ishonch bilan yakunlayapti, Ukrainada esa tushkunlik. Bu urushning yakuni qanday bo‘lishi – Markaziy Osiyoning yaqin yillardagi geosiyosiy shart-sharoitini belgilab beradi. Voqealarning hozirgi rivoji mintaqa integratsiyasi uchun to‘siqlar kuchayishi va boshqa salbiy oqibatlardan darak beradi.
Ukraina bosib olingan yerlarni samarali qaytarib ololmadi. Sabablari ko‘p. Jumladan, g‘arb davlatlari Ukrainaga yetarlicha yordam bera olmadi, berilgan yordamlar ham ancha kechikdi. Natijada, bugun shu narsa oydinlashdiki, Ukraina va uning ittifoqchilari bosib olingan hududlarni harbiy yo‘l bilan osonlikcha qaytarib ololmaydi. Shuning uchun Ukraina va uning tarafdorlari yangi strategiya ishlab chiqish bo‘yicha o‘ylanmoqda.
Rasmiy Moskvada esa, ko‘tarinki ruhiyat. Rossiya propagandasi “biz g‘alaba qozonmoqdamiz” degan axborot kampaniyasi olib bormoqda. Rossiya uzoq muddatli avtoritar imperializmni himoya qilish bo‘yicha keyingi qadamlarni tashlamoqda.
Shu kunlarda Rossiya Dumasi deputatlari rusofobiya to‘g‘risida qonun qabul qilishmoqda. Rossiyalik mustaqil yuristlar esa shokda, sababi – rusofobiya haqidagi qonun eng avvalo xorijliklarga, butun dunyo aholisiga, fuqaroligi yo‘q bo‘lgan shaxslarga ham tatbiq qilinishi nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, Rossiya va rossiyaliklarga nisbatan qandaydir diskriminatsiya sodir qilgan xorijliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bu modda bilan ayblanishi va ta’qib qilinishi ko‘zlanmoqda.
Faraz qiling, O‘zbekistondan yoki qo‘shni Qozog‘istondan kimdir Rossiyaning biron jurnalisti yoki siyosatchisini tanqid qilsa, bemalol rusofobiyada ayblanishi va RF hududiga kirib borgudek bo‘lsa, qo‘lga olinishi mumkin.
Shuningdek, Rossiyada taniqli yozuvchi va adiblarga nisbatan “terrorchilik” aybi qo‘yilgan. Jumladan, Boris Akunin va Dmitriy Bikovlar qidiruvga berilgan.
Uch oydan keyin, 2024 yilning martida Rossiyada prezidentlik saylovlari bo‘lishi kerak. Asosiy nomzod – har doimgidek, Putin. Uning hokimiyatda qolishiga hech kim shubha qilmaydi. U 2030 yilga qadar, yana 6 yil hokimiyatda qoladi. Demak, Rossiyada shakllangan avtoritar, imperiyachilik vektori sifat jihatidan faqat kuchayib boradi. Bu – Markaziy Osiyo uchun katta muammo.
Xo‘sh, Ukrainaning de-fakto yutqazishi, ya’ni bosib olingan hududlarni qaytarib ola olmasligi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun nimalarni anglatadi?
Birinchidan, post-sovet hududida keyingi bir yarim yilda ancha pasayib qolgan Rossiyaning imperiyachilik kayfiyati yana qad roslab boshlaydi. Rossiyaning asosiy ikki strategik loyihasi, ya’ni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti yana o‘z ta’sirini parvarishlash tomon yo‘l oladi. Chunki keyingi bir yarim yilda, Rossiyaning Ukraina bilan band va falaj bo‘lishi fonida, qolgan davlatlarning bu loyihalarga nisbatan shubha va tanqidlari oshib ketdi.
Jumladan, O‘zbekistonni YEOIIga to‘laqonli olib kirishga qaratilgan bosimlar yana jonlanib, kuchaya boshlaydi. KXSHT borasida, O‘zbekistonda harbiy ittifoqlarga a’zolik taqiqlovchi qonun amal qilmoqda. Lekin Rossiya – tajovuzkor davlat. Va uning maqsadi – post-sovet hududida o‘z ta’sir va nazorat tizimini kuchaytirish hisoblanadi. Shunday ekan, Ukrainaning yengilishi fonida, Rossiyaning tajovuzkorligi yanada yalong‘ochlanadi.
Ikkinchidan, mintaqa davlatlarining integratsion loyihalari va tendensiyalari ancha sekinlashadi. Qad roslayotgan Rossiya imperiyachiligi MO mintaqasidagi mustaqil integratsion jarayonlarni to‘xtatishdan, bu integratsiyaning o‘z atrofida bo‘lishidan manfaatdor.
Uchinchidan, mintaqa davlatlarida rus tili, adabiyoti, madaniyati, axborot tizimining ta’siri nisbatan kuchayib boshlaydi. Chunki Rossiya o‘z tili va geosiyosiy ta’sirini doim chambarchas bog‘lagan. Misol uchun, qo‘shni Qozog‘istonda rus tiliga e’tibor kuchaytirilishi To‘qayev tomonidan ham alohida urg‘ulandi. Bu – ichki, ohista bosimning hosilasi bo‘lishi mumkin.
To‘rtinchidan, keyingi yillarda O‘zbekistonda nisbatan erkin, milliy manfaatlarga yo‘naltirilgan mustaqil OAV va axborot siyosati shakllanayotgan edi. Rossiyaning imperiyachilik kayfiyati va loyihalari qaytadan qad rostlashi fonida, mintaqa davlatlaridagi Rossiyaga nisbatan mustaqil yoki tanqidiy axborot kontentlarini parvarishlash qiyinlashadi.
Demak, keyingi olti yil, Rossiyaning demokratik qarashdagi qatlami uchun ham, MO davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning siyosiy, geosiyosiy mustaqilligi va huquqiy davlatchiligi rivoji uchun ham murakkab keladi.
Shu bilan birga, keyingi olti yillik Rossiyada qattiq avtoritarizmning oxirgi muddati bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos