Foto: Viacheslav Ratynskyi / Reuters / Scanpix / LETA
2023 yil may oyida uzoq janglardan so‘ng rus qo‘shinlari Baxmutni egallashgandi. Biroq shundan keyin boshqa yo‘nalishlarda bunday yirik muvaffaqiyat qozonilmadi. Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi ham barbod bo‘ldi, qishga kelib butun front chizig‘idagi harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Biroq Rossiya armiyasida artilleriya o‘q-dorilarini ishlatish va ishlab chiqarish bo‘yicha ustunlik bor.
Xo‘sh, 2024 yilda nimalar o‘zgarishi mumkin? «Meduza» nashri bu haqda harbiy ekspertlarning fikriga qiziqdi.
— G‘arblik ko‘pgina tahlilchilar harbiy harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolanini aytishmoqda. Bu tomonlardan biri uchun foydalimi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Urush chindan ham pozitsion boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, bu 2023 yil boshlarida ro‘y bergan edi. Ukrainaning barbod bo‘lgan qarshi hujumi ham buni isbotladi. Pozitsion tupikdan chiqib ketish uchun tomonlardan biri ustunlikka ega bo‘lishi shart, lekin bunday bo‘lmayapti. Birinchidan, har ikki armiya moddiy va inson resurslari borasida qariyb teng. Ikkinchidan, razvedkaning turli ko‘rinishlari, jumladan agentura va dronlar orqali kuzatuv tufayli hujumga o‘tuvchi guruhni yoyish imkonsiz.
Pozitsion tupik urush tabiatini o‘zgartirmoqda: u shiddatli ko‘rinishdan mosuvo bo‘ldi. Harbiy harakatlar dushman qo‘shinlari jangovarligini pasaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bunday holdan toydiruvchi urush Rossiyaning foydasiga xizmat qiladi, degan qarashlar bor. Chunki RF o‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni frontga uzluksiz yetkazib turish barqarorligini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi. Ukrainada bunday frontorti iqtisodiyoti yo‘q: u to‘lig‘icha ittifoqchilar yordamiga tayanadi. Biroq so‘nggi paytlarda G‘arbdagi bir necha ekspertlar va tahlilchilar ham Ukrainaga Rossiya bilan holdan toydiruvchi urushni boshlashni tavsiya qilmoqda. Ukraina mudofaa strategiyasini ishlab chiqayotgani va kamida 2025 yilgacha qarshi hujumga o‘tmasligi to‘g‘risida xabarlar bor.
Stefan Volf, Birminghem universiteti xalqaro xavfsizlik professori: Bu juda murakkab savol. Tupik ko‘proq Rossiyaga foydali: unda ham texnik, ham insoniy resurslar ko‘proq. Harbiy sanoat kompleksining asosiy zavodlari mamlakat ichkarisida joylashgan va ularni raketa va dronlar bilan mahv etib bo‘lmaydi.
Ukraina ittifoqchilarning qurol-yarog‘ yetkazib berishiga qattiq bog‘lanib qolgan, 2023 yilda shu tufayli muammolar kelib chiqdi. So‘nggi oylarda bu yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda — Yevropa Ittifoqining yordamiga Vengriya veto qo‘yishidan boshlab, AQSh Kongressidagi keskin munozaralargacha. Binobarin, urushning cho‘zilishi oqibatida Rossiya va Ukraina resurslari o‘rtasidagi farq kengayaveradi.
Frontdagi tupik Rossiyaga qo‘shinlarni muvaffaqiyatli qayta guruhlash imkonini beradi. Biroq, hozir na Rossiyada, na Ukrainada yangi yilda keskin ilgarilashni kutish imkonini beruvchi sezilarli ustunlik bor. Front chizig‘idagi to‘qnashuvlar hozirgi darajada davom etaveradi.
Uilyam Kortni, AQShning Gurjiston va Qozog‘istondagi sobiq elchisi, RAND’ning yetakchi eksperti: Front chizig‘i darhaqiqat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Biroq Qrimda Ukraina qurolli kuchlari razvedkaning turli usullaridan foydalanib, RF Qora dengiz floti sharq tomon chekinishini ta’minladi. Bu ma’noda yarimorolda mamlakatning qit’a qismidagidan biroz farq qiladigan harbiy harakatlar davom etmoqda.
Feodosiya portida Rossiyaning «Novocherkassk» desant kemasiga hujum oqibatlari
Maxar Technologies / AP / Scanpix / LETA
Frontdagi tupik tomonlarning har ikkisi uchun ham manfaatli emas: Rossiya Ukrainaning o‘zi da’vo qilgan qismlarini to‘liq okkupatsiya qila olmaydi, Ukraina esa yerlarini istilochilardan ozod qilolmaydi. Biroq bu sekinlashuv doimo davom eta olmaydi. O‘tgan urushlardan ko‘rganmizki, tupikdan keskin yorib kirish olib chiqadi, buning uchun esa yangi texnologiyalar kerak bo‘ladi.
Umuman olganda, bu urush voqealarini oldindan aytib berish juda qiyin. Yodingizda bo‘lsa, Rossiya bosqinidan avval AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli Rossiya qo‘shinlari Kiyevni 72 soat ichida qurshab olishini aytgan edi. Kreml ham shu narsadan umid qilgandi, lekin bunday bo‘lib chiqmadi. Putin ham «Moskva» kreyseriga hujumni, Qrim ko‘prigi portlatilishi va ukrainlar Xarkiv oblastini to‘liq ozod qilishini kutmagani aniq. Aniq ishonamanki, 2024 yil ham Rossiya armiyasi uchun ko‘plab syurprizlarni tayyorlab turibdi.
— 2023 yilda G‘arb nashrlarida dam-badam Rossiyaning Ukrainaga bosqini Birinchi jahon urushiga mengzala boshlandi. Bu taqqoslashlar naqadar o‘zini oqlaydi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Asosiy o‘xshashlik shundaki, Birinchi jahon urushi texnologik taraqqiyot keskin o‘zgargani: aviatsiya va zirhli texnika paydo bo‘lgani, pulemyotlardan keng foydalanila boshlangani, artilleriyaning samardorligi va kuchi oshgani tufayli cho‘zilib ketgan. Qurolli kuchlar bu yangi qurol-yarog‘larga qarshi turish uchun taktik usullarni tezda ishlab chiqa olmay qolgan. Albatta, Birinchi jahon urushi singari bu urush ham yana bir necha yilga cho‘zilishi mumkin — ko‘proq tomonlardan biri siyosiy maqsadlarni ko‘zlab, yon bermayotgani uchun. Ukraina o‘z hududlaridan voz kechmoqchi emas, Rossiya ham bosib olgan yerlarini qaytarib berishga tayyormas. Shunday qilib, ham harbiy, ham diplomatik nuqtayi nazardan, hozircha o‘zgarishlarni kutmaslik kerak. Men tomonlar yaqin o‘rtada sulh tuzishi uchun nima ro‘y berishi kerakligini tasavvur eta olmayman.
Stefan Volf: Okoplar urushida o‘xshashlik juda katta: Birinchi jahon urushida anchayin barqaror front chizig‘ini yorib o‘tishga urinib, o‘n minglab odamlar behuda nobud bo‘lishgan. O‘shanda hammasi Germaniyaning kutilmaganda kollapsga tushib qolishi bilan yakun topgan. Biroq, boshqa taqqoslar o‘xshamaydi — hozir tomonlarning taktikasi ham, texnologiyasi ham bir asr avvalgi voqealardan keskin farq qiladi.
Uilyam Kortni: Bu o‘xshatish har ikki urushda minalar va okoplar muhim rol o‘ynayotganida ko‘rinadi, xolos. Lekin eng muhim farq — hozir har ikki tomon to‘liq shaffoflikka erishishgan. Dronlar sharofati bilan ular bir-birining pozitsiyalarini juda yaxshi bilishadi. Birinchi jahon urushida ilk samolyotlardan foydalanishga urinishgan, biroq texnologiya xom bo‘lgani sababli uchoqlar yordamida razvedka qilish juda kuchsiz bo‘lgan.
— Ukraina 2024 yilda ham qarshi hujumga tayyorlanayaptimi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Aytish juda qiyin. Menimcha, urush intensivlikni saqlab qoladi, biroq operativ-taktik darajada alohida aholi punktlarini qo‘lga kiritish va front chizig‘idagi pozitsiyalarni yaxshilash bo‘yicha operatsiyalar o‘tkaziladi. 2024 yilda qandaydir yirik janglar bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Tomonlar bir-biriga qarab o‘rganishda davom etishadi.
Stefan Volf: Bu savolga har qanday javob quruq gapdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Biz Valeriy Zalujniyning noyabr oyida The Economist nashrida chiqqan maqolasiga tayanishimiz mumkin. Maqolaga ko‘ra, yozdagidek qarshi hujum barbod bo‘lmasligi uchun Ukrainaga texnologik ildamlash, dronlar ishlab chiqarishni tobora kengaytirish va yangi strategiya kerak. Hozircha bular nimaning ustiga qurilishi tushunarsiz.
So‘nggi oylar Ukraina ko‘proq mudofaaga e’tibor qaratayotganidan guvohlik beradi. Ukrainalik tahlchilarning ma’lumotlariga qaraydigan bo‘lsak, 2024 yilning birinchi yarmida Rossiyaning qarshi hujumga o‘tishi ehtimoli kattaroqqa o‘xshayapti.
Uilyam Kortni: Men hech qanday detalli prognozlar qilmoqchi emasman. Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining Donbass va Qrim o‘rtasidagi yetkazib berish zanjirini uzishga urinishi bo‘lsa kerak, biroq bu qay tarzda va qachon amalga oshirilishi bilmayman. Biz Rossiyadagi navbatdagi beqarorlik to‘lqinini kuzatishimiz mumkin — 2023 yilda buni Prigojinning isyoni misolida ko‘rdik. Ehtimol urushga safarbar qilingan askarlarning ayollari muhim rolni o‘ynashar — tug‘yonga kelgan onalar Afg‘onistondagi urushni to‘xtatish masalasida sovet rahbariyatiga ham ta’sir o‘tkaza olgan edi.
— Ukraina va Rossiyada zaxiradagilar bilan bog‘liq muammolar qachon bo‘y ko‘rsatishini oldindan aytsa bo‘ladimi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Toki Rossiyada odamlarni topib, frontga jo‘natish imkoniyati bor ekan, ular buni qilaveradi. Ukraina ham shunday. Mamlakat ichidagi ijtimoiy norozilik aynan qachon bu jarayonlarga ta’sir o‘tkaza boshlashini aytish qiyin. Shu sababli, «tomonlardan birida odam tugab qolishi mumkin»mi qabilida fikrlash mumkin emas — bunday pozitsiya o‘ta abstrakt. Urushlar tomonlardan birining so‘nggi askari yer tishlagani uchun tugamaydi. Urushlar yo qat’iy yorib o‘tish yo diplomatik kelishuv tufayli tugaydi.
Stefan Volf: Sizning taxminingiz xuddi menikidek aniq bo‘lishi mumkin. Ukraina yana 400-500 ming kishini safarbar qilmoqchi, bu yo‘lda hattoki xorijdagi erkaklarni ham chaqirish ehtimoli bor. Frontdagi harbiylar soni qariyb teng, lekin yuqorida aytganimdek, Rossiyaning zaxiralari katta, chunki bu ulkan davlat. Umid qilamanki, tomonlardan biri to‘liq o‘z resurslarini bitirgunga qadar tomonlar qandaydir kelishuvga erisha olishadi.
Uilyam Kortni: Yaqinda Volodimir Zelenskiy Ukrainaga yana 500 ming harbiy kerakligi haqida gapirdi. Menimcha, har ikki davlat rahbariyati o‘rta sinf vakillari va yirik shaharlarda yashovchilar urushga borishga tayyormi, kabi risklarga baho berishgan. Albatta, ukrainlarda urushish uchun chog‘lanish kuchli, lekin baribir. Bundan tashqari, Rossiya piyodalar to‘lqinidan foydalanib hujumga o‘tib, askarlarini muqarrar o‘lim changaliga tashlamoqda. Bu qo‘shinning ruhini cho‘ktirib yuboradi va urushga mutlaqo tayyorgarliksiz odamlar jalb qilinishiga olib keladi.
— 2024 yilda ham bir yil avvalgidek Rossiya tomonidan Ukraina fuqarolik infratuzilmasini bombardimon qilish kampaniyasini kutish kerakmi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Barcha harbiy ekspertlar Rossiya fursat poylab qishda bunday kampaniyaning navbatdagisini amalga oshiradi, degan fikrda. Zarbalar qanotli raketalar va ko‘proq dronlar vositasida beriladi. Biroq Ukraina qurolli kuchlari borgan sari bunday nishonlarni ushlab, urib tushirishni yaxshiroq uddalamoqda. Rossiya yoppa zarba berish bilan bog‘liq qandaydir noxush syurpriz tayyorlayotgan bo‘lishining ehtimoli katta — har qanday havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimida chek-chegara bor, nazariyaga ko‘ra uni yengib o‘tish mumkin. Bunday kampaniya holdan toydiruvchi urush mantig‘iga ham to‘g‘ri keladi: taktik infratuzilma obektlariga berilgan zarbalar davlat iqtisodiyotini qizdirib yuboradi va qo‘shimcha muammolar yaratadi.
Stefan Volf: Strategik jihatdan bunday kampaniya juda mantiqli ko‘rinishga ega. Albatta, bu fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berishni taqiqlovchi, kombatantlar va oddiy aholini ajratish borasidagi urush olib borish bo‘yicha xalqaro qoidalar buzilishi bo‘ladi. So‘nggi ikki yil shuni ko‘rsatdiki, bu Rossiyani aslo tashvishlantirmaydi. Bundan tashqari, Rossiya harbiy sanoat kompleksi armiyani raketa va dronlar bilan to‘xtovsiz ta’minlashni eplayapti, shu sababli Ukraina shaharlarini bombardimon qilish davom etadi. Biroq, Ukraina HHM tizimlari bir yil avvalgidan kuchliroq. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati borgan sari Rossiya zarbalari mantig‘ini yaxshiroq tushunib borishmoqda, bu ularga ko‘plab bombalashlarni ancha boshlang‘ich bosqichida aniqlab, bartaraf etish imkonini beradi. Shu sababli ruslarning raketa kampaniyasi o‘tgan yil qishida bo‘lganidek muvaffaqiyatli kechmasa kerak.
Uilyam Kortni: Ukraina shaharlariga raketa zarbalari va kamikadze dronlar hujumlari davom etadi. Bu hol Rossiya uchun foydali, chunki Ukrainaning yirik aholi punktlarini elektrsiz qoldiradi. Biroq, bu choralar Ukraina qurolli kuchlarining to‘plagan tajribasi tufayli 2022 yildagidan kamroq samarali bo‘ladi.
— 2024 yilda Rossiya osmonda uzil-kesil to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritish xavfi bormi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Rossiyaning osmonda nisbatan ustunligi bor, chunki ularda samolyotlar va tajribali pilotlar ko‘proq. Biroq bu to‘liq mahv etuvchi hukmronlikka aylana olmadi, chunki Ukrainaning urush mobaynida kuchayib borgan HHM tizimini yo‘q qilish texnika va shaxsiy tarkibning ulkan qismidan ayrilishga olib kelardi. Biroq, bu yerda asosiysi mahoratda. Amerikaliklar bu taktikani Viyetnam urushi davridan buyon qo‘llab kelishadi va tajriba uchun katta to‘lov to‘lashgan.
Ukraina hozir osmonni 2023 yil boshidagidan yaxshiroq qo‘riqlay olyapti. Rossiya bosqini avvalida Ukraina qurolli kuchlari faqat sovet davridan qolgan HHMga tayangan bo‘lsa, hozirga kelib ittifoqchilar tomonidan yangi va zamonaviy komplekslar yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ular osmonni uzoq, o‘rta va yaqin masofalarda qo‘riqlash imkonini beradi. Bu esa Rossiya samolyotlari front chizig‘idan narigi yoqqa, Ukraina ichkarisiga kira olmasligiga olib kelgan.
Avenger zenit kompleksi Kiyev yaqinida. Bu Amerikaning zenit-raketa kompleksi bo‘lib, 2022 yil noyabrida Ukrainaga 400 million dollar miqdoridagi navbatdagi harbiy yordam paketidan o‘rin olgandi. 2023 yil sentabrida ham AQSh ushbu havo hujumidan mudofaa tizimini yangi harbiy yordam paketiga kiritgandi. Foto: Kostya Liberov / Libkos / Getty Images
Stefan Volf: Bu Ukraina ittifoqchilaridan qanday qurol-yarog‘ vositalari ololishiga bog‘liq. Menimcha, tomonlardan hech biri osmonda ustunlikni qo‘lga kirita olmaydi.
Uilyam Kortni: Ukrainaning g‘arbdagi ittifoqchilari mamlakat HHM tizimini sezilarli tarzda kuchaytirgan bir nechta komplekslar bilan ta’minlashdi. Bu Ukraina qurolli kuchlariga Rossiyaning ko‘plab dronlari va raketalarining sezilarli qismini yo‘q qilish imkonini berdi. Ayniqsa Patriot tizimining foydasi katta bo‘ldi — uning yordamida Ukraina qurolli kuchlari 2018 yilda Putin RF Federal Kengashiga murojaatnomasida maqtangan «Kinjal» gipertovushli raketalarini ham urib tushirmoqda. Shu sababli, Rossiya osmonda hukmronlikka ega bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, RF QKda bu maqsadni ta’minlovchi stels-samolyotlar ham yo‘q. Dronlarni raketa bilan urib tushirish ancha qimmatga tushayotgani ham bor gap. Menimcha, Ukraina qurolli kuchlari kelgusida HHMning iqtisodiy tarkibiy qismini takomillashtirishi kerak.
— Rossiya va Ukrainaning qurol-yarog‘ zaxirasini hozir qanday tasvirlash mumkin?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Ukraina uchun AQSh va Yevropa Ittifoqidan qurol-yarog‘ yetkazilishi kritik darajada muhim bo‘lib turibdi. Snaryadlar, ehtiyot qismlar va zirhli texnikalar yetkazilishidan tashqari, Ukraina qurolli kuchlariga hududlarni minalardan tozalash uchun injyenerlik texnikasi ham kerak.
Toki Rossiya Ukrainaning kritik infratuzilmasiga zarba berish niyatini saqlab turgan ekan, unga uzoq masofani ura oladigan raketalar va dronlar ham kerak. Bu ma’noda Rossiya Eronga bog‘lanib qolgan, garchi 2023 yilda Shahed dronlarini ishlab chiqarish qisman Tataristonda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa ham. Boshqa jihatdan Rossiyaga ham o‘q-dorilar, tanklar va zirhli texnikalar kerak — tomonlarning bu boradagi ehtiyojlari qariyb bir xil. Shuning uchun ular qayerda mavjud bo‘lsa, o‘sha yerdan snayard izlashmoqda. Bu yerda KXDRdan sovet qurol-yarog‘larining ehtimolli yetkazib berilganini ham unutmaslik kerak.
Ukrainaga yorib o‘tish pozitsion tupikdan chiqish uchun kerak. U yangi texnologiyalar tufayli, ayniqsa dronlar tufayli hosil bo‘lgan: tomonlarning hech biri ularga qarshi nima qilishni bilmayapti. Biroq, frontdagi vaziyatni boshdan oyoq o‘zgartirib yuboradigan mo‘jizaviy qurolning o‘zi yo‘q. Hattoki F-16 samolyotlari ham o‘zgartirolmaydi. Ukraina qurolli kuchlari uchun qurollarni yetkazib berish davom etishi muhim, lekin u harbiy rahbariyatning yangi texnologiyalarni hisobga olib operatsiya rejalashtirishini taqozo etadi.
Stefan Volf: Ukraina qurolli kuchlarida hamon 5,56 mm.lik patronlarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda. To‘laqonli qarshi hujum uchun tanklar va zirhli texnikalar yetarli emas, ko‘proq HHM komplekslari talab etiladi. Bu Ukraina harbiy texnikalarni ta’mirlash bilan shug‘ullanishi qiyin ekaniga ham bog‘liq, chunki zavodlar mudom zarba nishoni bo‘lish xavfi ostida qoladi. Ularni mamlakat g‘arbida va qo‘shni NATO a’zolari hududida qurishga majbur bo‘lishmoqda. Biroq yangi muammo paydo bo‘lgan — texnikalarni mamlakat bo‘ylab tashish. F-16 samolyotlari paydo bo‘lishi bu vaziyatni yengillashtirishi mumkin.
Lekin baribir urushning borishini keskin o‘zgartirib yubora oladigan «sehrli qurol» yo‘q. Faqatgina to‘g‘ri strategiya va yetarli miqdordagi sifatli qurol-yarog‘lar kombinatsiyasi yorib o‘tishni ta’minlashi mumkin. Fikrimcha, Zalujniy noyabr oyidagi maqolasida aynan shuni nazarda tutgan va men bu yaqin 9-12 oy ichida ro‘y beradi, deb o‘ylamayman. Avval aytganimdek, 2024 yilda status-kvo saqlanib turadi va har ikki mamlakatga resurslarni ko‘paytirib olishga imkon beradi.
Rossiya harbiy sanoat kompleksi ancha standart rejimda ishlashda davom etmoqda. KXDR va Erondan yetkazilayotgan qurol-yarog‘lar ham RF QKning texnik zaxiralarini biroz oshirgan. Lekin g‘arb qurol-yarog‘lari texnologik jihatdan zo‘rroq — Ukraina qurolli kuchlariga qurol yetishmasligining o‘rni ba’zan sifat bilan qoplanmoqda.
Uilyam Kortni: Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukraina uchun tobora muhim sheriklarga aylanib bormoqda, bu holda AQShning ahamiyati biroz pasaygan — ayniqsa Kongressdagi siyosiy o‘yinlar tufayli. Rossiya o‘z zaxiralarini qoqishtirishda davom etmoqda, Ukrainada 60 yillik T-62 tanklaridan foydalanilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ham bor.
Kutilganidek, Rossiya yangi avloddagi qurol-yarog‘lar, jumladan «Armata» tanklari va Su-57 samolyotlarini ishlab chiqarishni yo eplay olmadi, yo ulgurmadi. Shuning uchun Rossiya harbiy sanoat kompleksi eskirgan qurol-yarog‘larni ishlab chiqarish bilan band. Rossiyaga KXDRdan eski sovet texnikalari yetkazib berilmoqda, Eron RF QKni kamikadze-dronlar bilan ta’minlamoqda. Xitoy Rossiyani to‘laqonli qo‘llashga shoshilmayapti, eng katta xizmati sanksiyalarga chap berib olib kirilayotgan tarkibiy qismlar kontrabandasiga ko‘z yumib turibdi. Qayd etish kerakki, dunyoda hali urushni Ukraina foydasiga hal qilishi mumkin bo‘lgan qurol o‘ylab topilmagan.
— 2024 yilda Ukraina dastlabki F-16 samolyotlarini qabul qilib oladi. Samolyotlar urushning borishiga ta’sir o‘tkaza oladimi?
Stefan Volf: Ular Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytiradi, lekin urushning rivojini o‘zgartira olmaydi. Shu bilan birga, F-16 samolyotlari g‘arb davlatlari tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni namoyish etish borasida muhim ramziy rolga ega.
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Hech qanday qurol-yarog‘ urushning borishini kritik darajada o‘zgartira olmaydi. Yaqqol misol — HIMARS tizimlari, ular RF QKning holatini og‘irlashtirdi, biroq rossiyalik harbiylar tez orada yangi xavfga chap beradigan bo‘lishdi.
Rossiya armiyasi ham urushni o‘rganmoqda, hozir ularda 2022 yilga nisbatan ojiz nuqtalar ancha kamaygan. Ukraina qurolli kuchlarning umumiy jangovarligi oshib bormoqda, biroq ukrainalik pilotlar yangi texnologiyadan foydalanishni tezda o‘rganishi muhim bo‘ladi.
Uilyam Kortni: Shu paytgacha har ikki tomonning HHM tizimlari ancha samarali harakat qilmoqda, shu sababli na rossiyalik, na ukrainalik uchuvchilar dushman hududiga uzoq vaqtga uchib kiryapti. F-16 samolyotlarini yetkazib berish vaziyatni o‘zgartirmaydi, lekin Ukraina qurolli kuchlarini ancha kuchaytiradi. Fikrimcha, F-16’dan Ukrainadagi yerusti operatsiyalarini havodan turib qo‘llash uchun foydalanilmaydi.
— Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya hududlari uzra urib tushirilgan dronlar haqida tez-tez xabar qilib turibdi. Sizningcha, 2024 yilda Rossiya hududi bo‘ylab hujumlar hajmi oshadimi?
Stefan Volf: Bu Ukraina o‘z dronlarini ishlab chiqarishini qanchalik ko‘paytira olishiga bog‘liq.
Hozirgi bu hujumlar ko‘proq ramziy ma’noga ega: ukrainlar Rossiya osmoni o‘tib bo‘lmas emasligini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi va 2023 yilda aynan shuning uchun Kremlga hujum uyushtirilgan. Shuningdek, bu ukrainaliklarning jangovar ruhiyati mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ularda strategik mazmun juda kam. Dronlar ko‘proq jang maydonida kerak, shu sababli asosan o‘sha yerda ulardan foydalaniladi.
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Ukraina 2022 yilda buyon uzoq radiusga ucha oladigan dronlardan muntazam foydalanib kelmoqda. Yakkam-dukkam aksiyalar Rossiyani qo‘qqisdan dovdiratib qo‘ydi, shu sababli ularni muvaffaqiyatli o‘tgan deyish mumkin. Biroq vaqt o‘tishi bilan RF QK ularni Bryansk, Tula va Moskva oblastlari uzra urib tushirishni o‘rganib oldi.
Bunday hujumlardan maqsad muayyan obektlarni yo‘q qilishgagina qaratilmagan, rossiyaliklarga urush bo‘layotganini sezdirib qo‘yish uchun ham. Bu ma’noda, dron shunchaki Rossiya hududiga uchib kirsa ham Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatga erishayotganini bildiradi. Agar u yirik shaharlarga uchib bora olsa, Ukraina QK buni a’lo darajadagi muvaffaqiyat deb qabul qilishi kerak. Shulardan kelib chiqib, kampaniya davom etaveradi, deb taxmin qilish mumkin. Boz ustiga, Ukraina o‘zida dronlarni ko‘proq ishlab chiqarishga mablag‘ tikmoqda. Ularda tarkibiy qismlar va iqtidorli injyenerlar borasida muammo yo‘q.
Uilyam Kortni: Ukraina dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda, biroq ularning katta qismi Rossiya HHM tizimi tomonidan urib tushirilaversa Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati bunday hujumlar o‘zini oqlash-oqlamasligi borasida munozaraga kirishishi aniq.
— Rossiya armiyasida ayni damda shaxsiy tarkib yetarlimi? 2024 yilda Rossiyada yangi safarbarlikni kutsa bo‘ladimi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Menimcha yangi safarbarlik bo‘lmaydi. Rossiyaga frontda qo‘shin yetarli — Ukraina armiyasining katta yorib o‘tishlariga ortiq yo‘l qo‘ymaslik, zaxiralarni Ukraina QKdan qarshi hujumga o‘tish xavfi kelib turgan hududlarga ko‘chirish uchun odam yetarli. Shuningdek, Rossiya rahbariyati 2022 yil sentabrida hosil bo‘lgan vaziyat takrorlanmasligiga maksimal harakat qiladi, bu haqda Putin ham o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri liniyasida va’da berdi.
Stefan Volf: RF QK urushning dastlabki olti-sakkiz oyida kuzatilgan, Ukrainaning qarshiligiga yetarli baho berilmasligi natijasida paydo bo‘lgan shaxsiy tarkib yetishmasligi mavzusini yopib bo‘ldi. Hozirda Rossiyada to‘laqonli yangi safarbarlik to‘lqini tayyorlanmayapti. RF QK katta qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, 2022 yil kuzida harbiy xizmatga chaqirilganlarni o‘qitib, qurol-aslaha bilan ta’minlay olgan, yana bir necha yuz ming kishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bundan tashqari, iqtisodiyotning fuqarolik sektoridan yulib olingan bu qadar ko‘p insonlar mamlakat iqtisodiyotiga ziyon yetkazilishiga olib kelishi mumkin, bu esa urushning uchinchi yili sharoitida yangi muammo keltirib chiqaradi.
Uilyam Kortni: Rossiya qurolli kuchlarida pozitsion urush olib borish uchun inson resurslari yetarli, lekin qarshi hujumga o‘tish uchun yetarli emas. Ukraina qurolli kuchlari ham xuddi shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgan, qisman shu sababli Ukrainaning qarshi hujumi rejalashtirilganiga ters o‘laroq muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Putin safarbarlik masalasida jamoatchilik fikriga quloq tutishini namoyish etib bo‘ldi, biroq uning takrorlanish ehtimoli baribir saqlanib turibdi.
— Rossiyaning Ukrainada yadroviy quroldan foydalanish ehtimoli bir avvalgidan pastroqmi yoki yuqori?
Stefan Volf: Past. Yadroviy qurol — eng so‘nggi chora. Rossiya hozir nisbatan komfort vaziyatda va bu choraga qo‘l urish uchun hech qanday ehtiyoj yo‘q. Shuningdek, Si Jingpingning ogohlantirishini ham unutmaslik kerak.
Uilyam Kortni: Bir necha sabablarga ko‘ra ehtimollik past. Birinchidan, Rossiya ayrim maqsadlariga shundoq ham erishib turibdi. Ikkinchidan, RF QK yadroviy portlashdan keyingi sharoitlarda jang qilishga qodir emas. Uchinchidan, 2023 yilda Xitoy va Hindiston yetakchilari Vladimir Putinni atom bombasidan foydalanish borasida ochiqchasiga ogohlantirgan. Fikrimcha, hozir bunday qirg‘in qurolidan foydalanish ehtimoli urushning o‘tgan 22 oyi ichida eng past darajada.
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Ehtimollik bir yil oldin ham past edi, hozir ham shunday. Taktik yadroviy quroldan odatda frontda artilleriya o‘rniga foydalaniladi: jang maydonini tozalab, kultepaga aylangan joy bo‘ylab ilgarilash uchun. Ehtimol, rus harbiylarining shunday yo‘l tutish uchun qo‘llari qichib turgandir, lekin bu zarbadan so‘ng hudud uzoq vaqtgacha zararlanadi va yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi. Keyin ular bunday «ozod qilingan» yerni nima qilishadi?
Yadroviy quroldan foydalanish shundoq ham xalqaro maydonda obro‘si yer bilan bitta bo‘lib yotgan Rossiyaning ahvolini yanada og‘irlashtiradi. Rossiya hamon bir necha davlatlar bilan savdo, hattoki harbiy-texnika hamkorligini saqlab turibdi va ayrim savdo sohalarida ularga bog‘liq. Aytaylik, Xitoy, Hindiston va Braziliya bilan. Ular shu ondayoq Rossiya bilan har qanday aloqadan voz kechishadi, chunki yadroviy quroldan butun jahonda qo‘rqishadi. Kremldagilar buni tushunishadi.
— Noyabr oyida The Economist jurnalistlari ukrainalik mulozimlarga tayanib, Volodimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy o‘rtasida ziddiyat borligini yozib chiqishdi. Dekabr oyi boshida The Financial Times jurnalistlari Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni prezident Zelenskiy bilan birgalikda suratga tushmayotganiga urg‘u berishdi. Ukraina rahbariyatidagi potensial mojaro urushning borishiga ta’sir o‘tkazishi mumkinmi?
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Men Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasida muammo bor-yo‘qligini bilmayman. Ulardan hech biri menga qo‘ng‘iroq qilib, ikkinchisi ustidan shikoyat qilganicha yo‘q. Urush qilayotgan davlat uchun rahbarlar o‘rtasidagi mojaro albatta yomon. Nima bo‘lgan taqdirda ham, kuch birlikda, har qanday siyosiy o‘yinlar barchasini barbod qiladi.
Stefan Volf: Elita orasidagi to‘qnashuvlar doimo davlat uchun xavfli bo‘lib kelgan. Hokimiyat koridorlarida nimalar bo‘layotgani haqida fikr yuritish qiyin, ammo Zalujniy hamon aholi o‘rtasida mashhurligini saqlab turibdi. Uning kutilmaganda iste’foga chiqarilishi uning siyosiy karerasi boshlanishi, Zelenskiyga o‘ta kuchli raqib paydo bo‘lishiga olib keladi va bu uning uchun xavfli. Shu sababli Zalujniyning iste’foga chiqarilishi ehtimoli kam.
Ukraina elitasi vakillari urushning dastlabki haftalaridagi — mamlakatda mutlaq birlik hosil bo‘lgan kayfiyatga qaytishi kerak. Biroq, g‘alabaga erishish tobora qiyinlashib borayotgan sharoitda birlikka erishish qiyinlashaveradi, shuning uchun insonlar «aybdor taka»ni qidira boshlashadi. Ichki mojarolar avj olmasligi uchun Ukraina 2024 yildagi konkret maqsadlarga e’tiborni qaratishi kerak, masalan, o‘z nazorati ostidagi hududlarni yo‘qotmaslik, zaxiralarni kengaytirish, va Donald Trampning ehtimoliy prezidentligiga tayyorgarlik ko‘rish. Bularning hammasi erishsa bo‘ladigan maqsadlar va buni ikki yildan buyon vatani uchun jabr chekayotgan aholi ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Uilyam Kortni: Siyosat aynan qanday qilib urushga ta’sir o‘tkazish mumkinligini aytish qiyin. Siyosiy beqarorlik og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar — masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida biz tartibsizlik tufayli Dyunkerk ostonasidagi falokatga yo‘liqqanmiz. Fikrimcha, Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi potensial ziddiyat shunga o‘xshash narsa tomon yetaklaydi, deb o‘ylamayman: biz qariyb ikki yildan buyon Kiyev tomonidan anchayin samarali boshqaruvga guvoh bo‘lib kelmoqdamiz.
— 2024 yilda frontdagi kuchlar nisbati qanday o‘zgarishi mumkin?
Stefan Volf: Umid qilamanki, hech narsa o‘zgarmaydi. Ammo qo‘rqamanki, agar g‘arb davlatlari Ukrainaga avvalgi hajmda yordam berish borasida kelisha olishmasa, Rossiya nisbatan ustunlikka ega bo‘la boshlaydi. Fikrimcha, Rossiyadagilar ham aynan shundan umid qilishmoqda: «Kelinglar, g‘arb urushdan charchaguncha kutib turaylik va so‘ngra sekin-asta Ukraina resurslarining qoldiqlarini yo‘q qilamiz», qabilida.
Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Kuchlar nisbati o‘zgarishini oldindan aytish juda qiyin. Biz hozircha g‘arb tomonidan qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi nima bo‘lishini aniq bilmaymiz. Men kamida AQSh ichki nifoqlarni yengib o‘tib, Ukraina QK uchun yangi yordamni ma’qullaydi, deb o‘ylayapman.
Rossiyaning taktikasi Ukrainani holdan toydirishga erishish nechog‘lik muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq: agar Ukraina bu muammolarni muvaffaqiyat bilan yengib o‘ta boshlasa, RF QK urush olib borishning yangi usulini topadi. Umuman olganda, bu urush har qanday prognozlar ish bermasligiga o‘rgatib bo‘ldi. Hech kim omad g‘ildiragi qayerga burilishini aniq aytib bera olmaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring