
“Real Madrid”ning yosh yulduzi Vinisius Junior so‘nggi “El-Klasiko” bahsidagi bahsli vaziyatdan keyin o‘z muxlislari oldida kechirim so‘radi. Unga ko‘ra, o‘yindagi ehtiros va g‘alaba istagi ba’zan uning hissiyotlarini nazorat qilishni qiyinlashtirgan.
“Bugun men barcha madridliklardan, klub rahbariyati va jamoadoshlarimdan “El-Klasiko”dagi xatti-harakatlarim uchun chin dildan uzr so‘rayman. Har doim g‘alaba uchun jon kuydiraman, shundan ehtiroslarim ba’zan haddan oshib ketadi. Ammo bu faqat bitta narsadan — “Real Madrid”ga bo‘lgan cheksiz muhabbatimdan kelib chiqadi,” — dedi braziliyalik futbolchi klubning rasmiy bayonoti orqali.
Vinisiusning ta’kidlashicha, u har doim klub sharafi uchun maydonda bor kuchini beradi va bu yo‘ldan qaytmoqchi emas. “Qirollik klubi uchun har bir soniyada kurashish men uchun sharaf. Men shu dunyoga kelganimdan beri g‘alabaga intilib yashayman. Bu ehtirosni hech narsa so‘ndirolmaydi,” — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, “El-Klasiko”ning 72-daqiqasida almashtirilgan Vinisius g‘azab bilan maydonni tark etgani va bu holat o‘yindan so‘ng keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ba’zi nashrlar uning “men ketaman” degan so‘zlarini qayd etgan bo‘lsa, klub ichida bu holat muhokama qilindi.
Shu bilan birga, “Real” murabbiylar shtabi Vinisiusning kechirimi va tushuntiruvini qabul qilgani aytilmoqda. U bugungi mashg‘ulotlarda jamoadoshlari bilan to‘liq ishtirok etdi va kayfiyati ijobiy ekanligi qayd etildi.
“Real Madrid” rahbariyati bu holatni yopilgan deb hisoblamoqda. Ammo futbolchi muxlislar oldida yana bir bor o‘z yurak so‘zini aytdi: “Mening fe’lim – raqobatbardosh, ehtirosli va g‘alaba uchun kurashuvchan. Shu hislar mening mehrimni, klubga sadoqatimni ifoda etadi.”
Braziliyalik vinger bu mavsumda “Real” safida 10 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urishga va 3 ta assist berishga ulgurdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!