
Ispaniya chempionatidagi asosiy to‘qnashuv — “El-Klasiko”dan keyin bahslar hanuz tingani yo‘q. Bu gal fikr bildirganlar orasida “Real Madrid”ning sobiq yarim himoyachisi, nemis afsonasi Toni Kroos ham bor.
Uning fikricha, “Barselona” bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa tarkibini tanlashda jiddiy xato qilgan va aynan shu qaror natijaga ta’sir ko‘rsatgan.
“Men tushunganim yo‘q, nega Flik Erik Garsiyani asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Texnik jihatdan u yomon emas, lekin fizik jihatdan bu o‘yin uchun mutlaqo mos emas edi. ‘El-Klasiko’ — bu nafaqat taktika, balki jismoniy kurash ham. Shu paytda Ronald Arauxo kabi baquvvat himoyachi maydonda bo‘lishi kerak edi,” — dedi Kroos.
Uning ta’kidlashicha, Vinisius va Mbappe kabi tezkor hujumchilarga qarshi Arauxo eng munosib nomzod bo‘lgan. “Barselona”ning bu qaror orqali jismoniy ustunlikni boy bergani natijada “Real” uchun imkoniyatlar yaratgan.
“Buni men shaxsan ajablanarli qaror, deb hisoblayman. Agar senda Vinisiusdek raketaga qarshi Arauxo bor bo‘lsa, nega uni ishlatmaslik kerak? Flik bu yerda taktik xato qildi va bu jamoaga qimmatga tushdi”, — deb qo‘shimcha qildi nemis sobiq yulduzi.
Ma’lumki, “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tgan “El-Klasiko”da “Real Madrid” “Barselona”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va turnir jadvalida raqibidan besh ochko uzoqlashdi.
Shu bilan birga, Xans-Diter Flik o‘yinni maydon chetidan boshqarmadi — u avvalgi turda qizil kartochka olgani uchun “El-Klasiko”ni masofadan nazorat qildi. Uning o‘rnini zaxira o‘rindig‘ida yordamchi murabbiy Markus Zorg egalladi.
Ko‘plab futbol tahlilchilari ham Kroos fikriga qo‘shilib, “Barselona”ning himoya markazidagi xatolar raqibga katta imkoniyatlar berganini ta’kidlashmoqda.
Bu mag‘lubiyatdan keyin kataloniyaliklar uchun chempionlik yo‘li yanada murakkablashdi — jamoa endi nafaqat “Real” bilan, balki ichki bosim bilan ham kurashishiga to‘g‘ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!