G‘arbiy sohildagi Ibron shahrida namoyishda qatnashayotgan qiz / Foto: AFP
Dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tasdiqlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. 172 davlat yoqlab, o‘ntasi betaraf ovoz bergan bo‘lsa, faqat to‘rtta davlat, jumladan, AQSH va Isroil qarshi ovoz berdi.
Bir vaqtning o‘zida Vashingtondagi siyosiy doiralar va ayrim ommaviy axborot vositalari “Arab ko‘chasi” va global janubning qolgan qismi manfaatlariga mutlaqo zid bo‘lgan Isroil-Falastin haqidagi “rivoyatlarni” takrorlay boshladi. “Ibrohim kelishuvlari” doirasini kengaytirish va bu orqali Falastin masalasini “ko‘mib tashlashga” urinishlari bilan Bayden ma’muriyati va AQSH tashqi siyosati idorasi arab dunyosini tushuna olmayotganini ko‘rsatdi.
2024 yilda ham “Arab ko‘chasi”ga xotirjamlik qaytmaydi
G‘azodagi keskinlik Falastin masalasi arab jamiyatlarida hamon muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi. 1948 va 1967 yillardagi Arab-Isroil urushlari va boshqa tarixiy voqealarning achchiq merosi mintaqadagi ko‘pchilik uchun g‘azab va norozilik manbayi bo‘lib qolmoqda. Oktyabr oyidan beri avtoritar hukumatlarning qattiq bosimiga qaramasdan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘ylab namoyishlar davom etar ekan, Falastin masalasi arab vatandoshlarini safarbar qilishda davom etishiga guvoh bo‘ldik. Aynan mana shu omil ko‘plab arab hukumatlari nuqtayi nazarida Falastin masalasi xavfini oshiradi.
Zero, har doim bo‘lganidek, arab mamlakatlaridagi Falastin birdamligi shiorlari ostidagi noroziliklar tezda boshqa masalalarni, jumladan, mintaqa davlatlari siyosiy yetakchilari Isroilning shafqatsizligiga nisbatan passivligi va Tel-Aviv bilan munosabatlari, shuningdek, korrupsiyadan tortib iqtisodiy noto‘g‘ri boshqaruvgacha bo‘lgan masalalarni yuzaga chiqarishi va hattoki, rejimlarning qonuniyligi bo‘yicha eski da’volarni qo‘zg‘ashi mumkin.
Iordaniya poytaxti Ammanda Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishi / Foto: Alaa Al Sukhni / Reuters
2024 yilda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan arab davlatlari, ayniqsa, Isroil bilan munosabatlarini mo‘tadillashtirgan davlatlarning yetakchilari G‘azo inqirozi butun mintaqada, xususan, ommaviy faollikda ishtirok etayotgan fuqarolik jamiyati vakillari orasida qanday kechayotganini diqqat bilan kuzatib boradi.
Mintaqadagi siyosatchilar o‘z hukumatlarining AQSH va Isroilga nisbatan manfaatlaridan voz kechmagan holda jamoatchilik g‘azabini qo‘zg‘atadigan nuqtalarda nozik muvozanatga erishishga intiladi. Bunday omillar, ehtimol, hech bir arab davlati 2024 yilda Isroil bilan aloqalarni normallashtirmasligini anglatadi.
Falastin muammosi arab mamlakatlarida ichki o‘yin ko‘rsatish usullaridan tashqari, ko‘rfaz arab davlatlari submintaqasi xavfsizlik arxitekturasida kuzatishga arziydigan muhim dinamikaga ham sabab bo‘ladi. Bu mojaroning yanada mintaqaviylashuvi va xalqarolashuvi AQSH va Eronning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokini ehtimoliy ssenariy sifatida inkor etib bo‘lmasligini anglatadi. Bu ro‘y bergan taqdirda, Eronning arab dunyosidagi bevosita qo‘shnilari va Vashingtonning yaqin harbiy ittifoqchilari yoki hamkorlari bo‘lgan ko‘rfaz monarxiyalari nizoga eng ko‘p tortilgan arab davlatlari bo‘ladi.
Isroil-Eron qarama-qarshiligi va ko‘rfaz monarxiyalari: muvozanatli diplomatiya
Isroilning G‘azoga qarshi urushi bu yil ham davom etsa-da, Isroil-Eron munosabatlaridagi keskinlikning yanada ortib borishini kutishga asos yo‘q. Tel-Aviv va Tehronning bir-biriga nisbatan dushmanligi va har ikki tomondan qo‘llab-quvvatlanadigan nodavlat aktyorlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar ehtimol kuchayishi mumkin.
Xavfsizlik dilemmasi kontekstida Eron va ko‘rfaz monarxiyalari, xususan, Saudiya Arabistoni va BAA mojaro kengayib ketishi xavfi borligi sabab muvozanatni saqlashga va shu bilan birga harbiy qudratini yanada oshirishga harakat qiladi. Mavjud vaziyatda ko‘rfaz monarxiyalari Eron bilan aloqani davom ettirib, mojaroni Isroil-AQSH ittifoqi va Eron boshchiligidagi qarshilik o‘qi doirasida qoldirishga intiladi.
Bunga Ibrohim kelishuvlaridan qat’i nazar erishish mumkin. Biroq agar Isroil Eron va AQSHni to‘g‘ridan to‘g‘ri urush harakatlariga jalb qila olsa, ko‘rfaz monarxiyalari harbiy harakatlarning markaziga tushib qolishi aniq. Bunday vaziyatda mo‘tadillashayotgan aloqalar yashin tezlikda buziladi: zero, agar vaziyat talab qilsa, Eron raketalari yetib boradigan Amerika nishonlarining deyarli barchasi Iroq va ko‘rfaz hududida joylashgan.
Shuningdek, Yaman, Iroq, Suriya, Livan va Falastindagi turli “militsiya” guruhlar Isroilning falastinlik tinch aholiga nisbatan urush jinoyatlari va vayrongarchiliklari fonida Isroilga va g‘arbga qarshi kurashish maqsadida yangi rejalarni ishlab chiqishda davom etadi.
Ko‘rfaz monarxiyalari Suriyadagi fuqarolik urushining dastlabki yillarida bo‘lgani kabi, ushbu militsiya guruhlaridan ayrimlarining harakatlarini nazorat qilish yoki ulardan foydalanishga harakat qilsa ham, ular bu guruhlarni to‘liq nazorat qilish uchun har doim ham strategik tafakkur va resurslarga ega emas. Bu mintaqaviy xavfsizlik muammolarini yanada kuchaytiradi.
Suriyaning “arab ko‘chasiga” qaytishi
2011 yilda, Arab bahori vaqtida namoyishlarni zulm bilan bostirgani ortidan Arab ligasidagi ishtiroki to‘xtatilgan Suriya 2023 yilda ligaga qaytdi. Liganing 2023 yil 19 maydagi Jidda sammitida Bashar Asad (chapdan uchinchi) ishtirok etdi. / Foto: Handout via Reuters
Prezident Bashar al-Asad boshchiligidagi Suriya hukumati o‘tgan yili Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada reabilitatsiyaga erishish bo‘yicha katta yutuqlarga erishdi. Damashq rasman Arab Ligasining to‘la huquqli a’zoligini qaytarib oldi, Asadning o‘zi esa ko‘rfaz monarxiyalaridan Ummon, BAA va Saudiya Arabistoniga davlat tashriflarini amalga oshirdi.
Bu tendensiya 2024 yilda qanday rivojlanishi ham e’tiborga molik masala. G‘azodagi urushning ehtimoliy oqibati ko‘rfaz monarxiyalarining (Qatardan tashqari) Damashq bilan munosabatlarni chuqurlashtirishiga turtki berishi mumkin. Asadning 2023 yil 11 noyabr kuni Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan qo‘shma favqulodda sammitida ishtirok etishi shu fikr uchun ehtimol asos bo‘ladi.
Shu tariqa, Isroilning Falastinga hujumi Suriyaning 2023 yilda boshlangan arab davlatlariga reintegratsiyasini tezlashtirishi mumkin. Hech bo‘lmaganda ritorik darajada Falastin arablar orasida tez-tez birlashtiruvchi omil bo‘lib kelgan va hozir ham bu muammo arab davlatlarini, hatto yuzaki bo‘lsa ham, bir-biri bilan murosa qilishga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, ba’zi ekspertlarning ta’kidlashicha, kaptagon (sintetik narkotik) savdosi kabi turli muammolar Suriyaning “arab ko‘chasiga” qaytishiga sekinlashtiruvchi sur’at beradi.
Shu bilan birga, kuzatuvchilarning fikricha, G‘azodagi urush arab rasmiylarining Suriyaga 2023 yildagiga qaraganda nisbatan kamroq e’tibor berishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Suriya rejimining arab dunyosi diplomatik doirasiga qayta qo‘shilishi 2024 yilda “sekin, lekin barqaror” davom etadi.
Saudiya-Eron detanti
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 2023 yil 11 noyabr kuni G‘azodagi urushga bag‘ishlab Jiddada bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab ligasining qo‘shma sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazmoqda. / Foto: Eron prezidentining matbuot xizmati
G‘azodagi urushda Eron va Saudiyaning munosabati har doim muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Mazkur urushdan yetti oy avval 2023 yilning 10 mart kuni Pekinda Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida Xitoy, Ummon va Iroq vositachiligida renormalizatsiya bo‘yicha kelishuv imzolangan. Bu kelishuv so‘nggi bir necha yil ichida mintaqadagi yirik diplomatik yutuqlardan biri sifatida baholandi. Ar-Riyod va Tehronning munosabatlari 2024 yilda qanday rivojlanishini kuzatish mintaqa siyosiy hayoti uchun ham, shu bilan birga G‘azodagi urushga ta’sir ko‘rsata olishi nuqtayi nazaridan ham muhimdir.
Kuzatuvchilar ikki tomonlama munosabatlar diplomatik jihatdan samimiy bo‘lsa-da, Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi munosabatlar juda chuqurlashishini kutish kerak emas deb hisoblaydi. Isroilning ehtimoliy harakatlaridan keyin Eronning mintaqaviy nishonlarga ommaviy javob hujumlari kabi kutilmagan vaziyatlarni hisobga olmaganda, yarashuv tendensiyasi diplomatik darajada davom etishi mumkin, ammo bu ko‘p qirrali munosabatlar va strategik ahamiyatga ega biror bir darajaga ko‘tarilishi dargumon. Urushdan keyin hatto ba’zi davlat tashriflari bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘pi bilan mintaqadagi yangi rivojlanish emas, balki oldingi status-kvoning qaytishini anglatadi.
Bu yil biz Saudiya Arabistoni ham, BAA ham Islom Respublikasi bilan bo‘lgan detantni saqlab qolishni xohlashini kutishimiz mumkin. Bu ikki davlat Vashingtonga qo‘shilib Eronning tashqi siyosatidan jiddiy xavotirlanib, uning mintaqadagi kun tartibiga shubha bilan qarasa-da, Saudiya va Amirlik rasmiylari agar tartibsizliklar ko‘rfazga ko‘chib, bu yerda kuchayib borsa, ularning ulkan iqtisodiy rejalari amalga oshmay qolishini tushunishadi.
Bu omil nima uchun Ar-Riyod ham, Abu-Dabi ham Eron bilan muammolarini hal qilishga intilayotgani va u bilan ziddiyatlarga boshqa qaytmasliklarini istashini tushunishda muhim omildir. Har ikki arab davlati ham Eron tomonidan 2019 yil yarimorolning energetika infratuzilmasi va ko‘rfaz monarxiyalari suv chegaralaridagi kemalarga hujumlar bilan yakunlangan va hech bir ishonchli tashqi yordam ololmagan ziddiyatli vaziyatga boshqa duch kelishni istamaydi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Eronning roziligisiz Isroil-Falastin mojarosiga doimiy siyosiy yechim topib bo‘lmaydi va ayni urush vaziyatidagi e’tiborga molik jihati shundaki, Tehron Ar-Riyodda o‘tkazilgan Arab-Islom sammitining ikki davlat tamoyili bo‘yicha yechimni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha yakuniy bayonotini ma’qullagan edi.
Saudiya Arabistoni va BAA urush strategik landshaftni qanday qayta shakllantirgani va Eronning mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani qabul qilishi strategik siljishmi yoki AQSH sanksiyalarini aylanib o‘tish uchun taktik harakatmi kabi savollar 2024 yilda ham ko‘rfaz monarxiyalari yetakchilarining Eron bilan munosabatlarini kuzatib borish uchun asos bo‘ladi.
Shavkat Ikromov,
Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Los-Anjelesdagi yongʻin kelib chiqishining texnogen sababi oʻrganiladi
Trampning "xarxasha"lari borasida AQShdagi oʻzbekistonlik vatandoshlar qanday fikrda?
Moldova prezidentiga 2024 yilda berilgan eng qimmat sovgʻa ma'lum qilindi
Trampning oʻgʻli Grenlandiyada AQShni qoʻllab-quvvatlashlari uchun uysizlarga pul berdi
Advokat: Janubiy Koreya prezidenti oʻz xavfsizligi uchun xavotirda
Trampning maslahatchisi Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini aytdi
Eron yangi kamikadze-dron yaratdi
Habib Nurmagomedov AQShda styuardessa bilan tortishgani uchun samolyotdan tushirib yuborildi