21:50 / 16.04.2024
182

Eron-Isroil mojarosi: siyosatshunoslar qanday fikrda?

Eron-Isroil mojarosi: siyosatshunoslar qanday fikrda?
Joriy yilning 13 aprel kuni tunda Eron tomonidan Livan, Iroq va Yaman hududidan Isroilning harbiy bazalariga raketa hujumlari amalga oshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 5 soatga yaqin davom etgan havo hujumida Eron Isroil tomoniga 185 ta dronlar, 36 ta qanotli raketalar va 110 ta “yer-yer” turkumidagi raketalar uchirgan.

“Daryo” ushbu mavzu doirasida bir qancha siyosatshunoslarning fikr-mulohazalarini o‘rgandi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Yaqin Sharqda yangi va katta urush uchun zamin to‘liq tayyor bo‘lgani haqida yozdi.

“Isroil Eron elchixonasiga hujum qilib, stavkani oshirgan edi. Bunga javoban, Eron tarixda birinchi marta Isroil hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilib, stavkani yanada oshirdi. Katta eskalatsiya!

Eron Isroilga hujum qilishidan oldin o‘z ittifoqchilari bilan kelishgan bo‘lishi kerak. Endi Isroil va AQSHning javobini kutish kerak. Yaqin Sharqda yangi va katta urush uchun zamin to‘liq tayyor bo‘ldi. Bu hujumlar bilan Eron katta urushga tayyor ekanligini bildirdi”, — deb yozdi Kamoliddin Rabbimov.

Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Mixail Shraybmanning ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri Netanyaxuga urush kerak va Eron tomonidan amalga oshirgan hujum u uchun ayni muddao.

“Rasmiy Tehronning aytishicha, ular Isroilga raketa zarbasi yo‘llaganidan so‘ng, voqea tugagan. Eron amerikaliklar Qosim Sulaymoniy yo‘q qilinganidan keyin ishlatilgan mantiqdan kelib chiqishadi. Sulaymoniy o‘ldirilganiga javoban Eron Iroqdagi Amerika bazasiga raketa hujumi uyushtirgan edi. O‘shanda AQSH urush boshlamagan. Chunki Amerika Eron bilan urushdan manfaatdor emas. Shuningdek, bu yerda ham — Isroil aprel oyi boshida Damashqda general Muhammad Zohidiyni o‘ldirgan va eronliklar bunga raketa hujumi uyushtirib javob qaytarishdi.

Lekin Bibi Netanyaxu — bu boshqa gap. Uning hokimiyatni ushlab qolishi va qamoqdan qutulishi uchun uzoq muddatli urush kerak. Amerikaliklar uni to‘xtatishga harakat qilishlari mumkin, lekin bu muvaffaqiyatli bo‘lishi aniq emas. U yaqinda Eronga zarbalar bilan javob qaytaradi. Ehtimol, eronliklar ham unga javob qaytarishar. Va hokazo. Eskalatsiya vaziyatida AQSH Isroilni to‘xtata olishiga ishonch yo‘q. Ularga urush avvalgidek kerak emas, lekin Netanyaxuga juda kerak. Eron Isroil bosh vaziri nimani xohlagan bo‘lsa, shuni amalga oshirdi”, — deya yozgan Mixail Shraybman.

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov ham Eron va Isroil o‘rtasidagi keskin vaziyat borasida o‘z fikr-mulohazalarini e’lon qildi.

“AQSH va Isroil Erondagi rejimning saqlab qolinishidan manfaatdor davlatlar sanaladi. Chunki Erondagi boshqaruv rejimi Yaqin Sharq mintaqasida sunniy va shia raqobatining mavjud bo‘lib turishi hamda musulmon olamining birlashuviga qarshi “boshqariladigan beqarorlik” muhitini yaratish uchun juda zarur. Ayrim arab monarxiyalari aynan sunniy-shia nizosi sababli va Sem tog‘aning bosimi ostida Erondan ko‘ra Isroil tomonida bo‘lishni afzal ko‘rmoqda. O‘z navbatida, Yaqin Sharqdagi strategik ahamiyatga ega musulmon davlatlaridan foydalanish holatlari Eron va Isroil (AQSH) tomonlari uchun odatiy holga aylangan.

Masalan, AQSH Eron generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishda Iroqdan foydalangan bo‘lsa, Isroil Eron generali Muhammad Zohidiyni yo‘q qilishda Suriyadan foydalandi. Eron esa Isroilga qarshi Livan, Yaman hududlaridan javob zarbasi berganini ma’lum qildi. Boshqacha aytganda, Eronning Isroildan oladigan “qasosi” ommani media orqali boshqarish uchun kerak, xolos. Undan ortig‘iga qo‘l urushi amaldagi Tehron rejimini xavf ostiga qo‘yadi.

Xullas, buni axborot niqobidagi proksi urushi deb atash mumkin. Ko‘rinib turganidek, ikkala davlat to‘g‘ridan to‘g‘ri bir-biri bilan urishmaydi. Bu o‘yinda faqat Falastin, Suriya, Iroq, Livan, Yaman singari davlatlar jabr ko‘radi”, — deya yozgan siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov.

Eronning Isroilga hujumi va sababi

4 aprel kuni Eron tunda 300 dan ortiq dron, qanotli va ballistik raketalar bilan Isroilga hujum qildi. Bunga Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga 1 aprel kuni bergan aviazarbasi sabab bo‘ldi. Hujum oqibatida 11 kishi, jumladan, 2016 yilgacha Livan va Suriyadagi “Quds” elita kuchlariga rahbarlik qilgan Eron harbiy maslahatchisi general Muhammad Rizo Zohidiy, uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy vafot etgan.

Eronning 14 aprel kuni Isroilga qilgan raketa hujumi
Foto: sanktpeterburg.bezformata.com

Holat yuzasidan AQSH razvedkasi Isroilni Eron tomonidan qasos hujumi bo‘lishidan ogohlantirgan, Bayden Isroilni doim qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Eronni hujum qilmaslikka chaqirgan. Bunga javoban Eron agar amerikalik harbiylar Isroil tomonda ularga qarshi jang qilsa, nishonga olinishlaridan ogohlantirgan. O‘z navbatida, AQSH harbiylari hafta oxirida Eron va Yamandan Isroilga uchirilgan 80 dan ortiq dronni urib tushirgan. Ular orasida kamida oltita ballistik raketa ham bo‘lgan.

Isroil armiyasining da’vo qilishicha,14 aprel kuni mamlakatga yaqinlashayotgan raketa va dronlarning 99 foizi Arrow uzoq masofali raketaga qarshi mudofaa tizimi va qiruvchi samolyotlar tomonidan yo‘q qilingan. Eron harbiy shtab-kvartirasi hujumni “muvaffaqiyatliroq” deb atagan va javob hujumi bo‘lgan taqdirda “kattaroq kuch bilan” zarba berishni va’da qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron-Isroil mojarosi: siyosatshunoslar qanday fikrda?