date

UFC afsonasi Bi-Jey Penn yana hibsga olindi

UFC afsonasi Bi-Jey Penn yana hibsga olindi

UFC tarixida ikki vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan afsonaviy jangchi Bi-Jey Penn yana huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiboriga tushdi. 45 yoshli sobiq sportchi 4-noyabr kuni Gavayi orollarida politsiya tomonidan hibsga olindi, deb xabar tarqatdi “MMA Fighting” nashri.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Penn uchinchi darajali qonunbuzarlikda ayblanmoqda. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va sobiq chempion vaqtincha 1 000 dollarlik garov evaziga ozod etilgan.

Bayonotda aytilishicha, jabrlanuvchi politsiyaga murojaat qilib, Penn uni bir necha bor musht va oyoq zarbalari bilan urib, tan jarohati yetkazganini bildirgan. Bu holatdan keyin jabrlanuvchi tibbiy yordam so‘ragan va politsiyaga rasman ariza yozgan. Tartibbuzarlik soat 11:50 atrofida Hilo shahridagi Lehua ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ofitserlar Pennni qarshiliksiz hibsga olishgan.

Bu holat jangchi uchun ilk emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida Bi-Jey Penn oltinchi marta hibsga olingan. Bundan avval, may oyida u o‘zining “haqiqiy oilasi”ni AQSH hukumati almashtirganini da’vo qilgan va hozirgi yaqinlarini “soxta odamlar” deb atagandi.

Penning bu so‘zlari jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘lgan va uning ruhiy holati borasida ko‘plab savollarni keltirib chiqargan. Sobiq jangchining yaqinlari ham uning so‘nggi paytlarda o‘zini notinch tutayotganini va psixik holati jiddiy yomonlashganini aytgan.

Bi-Jey Penn UFC tarixida o‘z o‘rniga ega jangchi hisoblanadi. U yengil va yarim yengil vazn toifasida chempion bo‘lgan kam sonli sportchilardan biri sifatida MMA tarixida muhrlanib qolgan. Biroq so‘nggi yillarda u jang maydonida emas, balki shov-shuvli hodisalar bilan ommaviy axborot vositalari sarlavhasida ko‘p ko‘rinayotgani sport jamoatchiligini afsusga solmoqda.

Hozirda politsiya tergov ishlarini davom ettirayotgani ma’lum qilindi. Garov evaziga ozod qilingan jangchining keyingi taqdiri sud qaroridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » UFC afsonasi Bi-Jey Penn yana hibsga olindi