
AQSH Qurolli kuchlari qit’alararo ballistik raketa sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Kaliforniyadagi Vandenberg harbiy bazasidan start olgan Minuteman III raketa 5-noyabr kuni uchirildi va bu sinov AQSH yadroviy tizimining tayyorligi hamda ishonchliligini yana bir bor tasdiqladi, deb xabar berdi mamlakatning Kosmik kuchlari qo‘mondonligi.
Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, GT 254 deb belgilangan ushbu test rejali ravishda o‘tkazilgan va u strategik qurol tizimining samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Raketa taxminan 4200 milya (ya’ni 6800 kilometr) uzoqlikni bosib o‘tib, Marshall orollari hududidagi Kvajaleyn sinov poligoniga yetib borgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, barcha jarayonlar qat’iy xavfsizlik protokollari asosida o‘tkazilgan va sinov orqali AFGSC (Global zarbalar qo‘mondonligi) uchun muhim texnik ma’lumotlar to‘plangan. Ushbu ma’lumotlar kelgusida raketalar tizimini yangilash va strategik tayyorlikni baholashda qo‘llaniladi.
Shu kuni Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov ham yadroviy qurol sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish taklifini ilgari surdi. Bu holat yadroviy raqobat borasida yangi bosqich boshlanayotganini anglatishi mumkin. Belousovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH so‘nggi yillarda qurollarni qisqartirish bo‘yicha xalqaro kelishuvlardan bosqichma-bosqich chekinayotgan va o‘z arsenalini modernizatsiya qilishni jadallashtirgan.
Qizig‘i shundaki, Belousovning bayonotidan bir hafta avval AQSH prezidenti Donald Tramp ham yadroviy sinovlarni qayta tiklash haqida gapirgan edi. Uning aytishicha, “Rossiya va Xitoy sinovlar o‘tkazayotgan bir paytda, AQSH ham o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishi lozim”. Shuningdek, Tramp Shimoliy Koreya va Pokiston ham yadroviy dasturlarini faollashtirganini ta’kidlab o‘tgan.
Tahlilchilarning fikricha, Vashingtonning bu qadami Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “Burevestnik” qanotli raketa va “Poseydon” suvosti qurilmasini sinovdan o‘tkazgani haqidagi bayonotlariga javob sifatida baholanmoqda.
Ma’lumot uchun, Minuteman III raketasi 1970-yildan beri AQSH qurollanishida bo‘lib, u mamlakatning yadroviy salohiyatidagi asosiy ustunlikni ta’minlaydi. Raketaning maksimal uchish masofasi 12 ming kilometr, bu esa uni dunyodagi eng uzoq masofaga yetkazuvchi qurollardan biriga aylantiradi.
Hozirda AQSHda shunday 400 ta Minuteman III shaxta tipidagi raketa bor bo‘lib, ularning har biri uchtagacha yadroviy kallakni olib yurishi mumkin. Ular mamlakatning uchta asosiy harbiy bazasida — Montanadagi Malstrom, Vayomingdagi F.E. Uorren va Shimoliy Dakotadagi Maynot aviabazalarida doimiy jangovar holatda saqlanmoqda.
Shu tariqa, so‘nggi sinov AQSHning yadroviy strategiyasidagi doimiy tayyorlikni namoyon etib, Vashington va Moskva o‘rtasidagi harbiy-texnik tenglik borasidagi raqobatni yanada kuchaytirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!