
Yaponiyaning shimoliy hududlarida ayiqlarning hujumlari keskin ko‘paygani sabab hukumat armiyani safarbar etdi. Associated Press’ning ma’lumotiga ko‘ra, aprel oyidan beri ayiqlar o‘nlab odamlarga hujum qilgan, 12 kishi halok bo‘lgan.
Hukumat statistikalariga ko‘ra, yil boshidan buyon aholiga yaqin joylarda 8 mingdan ortiq ayiqlar paydo bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan olti baravar ko‘pdir. Eng og‘ir vaziyat Akita prefekturasida kuzatilmoqda — aholi kechqurun uydan chiqishga qo‘rqmoqda, o‘rmon yo‘llar esa bo‘m-bo‘sh.
Bosh vazir Sanae Takaiti armiyani fuqarolik xizmatlariga yordam berish uchun safarbar qilishga qaror qildi. Harbiylar qurollanmagan — ular qalqon, to‘r va maxsus spreylardan foydalanadi. Ularning vazifasi tuzoqlar o‘rnatish, hayvonlarni ushlash va ovchilarga yordam berishdan iborat.
Mutaxassislar ayiq hujumlarining ko‘payishini iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat tanqisligi bilan izohlamoqda. Odamlar kamayib borayotgan qishloq joylariga hayvonlar tobora yaqinlashmoqda, ovchilar sonining qisqarishi esa bu muammoni yanada chuqurlashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!