
Italiyaning Nova axborot agentligi muxbiri Gabriele Nunsiati Yevropa komissiyasi brifingida G‘azo bo‘yicha savol berganidan so‘ng ishdan bo‘shatildi.
13 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalist Yevrokomissiya rasmiylaridan urushdan keyingi G‘azoni qayta qurish uchun tovon to‘lash masalasi haqida so‘ragan. U Yevropa Ittifoqi Rossiyadan Ukraina uchun tovon talab qilayotganini eslatib, “bu tamoyil Isroilga ham tegishlimi?” degan savolni bergan.
Komissiya vakili Paola Pigno savolga javob berishdan bosh tortgan. Oradan bir necha kun o‘tib, Yevroparlament a’zosi Gaetano Pedulla jurnalistning ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Nunsiati bu xabarni Anadolu agentligiga tasdiqladi, ammo tafsilotlarni oshkor etishdan bosh tortdi.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ilgari ham Isroilni ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqidga uchragan. Shu bois bu voqea Yevropa matbuot erkinligi borasidagi muhokamalarga yana o‘t yoqqani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!