19:09 / 08.08.2024
49

Eynshteynning atom bombasi kashf etilishiga sabab bo‘lgan maktubi haqida: “Hayotimdagi katta xato”

Eynshteynning atom bombasi kashf etilishiga sabab bo‘lgan maktubi haqida: “Hayotimdagi katta xato”
Eynshteyn Berlin universitetidagi xonasida. 1920 yil
2023 yilda katta ekranlarda “Oppenheymer” biografik filmi namoyish etilgandi. Agar 1939 yil 2 avgustda yozilgan ikki sahifali maktub bo‘lmaganida, atom energiyasidan halokat uyushtirish uchun foydalanilgani haqida hikoya qiluvchi bu blokbaster shunchaki ilmiy fantastika bo‘lardi, deya yozadi BBC.

Fizik olim Albert Eynshteyn tomonidan AQSH prezidenti Franklin Ruzveltga yozilgan maktubda shunday deyiladi: “Yadro fizikasi bo‘yicha so‘nggi ishlar uranni yangi va muhim energiya manbaiga aylantirish mumkinligini ko‘rsatdi”. Eynshteyn bu energiya “juda kuchli bombalar yaratish uchun” ishlatilishi mumkinligini aytadi.

Eynshteynning maktubi 2 milliard dollarlik o‘ta maxfiy tadqiqot dasturi – “Manhetten loyihasi”, ya’ni atom qurollarini yaratishda Germaniyani quvib o‘tish poygasi uchun turtki bo‘ldi. Fizik olim Robert Oppenhaymer boshchiligidagi uch yillik loyiha AQSHni yadro asriga olib kirdi va tarixdagi eng muhim va halokatli ixtirolardan biri – atom bombasining yaratilishi bilan tugadi.

1939 yil 2 avgustdagi maktubida Eynshteyn: “Vaziyatning ba’zi jihatlari hushyorlikni talab qiladi” deb yozgan. / Manba: Christie's Images Ltd
2024 yil 10 sentyabr kuni Eynshteynning bu maktubi Christie's Nyu-York auksionida sotiladi. Uning narxi 4 mln dollardan oshishi kutilyapti. Maktubning ikkita varianti bor: Christie's kimoshdi savdosida sotiladigani qisqaroq versiyasi, shuningdek, ikkinchi, batafsilroq versiyasi Nyu-Yorkdagi Franklin Ruzvelt kutubxonasi kolleksiyasida saqlanadi.

Bu maktub ko‘p jihatdan fan, texnologiya va insoniyat tarixidagi katta burilish nuqtasini ko‘rsatadi”, deydi kitoblar va qo‘lyozmalar bo‘yicha mutaxassis Piter Klarnet. “Bunda AQSH hukumati yirik ilmiy tadqiqotlarga bevosita moliyaviy jihatdan birinchi marta jalb qilingan”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Suonsi universitetining siyosat, falsafa va xalqaro aloqalar departamenti direktori, yadro tarixi bo‘yicha tadqiqotchi Brin Uilkok ham shunday fikrda. “Bombaning kelib chiqishi haqidagi ko‘pgina tarixiy ma’lumotlar maktubni muhokama qilishdan boshlanadi. Xat mazmuni prezident Ruzveltga to‘g‘ridan to‘g‘ri chora ko‘rish uchun kalit bo‘lgan”, deydi u.

“Manhetten loyihasi” asosida ishlangan “Oppenheymer” filmi ham auksionga qo‘shimcha qiziqish uyg‘otishi kutilyapti.

Eynshteyn Ruzveltni fizik olim Leo Szilard orqali yadro energiyasidan kelib chiqadigan xavf haqida ogohlantirgan. / Foto: Getty Images
Klarnet Eynshteynni ommabop madaniyatdagi “afsonaviy qahramon” deb ta’riflaydi. U kichik bir ko‘rinish berish orqali filmning chekkasiga yashiringan, uning shaxsiyati shlyapasi uchib ketganda va oppoq sochlarning o‘sha mashhur hilpirashida namoyon bo‘ladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Eynshteyn bu loyihadan masofa saqlagan va atom energiyasining yaratilishida uning ishtiroki “juda bilvosita” bo‘lganini ta’kidlagan. Albert kashf qilgan E=mc2 tenglamasi yadroviy reaksiya vaqtida ajralib chiqadigan energiyani tushuntirib, uning dahshatli qo‘llanishiga yo‘l ochgan bo‘lsa-da, filmda bu tenglamaning atom bombasini ixtiro qilishdagi roli haddan tashqari bo‘rttirib ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin, deydi u.

Agar kimdir fitnachi bo‘lsa, u Eynshteynning sobiq shogirdi Leo Szilard edi. Qalam bilan yozilgan “Originali yuborilmadi!” degan yozuvi bo‘lgan xat 1964 yil, Szilardning vafotigacha uning qo‘lida qoladi. Germaniyada tug‘ilgan Eynshteyn ham, Vengriyada tug‘ilgan Szilard ham natsizm kuchayishi ortidan AQSHga qochib ketgan yahudiylar edi. Ular Germaniya tahdidini hammadan ko‘ra yaxshiroq tushungan.

Aslida maktub yozish Szilardning g‘oyasi bo‘lgan. U Eynshteynni ushbu xatga mualliflik qilish va unga imzo qo‘yishga ko‘ndiradi, chunki Eynshteyn katta obro‘ga ega edi. U 1921 yilda Nobel mukofotini qo‘lga kiritib, zamonaviy ilm-fanning timsoliga aylangandi, deydi Klarnet. “Uningdek ta’sir kuchi hech kimda yo‘q edi. Boshqa odamlar ham Ruzveltni bir necha oy oldinroq nimalar bo‘layotgani haqida ogohlantirishga harakat qilishgan, lekin siz to‘satdan Albertning xati bilan kelyapsiz. Nimadir qilish kerakligini aynan Eynshteyn aytishining ta’siri boshqacha bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qiladi Klarnet.

1945 yil 16 iyulda Nyu-Meksiko cho‘lida “gadjet” deb nomlanuvchi bomba prototipi muvaffaqiyatli portlatiladi. Bu ham g‘alaba, ham hayajon bilan kutib olinadi. Shu kuni AQSH prezidenti Garri Trumen o‘z kundaligiga shunday deb yozgan edi: “Biz dunyo tarixidagi eng dahshatli bombani kashf qildik”.

Amerikaliklar Yaponiyaning Hiroshima va Nagasaki portlariga dahshatli kuch bilan hujum qilish urushning tugashini tezlashtiradi, deb o‘ylay boshlashadi. Szilard bomba sinovlaridan bir kun o‘tib, Yaponiyaga qarshi bunday keskin choralarni ko‘rishdan oldin taslim bo‘lishga taklif qilishga chorlovchi petitsiya boshlagan bo‘lsa-da, u o‘z vaqtida rasmiylarga yetib bormaydi.

6 avgust kuni Hiroshimada “Little Boy”, 9 avgust kuni Nagasakida “Fat Man” deb nomlanuvchi atom bombalar portlatiladi. Natijada qariyb 200 ming kishi halok bo‘lgan yoki yaralangan, yana ko‘p yillar davomida radiatsiyaning nojo‘ya ta’siri tufayli o‘limlar qayd etilgan. Ayni paytgacha bu yadro quroli to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llangan yagona holatlardir.

Eynshteyn 1939 yilgi maktubidan afsusda edi. 1946 yilda u yadroviy urush xavfini e’lon qilish va dunyoga tinchlik yo‘lini taklif qilish uchun Atom olimlarining favqulodda qo‘mitasiga asos soladi.

Eynshteyn umrining qolgan qismini yadroviy qurolsizlanish kampaniyasiga bag‘ishlaydi. 1954 yilda Nobel mukofoti sovrindori, kimyogar Linus Pauling bilan suhbatda u Ruzveltga yozgan xatini “hayotimdagi katta xato” deb ta’riflagandi.

Atom bombasi urush manzarasini tubdan o‘zgartirgan. Qurollanish poygasi kuchaygan. Hozirda to‘qqizta davlat yadroviy qurolga ega bo‘lgani sabab, biz his qilayotgan xavf-xatarlar bevosita o‘sha maktub bilan bog‘liq. “Bu hozir ham juda dolzarb masala. Bu insoniyat ustidagi ko‘lanka”, – deydi Klarnet.

Manhetten loyihasi haqida

1930 yillarda Germaniyada Hitler hukumatga kelib, yahudiy millatidagilarni siquvga olish boshlanadi. Ta’qibdan qochib, ko‘pchilik yahudiylar Amerikadan boshpana so‘rab kelishga majbur bo‘lgan. Ular orasida otasi yahudiy bo‘lgan Albert Eynshteyn ham bor edi. Kimyodagi so‘nggi tadqiqotlar asosida bomba ishlab chiqish dasturini ilgari surgan Leo Silard ham muhojirlar safida edi.

Germaniyaning rejasidan xabardor ikki olim nemislar atom bombasi poygasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilgani haqida Ruzveltni ogohlantirishga qaror qiladi. 1939 yil 2 avgustda prezidentga maktub yoziladi. Xatni Ruzveltning norasmiy maslahatchisi va Wall Street Journal iqtisodchisi Aleksandr Saks 11 oktyabrda olib kiradi. Unda Germaniya urandan foydalanib, zanjirli reaksiyalar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazayotgani haqida yozilgandi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu zanjirli reaksiya bilan katta quvvat olish va bu orqali aql bovar qilmaydigan darajadagi kuchli bomba ixtiro qilish mumkin edi.

Yadroviy qurolni ixtiro qilish uchun yetarli mablag‘ni topish haqida o‘ylagan Ruzvelt dastlab biror qarorga kelolmaydi. Oradan 8 kun o‘tib, 19 oktyabrda Eynshteynga javob xati yozadi va uranni o‘rganish uchun qo‘mita tuzganini ma’lum qiladi. Shu tariqa 1939 yilda AQSH, Britaniya va Kanada hamkorligida “Manhetten loyihasi” boshlanadi. Uzoq tadqiqotlardan keyin, 1945 yil 16 iyulda Nyu Mexiko shtatida Alamogordo yaqinidagi cho‘lda birinchi atom bombasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkaziladi.

1947 yilda Amerikada har kun chiqadigan Newsweek jurnalida “Hammasiga u aybdor” maqolasi e’lon qilinadi. Unda atom bombalarini yaratishda AQSHga ilhom bergani uchun Eynshteyn aybdor qilingandi. Olim esa bunga javoban maktub uchun juda afsusdaligini bildiradi.

Nemislar atom bombasini ishlab chiqa olmasligini bilganimda, barmog‘imni ham qimirlatmagan bo‘lardim”, deydi u.

Fashistlar Eynshteyn va uning safdoshlari qo‘rqqan yadroviy qurolni oxirigacha yaratolmaydi, chunki ularga aql kuchi yetishmasdi: o‘sha paytda ko‘plab olimlar fashistlar bosib olgan hududlardan qochib ketishgandi, mamlakatda birinchi darajali yadroviy olimlar safi juda siyraklashib qolgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eynshteynning atom bombasi kashf etilishiga sabab bo‘lgan maktubi haqida: “Hayotimdagi katta xato”