19:00 / 23.08.2024
225

Hindiston bosh vaziri Modining oshkora va yashirin maqsadlari

Hindiston bosh vaziri Modining oshkora va yashirin maqsadlari
Yan Dobronosob / Telegraf
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi juma kuni Ukrainaga keldi. Bir yarim oy muqaddam u Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgandi.

Kiyev va uning g‘arbdagi ayrim ittifoqchilari Modining Moskvaga iyul oyidagi safariga keskin munosabat bildirgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «dunyodagi eng yirik demokratik davlat rahbari Moskvada dunyoning eng mashhur jinoyatchisi bilan quchoqlashib ko‘rishishini ko‘rish qayg‘uli» ekanini aytgandi.

Modi Kiyevga Zelenskiy va g‘arblik yetakchilarni tinchlantirish uchun keldimi? Unchalik emas.

Hindiston o‘z tashqi siyosatini qurishda ikki qarama-qarshi tomon o‘rtasida muvozanat saqlashi ajablanarli emas. Bu mamlakat o‘nlab yillardan buyon qandaydir ittifoqqa qo‘shilmaslik tamoyilini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Modi Moskvaga iyul oyida borgan, uning Vladimir Putin bilan uchrashuvi Ukraina va G‘arb tomondan keskin tanqid qilingandi
Hindiston bosh vazirining 23 avgust kungi Ukrainaga ilk tashrifi — bu ko‘proq Dehlining Rossiya bilan mustahkam munosabatlardan voz kechmasdan, G‘arb bilan ham yaqindan hamkorlikni davom ettirish istagi haqidagi bayonotidir.

Vashingtondagi Vilson tahlil markazi qoshidagi Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelmanning aytishicha, bu tashrif Hindistonning strategik avtonomiyasini yana bir bor ta’kidlaydi.

«Hindiston g‘arbdagi derjavalarni yoki boshqa kimnidir tinchlantirishga otlanmagan. Bu safardan maqsad Kiyev bilan do‘stona aloqalarni yana bir bor tasdiqlash hamda davom etayotgan urush yuzasidan xavotir bildirish orqali Hindiston manfaatlarini ilgari surishdir», — degan u.

Shunga qaramay, tashrif uchun tanlangan vaqt Hindiston diplomatiyasi AQSHning Modining Moskvaga tashrifiga nisbatan keskin munosabatini inobatga olganidan dalolat beradi.

Hindiston g‘arbdagi yirik davlatlarni norozi qilgan holda Rossiyani boshlagan urushi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralashdan o‘zini tiygandi.

Ammo rasmiy Dehli davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish lozimligi haqida tez-tez bayonot berib turadi va doimiy ravishda tinchlik muzokaralarini yoqlab keladi.

Modining Moskvaga iyul oyidagi tashrifi Rossiya Ukrainani bombardimon qilishi oqibatida 41 kishi, jumladan Kiyevdagi bolalar shifoxonasida ham odamlar halok bo‘lishidan bir necha soat o‘tganidan keyin amalga oshirilgandi. Bu esa butun dunyoni larzaga solgandi.

Hindiston bosh vaziri bolalar o‘limini og‘riqli va qo‘rqinchli voqea deb atagan, ammo yana Rossiya manziliga tanqid bildirishdan tiyilgandi.

U Kiyevga tashrifi chog‘ida bu kursdan og‘ishi dargumon. AQSH va g‘arbning boshqa mamlakatlari Dehlining Hindistonning Moskva bilan uzoq yillik munosabatlari va Rossiya harbiy texnikasiga bog‘liqligiga asoslangan pozitsiyasini asta-sekinlik bilan qabul qilmoqda.

Modi va Zelenskiy 2023 yil Yaponiyada o‘tkazilgan G7 sammiti doirasida uchrashishgandi
Dunyoda qurollarning eng yirik importchisi bo‘lgan Hindiston so‘nggi yillarda o‘z qurol ishlab chiqarish sanoatini kuchaytirmoqda va harbiy importni diversifikatsiya qildi, ammo hamon uning qurol importining yarmidan ko‘proq qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Hindiston Moskva taklif etayotgan nisbatan past narxlardan foydalanib, Rossiyadan neft importini ham oshirgan: o‘tgan yili Rossiya Hindiston bozoriga eng yirik neft yetkazib beruvchi bo‘lgandi.

AQSH va uning ittifoqchilari ko‘p marta Hindistonni urush bo‘yicha aniqroq pozitsiya tanlashga undagan, ammo qattiq sanksiyalar yoki boshqa turdagi bosim turlari qo‘llashdan tiyilgan.

G‘arb Hindistonni Xitoyga qarshi tura oladigan kuch sifatida ko‘radi va bu muvozanatni buzishni istamaydi. Bundan tashqari, Hindiston dunyodagi eng yirik beshinchi iqtisodiyot va muhim bozor hisoblanadi.

Maykl Kugelmanning fikricha, G‘arb Modining Ukrainaga tashrifini olqishlaydi va buni Dehlining barcha tomonlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligi sifatida baholaydi.

«Modi uchun bu uning Moskva bilan yaqinligi Kiyev uchun unda hech narsa yo‘qligini anglatmasligini tushuntirish uchun qulay imkoniyat», — deb hisoblaydi ekspert.

Bu juda muhim, chunki Hindiston G‘arb bilan, ayniqsa AQSH bilan munosabatlarni rivojlantirmoqchm va vaziyatni buzishni istamaydi. AQSHning Hindistondagi elchisi Erik Garsetti yaqinda ushbu ikki mamlakat munosabatlarini «o‘z holicha qabul qilish» kerakmasligini aytgandi.

Hindiston G‘arbga yana shuning uchun kerakki, uning Osiyodagi raqibi bo‘lmish Xitoy so‘nggi yillarda Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi.

Garchi Dehli azaldan Moskvaga zarur bo‘lganda kuchli Xitoyga bosim o‘tkaza oladigan kuch deb qaragan bo‘lsa-da, buni jiddiy qabul qilmaslik kerak.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, Modi Hindistonning Moskva bilan ham, G‘arb bilan ham yaqin munosabatlarini hisobga olgan holda o‘zini kelishtiruvchi sifatida ko‘rsatishni xohlashi mumkin.

Ammo u Kiyevga qandaydir tinchlik rejasi bilan tashrif buyurgani ehtimoli kam.

«Hindiston chindan ham bunday rolga tayyormi va sharoitlar bunga imkon beradimi? Boshqa mamlakatlar o‘z hududidagi masalalar, birinchi navbatda Kashmir muammosini hal qilishda vositachi bo‘lishga urinishi Hindistonning o‘ziga yoqmaydi. Menimcha, faqat Rossiya va Ukrainaning o‘zi buni istasa, Modi mediator sifatidagi xizmatlarini rasman taklif etishga tayyor bo‘ladi. Ammo ayni vaqtda ular buni istayapti deb o‘ylamayman», — deydi Kugelman.

Modining Kiyevga tashrifi Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastida yurish qilayotgan davrga to‘g‘ri keldi
Shunga qaramay, Ukraina Modining tashrifini iliq qarshilamoqda va buni Moskvaning yaqin ittifoqchisi bilan muloqotga kirishish imkoniyati sifatida ko‘radi, urush boshlanganidan buyon Kiyevda bunday imkon bo‘lmagandi.

Shu bilan birga, Zelenskiy Hindiston bosh vaziri oldida Putinni tanqid qilishdan tiyila olmasa kerak. Ammo bu Modiga notanish holat emas, u g‘arb davlatlari poytaxtlarida ko‘p marta bunday holatda qolgan.

Moskva bu tashrifga qandaydir munosabat bildirishi dargumon, chunki u ham Dehlining tashqi siyosatdagi ko‘p tomonlama yondashuvga oid o‘yin qoidalarini qabul qilishga majbur.

Ammo alyanslarga qo‘shilmaslik siyosatining yana bir namoyishi bilan bir qatorda, Dehli ushbu tashrif doirasida jiddiyroq maqsadlarni ham ko‘zlamoqda.

So‘nggi o‘n yilliklarda Hindiston Yevropa bilan, ayniqsa nisbatan kamroq rivojlangan Markaziy va Sharqiy Yevropa bilan aloqalarni kuchaytirmoqda.

Dehli qit’adagi katta to‘rtlik – Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya bilan munosabatlarni mustahkamlashda davom etmoqchi – shu bilan birga Yevropaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikni ham kuchaytirishni niyat qilgan.

Kiyevga kelishdan oldin Narendra Modi Varshavada to‘xtab, Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan uchrashdi
Modi Yevropaga safari doirasida Polshada ham bo‘ldi. U Hindistonning 45 yil ichida ushbu mamlakatga tashrif buyuradigan ilk bosh vaziriga aylandi. U shuningdek iyul oyida Hindistonning 40 yillik tanaffusdan keyin Avstriyaga kelgan ilk hukumat rahbari bo‘lgandi.

Tahlilchilar fikricha, bu shuni anglatadiki, Hindiston Markaziy Yevropa mamlakatlari kelajak geosiyosatida qanday muhim rol o‘ynashini tobora ko‘proq anglab bormoqda va ular bilan mustahkam aloqalar muhimligini tushunmoqda.

Hindiston hukumati Yevropa bilan savdo shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni ham qaytadan boshlagan. Allaqachon Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveysariyaning hukumatlararo tashkiloti sanalgan Yevropa erkin savdo uyushmasi bilan savdo va investitsiya kelishuvi imzolangan.

Shu tariqa, tashrif vaqtida urushga ko‘proq e’tibor qaratilsa-da, hind delegatsiyasi katta ehtimol bilan kengroq masalalarga e’tibor qaratadi.

«Markaziy va Sharqiy Yevropa endi o‘z taqdirini belgilash va mintaqaviy geosiyosatni o‘zgartirish uchun ko‘proq harakat erkinligiga ega. Janob Modining Varshava va Kiyevga tashrifi Yevropa yuragidagi ushbu muhim o‘zgarishlarni tan olish va Markaziy Yevropa davlatlari bilan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini chuqurlashtirishga qaratilgan», — deya yozgan tashqi siyosat bo‘yicha ekspert Raja Mohan Indian Express nashri uchun intervyusida Narendra Modining safaridagi asosiy maqsadni sarhisob qilib.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston bosh vaziri Modining oshkora va yashirin maqsadlari