
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriyaning Jo‘lan tepaliklariga qo‘shin tortib bordi va o‘sha yerdan turib so‘zlagan nutqida hududni Isroilning ajralmas qismi deb atadi. Xo‘sh, bu tepalikning huquqiy statusi va geosiyosiy ahamiyati qanday? “Tahrir ash-Shom” nega Isroilning bu harakatlariga e’tiroz bildirmadi? “Geosiyosat”da shu kabi savollarga professor Farhod Karimov javob berdi.
— Jo‘lan tepaliklarining xalqaro huquq asosidagi maqomi qanday?
— Jo‘lan tepaliklari tarixan bahsli hudud bo‘lib kelgan, mintaqada kim hukmronlik qilishidan qat’i nazar aynan shu yerlarni o‘zlashtirishga harakat qilgan. Jo‘lan tepaliklari Iordaniya, Isroil, Livan va Suriya davlatlari o‘rtasidagi doimiy qiziqish markazida bo‘lib kelgan. Shuningdek, bu hudud geografik va harbiy jihatdan ham juda qulay hisoblanadi: tepaliklar mintaqadagi eng katta tog‘ tizmalariga ega, tarixda yuz bergan urushlarda barcha eng avval shu tepaliklarni egallashga uringan, sababi tepalikdan hududga chegaradosh davlatlarni bemalol kuzatish mumkin. Xususan, Iordaniya va Suriya hududlari tepalikdan kaftdek ko‘rinadi. Shuningdek, bu tepaliklar orqali Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib borish mumkin.
1967 yilda 6 kun davom etgan Arab-Isroil urushida Isroilning qo‘li baland keladi, shu urushda Isroil Jo‘lan tepaliklarining Suriya bilan chegaradosh hududlarining uchdan ikki qismini egallab, Suriya ichkarisiga 20 km, ba’zi joylarda 50 kmgacha kirib boradi va bu yerlarni anneksiya qiladi. 1981 yilda Isroil mazkur egallangan joylarni mamlakatning siyosiy xaritasiga kiritadi, biroq BMT o‘sha yilning o‘zida rezolyutsiya qabul qilib (BMT Xavfsizlik Kengashining 1981 yil 17 dekabrdagi 497-rezolyutsiyasi), bu yerlarni Suriya hududi sifatida qoldiradi. Lekin amalda hududdan hamon Isroil foydalanadi, hatto u yerda 30 dan ortiq aholi punktlarini tashkil qilib, turistik zonalar ham barpo qilgan.
1974 yilga qadar Isroil va Suriya o‘rtasida katta mojarolar davom etgan, o‘sha yilga kelib ular o‘rtasida BMT shafeligida otishmani to‘xtatish va egallangan hududlarni mavjud holatida qoldirish borasida sulh tuziladi. Sulhga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida neytral zona ham mavjud edi, biroq bugungi kunga kelib, Isroil aynan shu neytral hududlarni ham o‘ziga qo‘shib oldi. (Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya rasmiy hukumati qulagani sabab sulh o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi — tahr.)
— Hududning mintaqa davlatlari uchun qanday ijtimoiy ahamiyati bor?
— Jo‘lan tepaliklari dehqonchilik va chorvachilik uchun nihoyatda qulay. Mintaqaning, ayniqsa, Isroil va Iordaniyaning asosiy suv manbayi Jo‘lan tepaliklarida joylashgan tog‘ tizmalari hisoblanadi. Bu esa hududda o‘z nazoratini o‘rnatgan mamlakatga boshqalarga suv resurslari orqali o‘z ta’sirini o‘tkazish imkonini beradi.
Hududda tarixdan barcha sivilizatsiya vakillari istiqomat qilgan, jumladan, nasroniylar, yahudiylar hamda musulmonlar. Hudud istiqomat qilishga nihoyatda qulay iqlimga ega. Shuningdek, Jo‘lan tepaliklarining turistik salohiyati ham juda yuqori va Isroil u yerni anneksiya qilganidan keyin tashkil qilgan turistik bazalardan hozirgacha foydalanadi.
Bundan tashqari, Suriya aholisining oziq-ovqat bilan ta’minlanishi ham Jo‘lan tepaliklarining sharqiy qismiga bog‘liq, Isroilning hududni nazorat qilishi esa Suriyaning unga qaramligini oshiradi.
— Isroil 1974 yilgi kelishuvni buzganiga xalqaro tashkilotlar va davlatlar qanday munosabatda?
— BMT 1981 va 2008 yillarda maxsus rezolyutsiya qabul qilib, Isroildan hududni bo‘shatishni, u yerlarni faqat Suriya hududi sifatida tan olishini ta’kidlab keladi. Biroq Isroil AQSHning bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan hududni hozirgacha o‘z nazoratida ushlab kelyapti. Hatto AQSHdagi dunyo siyosiy xaritasida bu hududlar Isroilga tegishli ekani qayd etilgan, chunki [2019 yil 25 mart kuni] Trampning birinchi prezidentlik davrida Qo‘shma Shtatlar Jo‘lan tepaliklarini Isroilning suveren hududi deb rasman tan olgan.
Biroq hozirda dunyo hamjamiyati bunga butunlay qarshi, xususan, BMT ham Suriyada qaysi hukumat bo‘lishidan qat’i nazar bu hududlarni Suriyaning tarixiy hududi sifatida tan oladi va umid qilamanki, tashkilot bu pozitsiyasidan voz kechmaydi.
— Suriyada qurolli muxolifat yetakchisi “Tahrir ash-Shom” guruhi rahbari Al-Jo‘laniy Isroilning harakatlariga qanday munosabatda bo‘lyapti?
— Azaldan bunday islomiy harakatlarning Isroil bo‘yicha pozitsiyalari juda qat’iy bo‘lgan. Biroq hozirda ular “Hizbulloh” yoki Eron kabi umumiy dushmanlarga qarshi pozitsiya nuqtayi nazaridan Isroil bilan mo‘tadil munosabatda bo‘layotgani kuzatilyapti.
Suriyadagi hozirgi yangi hukumat asosiy e’tiborini shimolga, ya’ni kurdlarga qaratib, ular egallagan hududlarni ozod qilgan holda Suriyaning yaxlitligini ta’minlashga urinyapti. Bunday vaziyatda ularning qudratli Isroilga qarshi chiqishi hali-beri amalga oshmasa kerak. Ularning so‘nggi chiqishlarida Isroilga qarshi kayfiyat sezilmayapti. Balki Jo‘lan tepaliklarini Isroilga berish bilan ularning munosabatlari iliqlashar. Ammo Suriyada qaysi hukumat bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakat aholisining oziq-ovqat va suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi kerak va bu yo‘lda qachondir baribir Isroil va Suriya manfaatlari to‘qnash keladi.
Kelgusi hukumatlar bu vaziyatni balki diplomatik yo‘llar bilan hal qilishar. O‘sha paytda dunyo tartiboti qanday bo‘ladi, yangi tartibot o‘rnatiladimi, yangi qonun-qoidalar keladimi, bu hali aniq emas. Lekin nima bo‘lishidan qat’i nazar, bu diplomatik bo‘ladimi yoki ochiqdan ochiq kurash ko‘rinishida bo‘ladimi, konflikt kelib chiqadi. Chunki odamlar shu hududlarda yashashi uchun kerak bo‘lgan resurslarning katta qismi aynan Jo‘lan tepaliklarida shakllangan. Bunday holatda davlatlar qaysi hokimiyat bo‘lishidan qat’i nazar, bu hududlarni kimgadir shunchaki berib qo‘yishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bu hudud balki ijtimoiy va siyosiy instrument sifatida ham foydalanishga juda ham kerak bo‘ladi. Agar Jo‘lan tepaliklari va suv resurslari shakllanadigan hududlar to‘liqligicha Suriya nazoratiga qaytsa, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga ta’sir qilish imkoniyatini beradi.
— Jo‘lan tepaliklari uchun Isroil va “Tahrir ash-Shom” o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lishi mumkinmi?
— Netanyahu OAVda Isroilning Jo‘lan tepaliklariga bo‘lgan da’vosiga shubha qilganlarni Bashar Asadning taqdiri kutayotganini ma’lum qildi. Bunday vaziyatda hali o‘z siyosiy tizimini to‘liq shakllantirishga ulgurmagan hukumatning Isroilga qarshi chiqishi juda qiyin, chunki Suriyada bu ishni qiladigan kuch va resurs qolmadi.
Shunday qilib, endi bu yerdagi kelgan yangi subyektlar Isroil bilan munosabatga kirishishiga to‘g‘ri kelsa kerak, chunki qaysidir ma’noda ular umumiy dushmanga qarshi bir-biri bilan muloqotda bo‘lib, harakatlar qilgan bo‘lish ehtimoli yuqori.
Shundan xulosa qilsak, to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv yuzaga kelishi ehtimoli juda kam. Biroq mamlakatning tashqi siyosati yoki pozitsiyasi xalqning ijtimoiy ehtiyojlariga qarab o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun baribir qachondir ular o‘rtasida suv resurslari va oziq-ovqat masalasida konflikt yuzaga kelishi aniq, lekin hozircha bunga imkoniyat yo‘q.
— Jo‘lan tepaliklarida yashovchi aholi qaysi tomonni tan oladi?
— 1967 yildagi anneksiyaga qadar bu yerda arab musulmonlari, ya’ni suriyaliklar yashagan, Livan bilan chegaradosh bo‘lgan tog‘li hududlarda esa xristian druzlar istiqomat qilgan. 1967 yildan 1974 yilgacha musulmonlar Suriya ichkarisiga ko‘chishgan, xristianlar esa anneksiya paytida ham yahudiylar bilan nizoga bormasdan hududni tark etishmagan. Ayrim xristianlar asli suriyalik bo‘lishiga qaramay, vaqt o‘tishi bilan Isroil fuqarolariga aylangan yoki Livanga ko‘chib ketgan. Shuningdek, Isroil Jo‘lan tepaliklarida 30 dan ortiq aholi punktlari yaratgan va hozirda bu punktlarda Isroil fuqarolari istiqomat qiladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar