13:50 / 06.01.2025
57

«Oltin togʻlar» va'da qilgan Trampning rejasida nimalar notoʻgʻri?

«Oltin togʻlar» va'da qilgan Trampning rejasida nimalar notoʻgʻri?
Donald Tramp. Foto: Reuters
Donald Tramp yana bir bor «Amerikaning buyukligini tiklash», ya'ni dunyodagi eng yirik iqtisodiyotni yanada mustahkamlashni va'da qilmoqda. Biroq, AQShning eski-yangi prezidenti rejalarini iqtisodchilar qancha koʻp tahlil qilsa, shuncha koʻp shubhalar paydo boʻlmoqda.

Iqtisodchilar fikricha, Tramp tomonidan taklif etilgan yoʻllar Amerikaga boylikni oshirish, sanoatni qayta tiklash va Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasini toʻxtatishda unchalik samarali boʻlmasligi mumkin.

Uning jamoasi tomonidan «ilk kundayoq» qat'iy oʻzgarishlarni amalga oshirish qobiliyati, Trampning tahdidlariga qaramay, tahlilchilarda shubhalar uygʻotmoqda va taklif etilgan islohotlar koʻp holatlarda bir-biriga zid kelishi ta'kidlanmoqda.

Masalan, Tramp barcha importga tariflarni oshirish, soliqlarni kamaytirish, migrantlarni deportatsiya qilish va neft hamda gaz qazib olishni koʻpaytirishni va'da qilmoqda. Uning maqsadi – iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, investitsiyalarni ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, savdo defitsitini qisqartirish, dollarni zaiflashtirish va inflyatsiyani pasaytirishdir.

Biroq, tariflarni oshirish va deportatsiya qilish dollarning zaiflashuviga qarshi turib, narxlarni koʻtarishga, shuningdek, kredit stavkalari va valyutalari kursini oshirishga sabab boʻladi. Migrantlarni deportatsiya qilish esa iqtisodiy oʻsishni zaiflashtiradi va bu vaziyatda soliqlarni kamaytirish byudjet tanqisligi, davlat qarzi va uning foizlari boʻyicha sarflarni yanada oshiradi.

Energiya resurslariga narxlar past boʻlgan sharoitda neft va gaz qazib olishni oshirish neft va gaz kompaniyalarini bankrotlik xavfiga duchor qiladi, bu esa qazish ishlari, investitsiyalar va ishlab chiqarishni qisqartirishga olib keladi.

Trampning siyosati va ana shunday murakkab va ziddiyatli tashabbuslaridan kelib chiqilsa, uning yanvar oyi oxirida Oq uyga koʻchib kirib, amaldagi ishlarga oʻtishidan keyingina AQSh iqtisodiyotining bir-ikki yillik prognozlarini berish mumkin boʻladi. Biroq, bu Trampning asosiy e'lon qilingan islohotlarini toʻplab, ularning Amerika va dunyo uchun ehtimoliy oqibatlarini baholashga hozirdanoq xalaqit bermaydi, deb yozmoqda BBC.

Tramp bojlar evaziga Amerika sanoatchilarini xitoylik raqobatchilaridan himoya qilishni va'da qilmoqda. Bu surat saylovoldi kampaniyasida Detroytdagi avtomobil ehtiyot qismlari zavodida tushirilgan. Foto: AFP
«Men past soliqlar, yumshoq tartibga solish, arzon energiya, arzon kreditlar va barcha fuqarolarning daromadlari tez oʻsishini va'da qilaman, — degandi Tramp sentyabr oyida. — Mening rejam inflyatsiyani tezda engishga, narxlarni kamaytirishga va iqtisodiy oʻsishni portlovchi sur'atlarda qayta tiklashga imkon beradi».

Tramp saylovchilarni osongina ishontirdi. Ammo mutaxassislarni emas.

«Taklif qilingan choralar katta ehtimol bilan puxta oʻylanmagan, shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan va bu Amerika hamda jahon iqtisodiyotiga zarar etkazishi mumkin», — deydi iqtisodchi Pol Mortimer-Li. U XVF va Angliya bankida faoliyat yuritgan, hozirda esa Nyu Yorkda BNP Paribas’ning Amerika iqtisodiyotini tahlil qilish boʻlimiga rahbarlik qiladi.

«AQSh oldida koʻplab murakkab muammolar turibdi, va aniqki, Tramp ularni oddiy va uzoq ta'sir koʻrsatuvchi choralar, nihoyatda oddiy va nihoyatda uzoqqa moʻljallangan choralar bilan hal qilishga urinib koʻradi», — deb xulosa qiladi u Tramp tashabbuslarini tahlil etib.

Xoʻsh, Tramp oʻzi nimalarni taklif qilmoqda va nega tanqidchilar uning rejalari kutilganidek ishlashidan shubhalanmoqda?

Bojlar, tariflar va savdo urushlari

Tramp savdo hamkorlariga import bojlari orqali bosim oʻtkazishga tahdid qilmoqda. Bojxona tariflari uning iqtisodiy va tashqi siyosatidagi asosiy qurol boʻlib, bu safar ularni ilk prezidentlik davriga nisbatan faolroq qoʻllash niyatida. Asosiy maqsad — boshqa mamlakatlarni Amerika tovarlarini koʻproq sotib olishga majbur qilish, savdo defitsitini qisqartirish va Amerika sanoatini qayta tiklash.

Saylovoldi kampaniyasida Tramp AQShga kiruvchi barcha importga 10 foizdan 20 foizgacha qoʻshimcha boj toʻlovlari joriy etishni va'da qilgandi. Uning asosiy raqibi boʻlgan Xitoyga esa 60 foizlik boj qoʻyish bilan tahdid qilgan.

Prezidentlikka saylangach, u oʻz bosimini davom ettirib, qoʻshni Meksika va Kanadaga 25 foizlik boj toʻlovlarini joriy etish tahdidini ham bildirdi. Shuningdek, agar Evropa mamlakatlari AQShdan neft va gaz sotib olish hajmini oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olmasa, ularga nisbatan ham shu kabi choralarni qoʻllash bilan qoʻrqitdi.

Bundan tashqari, BRICS davlatlari — Xitoy bilan birga AQShning muhim savdo hamkorlari hisoblangan Braziliya va Hindiston — oʻzlarining oʻzaro hisob-kitoblarida dollarga muqobil izlashni davom ettirsa, Tramp ularga 100 foizlik boj toʻlovlari joriy qilishini aytgan.

Tarif urushlaridagi muammolar nimada?

Birinchidan, savdo hamkorlari bunga javoban qarshi bojlar joriy etish yoki oʻz valyutalarini qadrsizlantirish orqali javob qilishlari aniq.

Xitoy esa, avvalgi tajribadan kelib chiqib, AQSh tovarlariga nisbatan import cheklovlari joriy qilish bilan tahdid qilmoqda.

Buning natijasida AQSh iqtisodiyoti oʻsishi sekinlashadi, narxlar esa tezroq oʻsadi. AQSh Kongressi Byudjet ofisi Senat spikeri va moliya hamda byudjet boʻyicha qoʻmita rahbarlari soʻroviga javoban Tramp tariflarining oqibatlarini shunday baholagan.

Narxlar oʻsishi AQSh markaziy bankini inflyatsiyaga qarshi kurash maqsadida kredit stavkalarini pasaytirish jarayonini qayta koʻrib chiqishga majbur qiladi. Bu esa iqtisodiyot yanada sekinlashishiga, byudjet va aholi daromadlari qisqarishiga, shuningdek, taqchillik va qarzlar oshishiga olib keladi.

Bu holat Trampning iqtisodiy islohotlar uchun belgilab olgan maqsadlariga ziddir.

Soliqlarni pasaytirish

Tramp soliqlarni keng miqyosda qisqartirishni va'da qilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad – biznesni qayta jonlantirish va iqtisodiy oʻsishni tezlatish.

Foto: EPA
Oʻzining avvalgi prezidentlik muddati davomida Tramp soliqlarni biroz kamaytirgan, ammo 2017 yilda qabul qilingan soliq imtiyozlari paketi 2025 yilda tugaydi. Tramp nafaqat bu imtiyozlarni uzaytirishni, balki yangi soliq engilliklarini joriy etishni ham va'da qilmoqda. Qabul qilingan soliq daromadlari yoʻqotishini u yangi import bojlari va davlat xarajatlarini qisqartirish orqali qoplashni rejalashtirmoqda.

Soliqlarni pasaytirish bilan bogʻliq muammolar nimada?

Import bojlari yoʻqotilgan daromadlarni qoplash uchun etarli emas. Ular davlat xazinasiga oʻn yillar davomida taxminan 2 trln dollar olib keladi, xolos. Shu bilan birga, Pol Mortimer-Lining hisoblashicha, soliqlarni qisqartirishning kutilayotgan xarajati 5 trln dollarni tashkil etadi. Urban Institute va Brookings Institution soliq siyosati markazi esa bu raqamga yanada qaygʻuli tus bergan — 9 trln dollar.

2025 yilda soliqlarni oshirishni bekor qilish byudjet daromadlarini qisqartirsa-da, iqtisodiy oʻsishni tezlashtirmaydi. Bunga sabab yangi byudjet stimullarining yoʻqligidadir. Agar Oq uy qoʻshimcha soliqlarni pasaytirish rejalarini oʻylab topgan taqdirda ham, yangi soliq paketini Kongressdan oʻtkazish qiyin boʻladi. Hatto u qabul qilingan taqdirda ham, amal qilish faqat keyingi byudjet yilida boshlanadi.

Avvalgi muddatda Trampga radikal soliq islohotini darhol amalga oshirish imkoni boʻlmagan edi. Bu safar ham uning imkoniyatlari yuqori emas: an'anaviy ravishda bunday islohot uchun Senatda kamida 100 ta oʻrindan 60 tasining qoʻllab-quvvatlashi talab etiladi. Hozirda esa respublikachilar Senatda 53 oʻringa ega, xolos.

Migrantlarni deportatsiya qilish

Soʻnggi yillarda AQShga migrantlar oqimi misli koʻrilmagan darajaga etdi. Tramp faqat chegaralarni yopish emas, balki legalizatsiyani kutayotgan barcha migrantlarni chiqarib yuborishni va'da qildi. Bu millionlab odamlarga taalluqli.

Foto: EPA
Migrantlarga qarshi kurash qanday muammolarni keltirib chiqaradi?

Migrantlar oqimi tufayli AQSh iqtisodiyoti soʻnggi yillarda imkoniyatlarining eng yuqori darajasida oʻsib bormoqda. Bu mamlakat jahonning ikkinchi yirik iqtisodiyoti boʻlgan Evroittifoqni ham ortda qoldirib, minimal ishsizlik darajasida rivojlanmoqda.

Ishchi kuchi taklifi qisqarishi sharoitida deyarli toʻliq bandlikning mavjudligi iqtisodiy oʻsishni sezilarli darajada sustlashtiradi, byudjet daromadlarini kamaytiradi va inflyatsiyani tezlashtiradi: avval ish haqlari oʻsadi, keyin esa narxlar.

Turli hisob-kitoblarga koʻra, soʻnggi uch yil ichida AQShga 10 mln dan ortiq odam kirib kelgan. Pandemiyagacha migratsiya har yili AQShga taxminan yarim million yangi ishchi qoʻshib berardi. Koviddan keyingi davrda bu koʻrsatkich ikki millionga etdi, deb hisoblaydi Barclays tahlilchilari.

Agar Trampning barcha noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish boʻyicha va'dalari amalga oshmasa ham, ochiq chegaralar davri saylovlardan oldin tugagan edi. Jo Bayden kuzda migratsiya siyosatini qat'iylashtirgan, bu choraning oʻzi 2025 yilda ishchi kuchi taklifini 700 ming kishiga qisqartiradi, deb prognoz qilmoqda Barclays.

Tramp, ehtimol, cheklovlarni yanada kuchaytiradi, bu esa AQSh iqtisodiyotining asosiy rivojlanish motorlaridan biri — arzon ishchi kuchi oqimini toʻxtatadi.

Bundan tashqari, ish haqlari va narxlar oʻsishi Amerika markaziy banki — Federal zaxira tizimi uchun qoʻshimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Iqtisodiyot sustlashganda, Tramp iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish uchun foiz stavkalarini pasaytirishni talab qiladi. Ammo inflyatsiya bosimi Federal zaxirani stavkalarni saqlab qolishga yoki hatto oshirishga majbur qiladi.

Xalqaro moliya instituti (Institute of International Finance) ekspertlari ta'kidlashicha, «ayniqsa migrant ishchilariga bogʻliq boʻlgan qishloq xoʻjaligi, qurilish va sogʻliqni saqlash sohalarida ishchi kuchi tanqisligi ish haqlari oʻsishiga va inflyatsiya bosimi kuchayishiga olib keladi. Bu Federal zaxira uchun qoʻshimcha muammolarni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, noaniq boʻlsa-da, deportatsiya xavfi ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqarishi va iste'molchi kayfiyatiga ta'sir qilishi mumkin».

Davlat xarajatlarini qisqartirish va byudjet taqchilligini yoʻqotish

Tramp davlat byudjeti xarajatlarini tejash vazifasini milliarder Ilon Maskka ishonib topshirdi. Mask esa bu vazifani oʻz zimmasiga olgan zahotiyoq davlat xarajatlarini 2 trln dollarga qisqartirishni va'da qildi.

Ilon Mask. Foto: Reuters
Bunday iqtisodiy chora bugungi kundagi byudjetdagi katta «teshik»ni yopishi va Oq uyning asosiy iqtisodiy muammosini hal qilishi mumkin. AQSh hukumati oxirgi uch yil davomida gigant byudjet taqchilligi bilan yashab kelmoqda, bu defitsit yalpi ichki mahsulotning 6 foizidan ortiqni tashkil qiladi. Bu koʻrsatkich tinchlik davri uchun misli koʻrilmagan holatdir.

Byudjet daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi bunday katta farq nafaqat qarz tez ortishiga olib keladi. Bundan tashqari, byudjetdagi taqchillik hukumatni kutilmagan iqtisodiy krizislar uchun manyovr qilish imkoniyatidan mahrum etadi. Agarda urush, pandemiya yoki retsessiya yuz bersa, aholini qoʻllab-quvvatlash va biznesni ragʻbatlantirish uchun xarajatlarni keskin oshirish kerak boʻladi. Ammo bunday katta defitsit sharoitida hukumatga yana qarz olish juda qimmatga tushadi va deyarli imkonsiz boʻladi.

Nega davlat xarajatlarini qisqartirish oson emas?

Davlat xarajatlarini 2 trln dollarga qisqartirishni himoyalangan byudjet moddalarini (sogʻliqni saqlash va keksalarni ijtimoiy ta'minlash) keskin kamaytirmasdan amalga oshirishning iloji yoʻq. Aksincha, aholi qarib borayotgan bir paytda ijtimoiy xarajatlarni oshirish zarurati paydo boʻladi.

Har qanday boshqa xarajatlar 1,7 trln dollardan oshmaydi. Ularning yarmi mudofaa uchun sarflansa, qolgani transport, ta'lim, uy-joy, fan va atrof-muhitga yoʻnaltiriladi. Ularni qisqartirish ham qiyin.

Tramp elektromobillar uchun Baydenning «yashil» islohoti doirasida joriy qilingan subsidiyalarni bekor qilishni va'da qilgan. Ammo bunga erishish ham oson emas. Bloomberg tahlillariga koʻra, elektromobillar va batareyalar ishlab chiqaruvchi 25 ta yirik zavoddan 19 tasi respublikachilar nazoratidagi okruglarda joylashgan. Qolganlari ham Tramp gʻolib chiqqan shtatlarda.

Shu sababli, 2 trln dollarlik tejamkorlik oʻrniga, hozirda yillik 500 mlrd dollargacha boʻlgan kamroq raqam muhokama qilinmoqda. Hattoki shu ham katta summa.

Bu YaIMning 1,7 foiziga teng. Biroq, tariflarni oshirish va migrantlarni deportatsiya qilish bilan birga, bunday darajadagi byudjet xarajatlarini qisqartirish iqtisodiy tanazzulga olib kelishi mumkin, deya ogohlantiradi BNP Paribas’ning Mortimer-Li.

Agar byudjet siyosati keskin kuchaytirilsa va retsessiya boshlansa, AQSh Federal zaxira tizimi pul-kredit siyosatini yumshatishiga toʻgʻri keladi. Hozirgi vaziyatda davlat xarajatlari yuqori boʻlib, xususiy kredit FZTning yuqori stavkalari bilan cheklanmoqda. Agar byudjet xarajatlari kamayib, FZT iqtisodiyotni past stavkalar bilan ragʻbatlantirsa, dollar kursi pasayishi mumkin, deb yozadi Mortimer-Li.

Tramp aynan shunday narsani xohlayapti. Ammo retsessiya evaziga emasligi aniq.

Dollarni zaiflashtirish

Tramp va uning vitse-prezidenti Jey Di Vens dollarni zaiflashtirish gʻoyasini bir necha bor oldinga surgan. Ular kuchli dollar AQShga zarar etkazadi, chunki u Xitoy va boshqa mamlakatlardan importni arzon va oson qiladi, shu tariqa AQShning sanoat bazasini zaiflashtiradi, deb hisoblaydi.

Foto: Reuters
Trampning jamoasi Ronald Reygan davridagi «Plaza» kelishuvi singari AQShning savdo sheriklarini oʻz valyutalarini qayta baholashga majbur qilish gʻoyasini ham muhokama qilgan.

Nega Tramp uchun dollarni devalvatsiya qilish qiyin boʻladi?

Institute of International Finance tahlilchilari fikriga koʻra, Trampning boshqa islohotlari dollarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

«Soliqlarni kamaytirish, savdo tariflari, infratuzilmaga xarajatlar va migratsiya qoidalarini qat'iylashtirish — bularning barchasi kredit stavkalari koʻtarilishiga olib keladi, bu esa dollar yanada kuchayishiga sabab boʻladi», — deydi ular.

AQSh iqtisodiyotiga boʻlgan ishonch ham dollarni kuchaytirishga olib keladi. Chunki xorijlik sarmoyadorlar Tesla, Apple, Amazon kabi yirik AQSh korporatsiyalari aktsiyalarini xarid qilish uchun avval dollar sotib olishi kerak.

Tramp jamoasining yangi «Plaza» kelishuvi yoki «Mar-a-Lago kelishuvi»ni taklif qilish gʻoyasi haqiqatga yaqin emas, deb hisoblaydi OMFIF’ning etakchi eksperti Mark Sobel.

«Tramp jamoasi dollarni zaiflashtirishni xohlaydi, ammo bunga qanday erishish kerakligini tushunmaydi. Tariflar va yumshoq byudjet siyosati dollarni zaiflashtirmaydi, aksincha, uni mustahkamlaydi», — deydi Sobel Financial Times uchun yozgan maqolasida.

1985 yilda imzolangan «Plaza» kelishuvi davrida dunyo boshqacha edi. Oʻshanda markaziy banklarni interventsiya qilishga majbur qilish, AQSh byudjeti taqchilligini qisqartirish va Yaponiya hamda boshqa savdo sheriklarini ichki talabni oshirishga undash mumkin edi. Bu choralar savdo va sarmoya balansini toʻgʻrilab, dollarning mustahkamlanishini kamaytirishga xizmat qilgan.

Hozirda esa markaziy banklar mustaqil va ularning asosiy vazifasi — inflyatsiyani nazorat qilish. Shu bilan birga, byudjetni ragʻbatlantirish uchun ortiqcha mablagʻ deyarli hech bir davlatda yoʻq.

Bundan tashqari, oʻsha paytda AQShning asosiy savdo sheriklari uning ittifoqchilari edi. Hozirda esa Yaponiya, evrozona davlatlari va Buyuk Britaniyadan tashqari, AQSh oʻzining asosiy raqibi — Xitoy bilan ham kelishuvga erishishi kerak boʻladi.

Neft va gaz qazib olishning oʻsishi

«Burgʻila, jonim, burgʻila!» — Trampning yorqin saylovoldi shiori AQSh neft va gaz sanoatini gullatishga va'da beradi. AQSh dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlat boʻlib, ushbu tarmoqdagi oʻsishdan manfaatdor.

Tramp neft quvurlari qurilishiga, tabiat qoʻriqxonalarida qazish ishlariga va suyultirilgan gaz eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashni va'da qilmoqda. Maqsad — benzin narxini pasaytirish, biznes va sanoatni arzon energiya bilan ta'minlash orqali daromadlar va raqobatbardoshlikni oshirish.

Foto: khaleejtimes.com
«Bu imkonsiz». Nega?

Qazib chiqarish hajmini oshirish taklif ortishiga va narxlar tushishiga olib keladi. AQShdagi koʻplab neft-gaz kompaniyalari hozirda ham rentabellik chegarasida faoliyat yuritmoqda. Narxlar tushishi ularni yangi quduqlar qazish emas, balki mavjud quduqlarni yopishga majbur qiladi. Bu kovid paytida ham shunday boʻlgandi, chunki talab keskin pasaygan.

«Tramp yanvarda lavozimga kirishgandan soʻng, quruqlikdagi neft qazib chiqarish hajmi oʻzgarishini kutmayapmiz», — deydi Rapidan Energy Group kompaniyasi neft tahlilchisi Hanter Kornfeynd. «Tramp saylovoldi kampaniyasida neft narxlari tushishi haqida gapirgandi, biroq bir vaqtning oʻzida ham narxlarni pasaytirish, ham ishlab chiqarishni faol oshirish mumkin emas. Bunday boʻlmaydi».

Neft va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish boʻyicha sarmoya qarorlari Oq uy ma'muriyati yoki mansabdor shaxslar tomonidan emas, xususiy kompaniyalar tomonidan aktsionerlar daromadini koʻzlab qabul qilinadi.

Suyultirilgan gaz eksporti bilan bogʻliq holat esa teskaridir.

Gazni eksport qilish manfaatli, chunki uning Evropada va Osiyodagi narxi AQShdagiga nisbatan besh barobar yuqori. Bayden davrida joriy qilingan eksport cheklovlarini bekor qilish kompaniyalar uchun sotuv va foyda hajmini oshiradi. Biroq bu ichki bozorda taklifni qisqartirib, narxlarni oshiradi. Holbuki, Tramp mutlaqo teskarisini va'da qilgan edi.

Nega Trampning harakatlari cheklangan?

Iqtisodchi Nuriel Rubinining fikricha, Tramp tomonidan taklif qilingan ayrim islohotlar AQSh farovonligini oshirish va narxlar oʻsishini cheklashga yordam berishi mumkin. Ammo boshqa choralar muvozanatsizlik va inqiroz xavfini keltirib chiqaradi.

«Biznesni qoʻllab-quvvatlash, soliqlarni pasaytirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, regulyatsiyalarni kamaytirish, neft va gaz qazib chiqarishni koʻpaytirish iqtisodiyot oʻsishiga va inflyatsiya sekinlashishiga olib kelishi mumkin», — dedi Rubini Bloomberg podkastida.

Ammo u bu jarayonda muammoli chora-tadbirlarni ham sanab oʻtdi:
  • Tariflar va Xitoy bilan iqtisodiy urush;
  • Qat'iy antiimmigratsion choralar;
  • Soliqlarni qisqartirish va byudjet taqchilligining nazoratsiz oʻsishi;
  • Dollarning nazoratsiz devalvatsiyasi;
  • FZT (Amerika markaziy banki) mustaqilligiga aralashuv.

Rubini bu choralarning Amerika uchun stagflyatsiya — sekin iqtisodiy oʻsish va yuqori inflyatsiya sharoitidagi toʻxtab qolish xavfini keltirishi haqida ogohlantirdi.

Ma'ruzalarida koʻproq qoʻrqinchli prognozlari bilan tanilgan Rubini bu safar vaziyatga nisbatan optimistik yondashadi. Uning fikricha, Tramp oʻta destruktiv siyosat yuritishga qodir emas va notoʻgʻri yoʻlga kirsa, oʻz yoʻnalishini toʻgʻrilashga majbur boʻladi.

Bunga bir nechta sabablar bor:

Moʻ'tadil iqtisodiy jamoa: Trampning iqtisodiy jamoasi a'zolarining ayrimlari moʻ'tadil qarashlarga ega. Masalan, boʻlajak moliya vaziri Skott Bessent. Rubinining ta'kidlashicha, u stagflyatsiyaga olib keluvchi siyosat iqtisodiyot va bozorlarga zarar etkazishini yaxshi tushunadi.

Dollar va savdo urushlariga qarshi pozitsiya: Bessent kuchli dollar va savdo urushlariga qarshi ekani, hatto Tramp jamoasining monolit koʻrinishidan ham cheklovchi omil boʻlishi mumkin.

Nyu York birjasi. Foto: Reuters
Bulardan kelib chiqib, Rubini Tramp hukumatining koʻplab gʻoyalari amalga oshirilmasligi mumkinligi va ichki va tashqi balans oʻrnatilishiga ishonadi.

Ikkinchidan, bozorlar Trampning iqtisodiy siyosatidagi har bir harakatini diqqat bilan kuzatmoqda va nooʻrin qarorlar qabul qilinsa, Amerika aktivlarini ommaviy sotish bilan javob beradi. Agar Trampning dastlabki iqtisodiy siyosat qadamlari inflyatsiya ortishi belgilarini koʻrsatsa, obligatsiyalar narxi pasayadi, stavkalar esa koʻtariladi.

«Obligatsiyalar daromaddorligi oʻsishi fond bozori tushishiga olib kelishi mumkin. Trampni haqiqatan bezovta qiluvchi narsa bor boʻlsa, u ham fond bozori», — deydi iqtisodchi Nuriel Rubini.

Brookings Institution tadqiqotchisi Duglas Rediker ham shunday fikrda. Uning ta'kidlashicha, Trampni savdo va tarif siyosatlarida keskin qadamlardan nafaqat Amerika biznesi va ittifoqchilari, balki savdo hamkorlari ham qaytaradi. Ammo asosiy cheklovchi omillar iqtisodiyot va fond bozori reaktsiyasi boʻladi.

Tramp lavozimga kirishishidan oldinoq jiddiy signal berilgandi. Amerika markaziy banki Trampning inflyatsiyaga olib keluvchi rejalari haqidagi fikrlarni inobatga olib, dekabr oyida oʻtkazilgan yigʻilishda siyosatini biroz qat'iylashtirgan. Bu, FZTning kredit stavkalarini tushirish sur'atlari Tramp gʻalabasiga qadar kutilganidek tez boʻlmasligini anglatgan edi.

Bozor bu qarorga tez javob berdi. Aktsiyalar sotuvi shunchalik keng koʻlamli boʻldiki, rojdestvo va yangi yil bayrami oraligʻida asosiy indeks 3 foizga tushdi — bu kabi holat soʻnggi marta oʻtgan asr oʻrtalarida kuzatilgan edi.

Amerika fond bozori ikki yillik rekordli oʻsishdan soʻng, investorlar sabrlarining soʻngi nuqtasiga etdi. Ular bozor tuzatuvlarini kutishdan charchagan va Trampning dasturi kutilgan natijalarni bermayotganiga ishora qiluvchi har qanday signal bozor sotuvini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa Oq uyni radikal islohotlardan qaytarish ehtimolini oshiradi.

«Bozorlarning keskin tushishi yoki inflyatsiyaning toʻsatdan oʻsishi Trampning islohotlari uchun eng samarali toʻsiq boʻlishi va uni siyosatini qayta koʻrib chiqishga majbur qilishi mumkin», — deydi Duglas Rediker.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo