date
views 47 156

Anjelina Joli va Bred Pitt nikohining buzilishiga aslida nima sabab boʻlgan?

Anjelina Joli va Bred Pitt nikohining buzilishiga aslida nima sabab boʻlgan?
Ularni “Gollivuddagi eng goʻzal juftlik” deb atashgan — koʻpchilik Anjelina Joli va Bred Pitt yaratishga muvaffaq boʻlgan oilaviy ertakka havas qilgan: koʻp bolalar, xayriya, barcha sohalarda muvaffaqiyatlar. Bu oʻn yildan ortiq davom etdi. Ammo bir kuni bu ertak oʻz nihoyasiga etdi, deb yozadi Daryo nashri.

2016 yilning kuzida Anjelina ajrashish uchun ariza berdi. Bu muxlislarni hayratda qoldirdi. Oʻshandan beri oradan yillar oʻtdi, ammo jamoatchilik tinchimayapti: haligacha ayriliqning asosiy sababi mish-mishlar va taxminlar bilan toʻlib-toshgan.

Turli xilma-xilliklar

Anjelina va Bred “Janob Smit va Smit xonim” filmining suratga olish jarayonida tanishgan. Shundan soʻng ular bir-biriga koʻngil qoʻyib, turmush qurishga qaror qilishadi.

Ammo ular oʻzlarining xilma-xil ekanliklarini hisobga olmagandilar. Anjelina bolaligidanoq oʻzini atrofdagilarga begona his qilardi. Bu uni isyonkor boʻlishga undardi. Bundan tashqari, u otasining yonida emasligidan qiynalardi. Unga juda ham ishonchli va kuchli erkak etishmasdi.

Bred esa yoshligidan an'anaviy va dindor oiladan chiqqan “tilla bola” imiji bilan kurashardi. U aktyorlikda oʻzini namoyon qilishni juda xohlagan, bu esa ota-onasidan uzoqda mustaqil hayot kechirishni talab qilardi. Uning uchun kuchli erkak sifatida tan olinishi muhim edi. Albatta, ular bir-birini toʻldirardi. Ammo qarama-qarshiliklar kuchliroq chiqdi.

Nikoh shartnomasi

Yulduzlar turmush qurishdan oldin nikoh shartnomasi tuzishgan. Uning koʻplab bandlari qat'iyligi va murosasizligi bilan kishini hayratga soladi. Ayniqsa, er-xotin xiyonat qilgan taqdirda Bred bolalariga vasiylik qilishdan mahrum boʻladi. Anjelina, har doim tashlab ketilishidan qoʻrqqan holda, erini manipulyatsiya qilish imkoniyatini beruvchi bandni hujjatga qoʻshgan.

Barcha erkaklarga nisbatan ishonchsizlik

Anjelina Joli endigina bir yoshga toʻlganida otasi ularni tashlab ketgan, juda kichik boʻlgani uchun u otasining xiyonatlari va onasi bilan muammolari haqida bilmasdi. Onasi bu haqda qizchaga doimiy ravishda aytib, kundan-kunga erkaklarga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi. Natijada Joli hech bir erkakka ishonib boʻlmaydi, degan fikr bilan ulgʻayadi. Shu fikr bilan u Bred Pittga turmushga chiqadi.

Xayriya ishlari

Ma'lumki, Joli va Pitt oʻzlarining uch farzandidan tashqari yana uch bolani asrab olgan. Farzandlikka olish Anjelina uchun hayotini olijanob vazifa bilan toʻldirish, oʻzini ham, atrofdagilarni ham jamiyatning munosib a'zosi ekanligiga ishontirish yoʻliga aylandi. Ehtimol, bu uning ogʻir nevrozlari, tushkunligi va oʻz joniga qasd qilishga urinishlari oqibatlarining namoyon boʻlish shaklidir.

Farzandlikka olish tashabbusi har safar Anjelinadan chiqardi. U qoʻlidan kelgancha “dunyoni qutqarar”, eri esa bu paytda xayriya ishlarining unga havodek zarurligini tushunib, Anjelinaning oʻzini asrab-avaylardi.

Bahs va nizolar

Ammo ularning tortishuvlarini atrofdagilar ham eshitardi, hatto oʻzlari ham tez-tez umumiy til topisha olmayotganliklarini ommadan yashirmagan. Masalan, katta qizi Shayloning tugʻilgan kuni uchun sovgʻa tanlashda ular uzoq vaqt oʻyinchoq jip qanday boʻlishi kerakligi haqida bahslashishgan. Anjelina sovgʻaning eng muhim jihati – xavfsizlik va ishonchlilik boʻlishi kerakligini ta'kidlagan boʻlsa, Bred qizini xursand qilish uchun faqat pushti rangdagi mashina olishni xohlagan.

Ichkilikbozlik

Bred Pitt tan olganidek, ularning ajralishiga sabab boʻlgan omillardan biri uning spirtli ichimlikka ruju qoʻygani edi. Bir paytlar aktyor har kuni ichgan. Bolalaridan ajralishiga bu zararli odat sabab boʻlishi mumkinligini anglagan Pitt ichkilikbozlikdan davolanish kursiga boradi, soʻngra uzoq vaqt malakali ruhshunos nazoratida boʻladi.

Oʻz-oʻzini yoʻq qilish istagi

Darvoqe, Anjelinaning hayotida ham gʻalati damlar koʻp boʻlgan. Hech boʻlmaganda, uning bolaligidan oʻziga xos boʻlgan oʻz-oʻzini yoʻq qilishga boʻlgan ishtiyoqini olaylik. Oʻshanda u tez-tez oʻzini pichoq bilan jarohatlardi, ulgʻaygach esa tatuirovkalarga qiziqa boshlaydi.

Chamasi, azob-uqubatga intilish Anjelinani hamon tark etmayapti. Uning elektron pochtasiga har kuni ayollarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlar haqidagi xabarlar kelib turadi va u bu ma'lumotlardan oʻzining xayriya faoliyatida foydalanadi. Joli tez-tez qochqinlar lagerlariga tashrif buyuradi, ba'zida u erga bolalarini ham olib boradi, ularni xavf ostiga qoʻyadi. Shubhasiz, bularning barchasi Bred Pittga ma'qul kelmagan, ammo u uzoq vaqt davomida rafiqasining xohishlariga boʻysunib kelgan. Biroq bu holat abadiy davom etishi mumkin emasdi.

Siyosiy karera

Bir kuni Anjelina erining siyosiy karerasini “rivojlantirish”ga qaror qiladi. U kelajakda Bred Pittni prezident sifatida koʻrishini yashirmagan. Ammo Bred siyosatga aralashishni rad etadi, bu uning xotiniga kutilmagan xabar boʻladi. U xayriya ishlarida Anjelinani qoʻllab-quvvatlagan, lekin rafiqasining yangi gʻoyasi unga “juda” ogʻir boʻlib tuyuladi. U faqat aktyor boʻlib qolishni xohlardi.

Aftidan, aynan shu kelishmovchilik hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi. Anjelina turmush oʻrtogʻidan koʻngli qoldi — eri uning umidlarini oqlamadi. Ehtimol, aynan shu lahzadan boshlab ularning muhabbat qissasiga nuqta qoʻyilgandir. Biroq bularning barchasi shunchaki taxminlar xolos. Jolining oʻzi Pitt bilan ajrashish sababini tushuntirar ekan, “bolalar farovonligi”ni roʻkach qiladi. Bu iborani esa har kim oʻzicha talqin qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Anjelina Joli va Bred Pitt nikohining buzilishiga aslida nima sabab boʻlgan?