Dunyodagi eng mitti zirhli hayvon: pushti ertak zirhlisi haqida qiziqarli faktlar

Argentinaning markaziy qismidagi qumli hududlarda yashovchi «pushti ertak zirhlisi» (Pink Fairy Armadillo) o‘zining noodatiy ko‘rinishi va nihoyatda kamyobligi bilan ajralib turadi. Bu mitti jonivor zirhlilar oilasining eng kichik vakili bo‘lib, hayotining katta qismini yer ostida o‘tkazadi.
Uning tana uzunligi atigi 9–15 santimetr, vazni esa taxminan 100 grammni tashkil etadi. Kichik gavdasiga qaramay, pushti ertak zirhlisi yer qazishga juda mohir. Old oyoqlaridagi yirik va kuchli tirnoqlari yordamida qumni tezda kovlab, yer ostida harakatlanadi. Xavfni sezganida esa bir necha soniya ichida qumga ko‘milib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi mumkin.
Jonivorning eng diqqatga sazovor jihati — orqa qismini qoplab turuvchi och pushti rangli zirhidir. U boshqa zirhlilarnikidan farqli ravishda yupqa va egiluvchan bo‘ladi. Teri yuzasiga yaqin joylashgan qon tomirlari uning pushti tusda ko‘rinishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘ziga xos tuzilish hayvonning yer ostidagi hayot tarziga moslashishida muhim ahamiyatga ega.
Pushti ertak zirhlisi asosan tunda faol bo‘ladi. U chumolilar, hasharotlar lichinkalari, yomg‘ir chuvalchanglari va shilliqurtlar kabi mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Oziq izlab, qum ostidagi yo‘laklar bo‘ylab harakatlanadi.
Biroq bu noyob sutemizuvchini tabiatda uchratish juda qiyin. U ko‘p vaqtini yer ostida o‘tkazishi va muhit o‘zgarishlariga sezgirligi sababli olimlar tomonidan ham kam o‘rganilgan. Tabiiy yashash joylarining qisqarishi, qishloq xo‘jaligi faoliyatining kengayishi va uy hayvonlari hujumlari uning hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…