Quvvat olayotgan telefon 46 yoshli ayolning o‘limiga sabab bo‘ldi

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida tunda quvvatlashga qo‘yilgan telefonning akkumulatori yonib ketishi oqibatida 46 yoshli ayol vafot etdi. Hodisa 8 noyabr kuni ko‘p qavatli turar joylardan birida yuz bergan.
Aniqlanishicha, ayol uxlab yotgan vaqtda quvvat olayotgan smartfonning akkumulatori o‘z-o‘zidan alanga olgan. Yong‘in oqibatida xona tutunga to‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol is gazi va yonish jarayonida ajralgan zaharli tutundan nafas olishi oqibatida halok bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in to‘rtinchi qavatdagi xonada sodir bo‘lgan va 4 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Voqea joyiga 11 nafar qutqaruvchi va to‘rtta maxsus texnika yuborilgan. Biroq ular yetib kelguniga qadar olov o‘z-o‘zidan o‘chgan, ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Mutaxassislar telefon va boshqa elektron qurilmalarni ko‘rpa-to‘shak, yostiq yoki kiyim ustida quvvatlamaslikni tavsiya qiladi. Chunki yumshoq yuzalar qurilmadan issiqlik chiqishini qiyinlashtirib, uning qizib ketishiga va yong‘in xavfining ortishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, shikastlangan kabel va sifatsiz quvvatlagichlardan foydalanmaslik lozim.






























Izohlar 0
…