date
views 456

Eron va AQSH: yadroviy “shaxmat” — navbatdagi yurish kimniki?

Eron va AQSH: yadroviy “shaxmat” — navbatdagi yurish kimniki?
Yadroviy bitim qaytib kelyaptimi? So‘nggi kunlarda xalqaro maydonda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri — Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar yangidan boshlanishi haqidagi xabarlar bo‘ldi. Bu haqda Donald Trampning shaxsan o‘zi ma’lum qildi va bu bayonot ortidan siyosiy sahnada jiddiy jo‘shqinlik paydo bo‘ldi.

Uzoq tanaffusdan keyingi ilk taassurotlar
Ma’lumki, 2015 yilda imzolangan yadroviy kelishuv — Eronga tinch maqsadda uran boyitish imkonini bergan, evaziga Tehronga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bekor qilingan edi. Ammo Donald Tramp prezident bo‘lganidan so‘ng bu kelishuv bekor qilindi va munosabatlar yana keskinlashdi.

Endi esa Trampning o‘zi muzokaralar "juda yuqori darajada" boshlanishini ma’lum qilyapti. Qizig‘i shundaki, u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan so‘ng bu haqda gapirdi — ya’ni, bu faqat Eron-AQSH masalasi emas, balki bu geosiyosiy o‘yinda Isroil ham asosiy figurant sifatida ishtirok etmoqda.

O‘mon – aralashuvsiz vositachi
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning ta’kidlashicha, muzokaralar bevosita emas, balki O‘mon orqali olib boriladi. Bu — diplomatik ehtiyotkorlikning belgisi. Aroqchiy hech narsani yashirmay, “To‘p AQSH tomonida” deya bayonot berdi. Bu degani — Tehron muzokaralarga tayyor, faqat Vashington qat’iy harakat qilsin.

Trampdan Xominaiyga maktub
Yana bir muhim jihat — mart oyida Tramp Eron Oliy Rahbari Ali Xominaiyga shaxsan maktub yo‘llagani. Unda ikki oy ichida yangi kelishuvga erishish talab qilingan. Bunga javob sifatida Xominaiy to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara emas, faqat vositachi orqali muloqotga rozilik bergan.

Xarbiy variant - ochiq, lekin so‘nggi chora
Oxirgi haftalarda AQSH va Isroil Eron yadroviy salohiyatiga zarba berishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo Tramp bu usulni istamasligini yashirmadi: “Hamma biladi — kelishuv tuzish harbiy zarbadan ma’qulroq”.

Bu esa ikki signalni beradi:
1. Tramp muzokaralar yo‘lini tanlash niyatida.
2. Agar muzokaralar samarasiz bo‘lsa, harbiy yo‘l ham hali kun tartibidan chiqarilmagan.

Nega bu masala yana dolzarb bo‘ldi?
Yangi kelishuv uchun AQSH tomoni yangi va ancha qattiq shartlar qo‘ymoqda. Ular orasida:
  • Eronning uran boyitish faoliyatini to‘liq to‘xtatish,
  • Yadroviy qurol ishlab chiqarish imkoniyatini yo‘q qilish,
  • Strategik ballistik raketalarni cheklash.

Bu talablar 2015 yilgi kelishuvda belgilangan shartlardan ancha keskinroq.

Yakuniy so‘z: yadro ostidagi siyosat
Muzokaralar boshlandi, lekin bu jarayon “chaqaloqlar uchun o‘yin” emas. Bu — dunyoning kelajagiga ta’sir qiluvchi murakkab siyosiy shaxmat partiyasi. Yurish navbati kimniki? AQSHmi yoki Eron? Yo‘lda bitim bormi yoki tahdid?

Zamin.uz bilan birga kuzatamiz. Buning ustiga, tarix qaysi ssenariyni tanlashini ham yaqin kunlarda bilib olamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo