
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy tortishuvlar yana qaynoq pallaga kirdi. AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Socialdagi sahifasida jahon bozorlaridagi vaziyat va Xitoyning “hurmatsiz munosabati”ni tanqid qilib, xitoy tovarlariga bojlarni 125 foizgacha oshirishni ma’lum qildi.
“Xitoyning jahon bozorlariga hurmatsiz munosabatini hisobga olgan holda, bojlarni 125 foizgacha ko‘tardim. Bu qaror darhol kuchga kiradi,” — deb yozdi Tramp.
Unga ko‘ra, Pekin yaqin kelajakda “Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlarni iqtisodiy jihatdan talon-toroj qilish” davri tugaganini anglab yetadi.
90 kunlik kechiktirish — boshqa davlatlarga imtiyoz
Ayni paytda Tramp 75 ta davlat bilan muzokaralar olib borayotganini aytdi. Ushbu davlatlardan keladigan tovarlarga 90 kunlik kechiktirish joriy etiladi va shu muddat mobaynida 10 foizli boj stavkasi amal qiladi.
Xitoy AQSHga borishni o‘ylayotgan fuqarolarini ogohlantirdi
Tramp tomonidan kiritilgan yangi bojlar fonida Xitoy hukumati ham o‘z fuqarolarini ogohlantirdi. Madaniyat va turizm vazirligi AQSHda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar va savdo munosabatlaridagi taranglik tufayli sayohat qilishdan avval xavfni sinchkovlik bilan baholash kerakligini ta’kidladi.
“Qo‘shma Shtatlarga safar qilish xavfini jiddiy baholash va ehtiyotkorlik bilan harakat qilish zarur”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Savdo urushi — raqamlar orqali tahlil
- 2 aprel — Tramp 185 mamlakatdan keladigan mahsulotlarga boj joriy etilishini ma’lum qildi.
- Xitoy tovarlariga dastlab 34% boj belgilandi.
- Javob tarifi sifatida Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga boj soldi.
- Tramp bojlarni 50% gacha oshirish bilan tahdid qildi.
- Shundan so‘ng bojlar 104% darajaga chiqdi.
- Pekin esa 84% boj bilan javob qaytardi.
- Eng so‘nggi qadam — Tramp 125% bojni rasman joriy qildi.
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo mojarosi yana keskinlashmoqda. Ikki iqtisodiy gigant o‘rtasidagi bunday harakatlar nafaqat siyosiy, balki global bozorlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Eng muhimi — bu jarayonda boshqa davlatlar va oddiy iste’molchilar qanday ta’sir oladi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!