date
views 467

Xitoy Hollivudga cheklov qo‘ymoqda — savdo urushi kinosanoatga ham yetdi

Xitoy Hollivudga cheklov qo‘ymoqda — savdo urushi kinosanoatga ham yetdi
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy qarama-qarshilik yangi bosqichga chiqdi. Endi bu tortishuv faqatgina tovarlar bilan cheklanib qolmay, kino dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Reuters yozishicha, Xitoy kinematografiya ishlari bo‘yicha milliy boshqarmasi Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat tomonidan Xitoy mahsulotlariga joriy etilgan katta bojlarga javoban Hollivud filmlari importini cheklashini ma’lum qildi.

“Biz bozor qoidalariga bo‘ysunamiz, auditoriya tanlovini hurmat qilamiz va Amerika filmlari importini sezilarli darajada kamaytirishga qaror qildik”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

Xitoy kino bozorida G‘arb filmlarining o‘rni qisqarayotgandi

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror nafaqat siyosiy javob, balki bozordagi voqelik bilan ham bog‘liq. Xitoy kinoteatrlarida umumiy kassa yig‘imlarining faqat 5 foizi Hollivud filmlariga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Amerika studiyalari ushbu daromadning atigi 25 foizini oladi.

So‘nggi yillarda xitoyliklar mahalliy filmlarga katta qiziqish bildirmoqda. 2020 yildan beri ichki filmlar kinoteatrlar kassasining 80 foizini tashkil etmoqda. Ilgari bu ko‘rsatkich 60 foiz atrofida edi.

Import kvotalari bor edi, endi esa cheklov qat’iylashmoqda

Xitoy 1995 yildan beri xorijiy filmlar uchun kvota tizimini qo‘llab kelayotgan mamlakat. Ilgari yiliga faqat 10 ta xorij filmi prokatga chiqishi mumkin edi. Keyin bu raqam 34 tagacha oshirildi. Endi esa bu miqdor yana pasayishi mumkin.

Tarif urushining kino fronti

Xitoy 10 apreldan boshlab AQSHdan olib kiriladigan tovarlarga tarifni 34 foizdan 84 foizgacha oshirdi. Bu AQSHning Xitoy mahsulotlariga 104 foizlik bojlar qo‘yishiga javob sifatida qilindi. Ammo Tramp shunda ham cheklanib qolmadi — u bojlarni 125 foizgacha ko‘tarishini e’lon qildi va Pekinni “jahon bozorlariga hurmatsizlikda” aybladi.

Xitoy va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy mojaro endi kinosanoatga ham ta’sir qilmoqda. Hollivud filmlarining Xitoydagi ulushi kamayishi nafaqat siyosiy munosabatlar, balki tomoshabinlar ta’bi va mahalliy madaniyatning o‘sishi bilan ham bog‘liq. Ammo bu cheklovlar global kino bozorida qanday o‘zgarishlarga olib kelishi hozircha noma’lum.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo