
Foto: Getty images
Rossiyadan Xitoyga qurol-yarog‘ yetkazib berish oqimi so‘nggi yillarda sezilarli darajada qisqargan. ChinaPower tahliliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2009 yildan 2023 yilgacha Xitoyning qurol importi avvalgi 15 yillik davrga nisbatan 40 foizga kamaygan. Rossiyaning ulushi esa 85 foizdan 68 foizga tushgan. Bu o‘zgarishga nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi urushi, balki Xitoyning Rossiya qurol tizimlarini nusxalashi va intellektual mulkni ko‘plab holatlarda noqonuniy olishi ham sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Tahlilchilarning yozishicha, so‘nggi 20 yilda Xitoy tomonidan Rossiya mudofaa sanoatiga, ayniqsa, aerokosmik texnologiyalarga yo‘naltirilgan kamida 21 ta josuslik va xakerlik hujumi qayd etilgan. Masalan, 2004 yilda Xitoy foydasiga maxfiy aviatsiya va sun’iy yo‘ldosh ishlanmalari ma’lumotlarini uzatgan 7 nafar rossiyalik sud tomonidan aybdor deb topilgan. 2021-2023 yillarda esa yana 4 ta aerokosmik va lazer texnologiyalari bilan bog‘liq axborot sizib chiqishi holati aniqlangan.
Biroq, josuslik faqat bir qismi xolos. Xitoy Rossiya bilan tuzilgan litsenziya kelishuvlarini muntazam ravishda buzib, qurollarni o‘z ehtiyojlariga moslashtirib, nusxalab kelmoqda. Xususan, J-11 qiruvchisi Rossiyaning Su-27 samolyotidan, HQ-9 zenit-raketa majmuasi esa C-300 tizimidan ko‘chirilgan.
2019 yilda Rossiyaning «Rostex» davlat korporatsiyasi 17 yil davomida Xitoy tomonidan qurollarning 500 dan ortiq noqonuniy nusxalash holatini qayd etganini e’lon qilgan edi. «Rostex» korporatsiyasi aviatsiya dvigatellari, «Suxoy» samolyotlari, kemalarda tashiladigan qiruvchilar, havo mudofaa tizimlari va «Pantsir» zenit-raketa majmualarining noqonuniy analoglari yaratilganini ta’kidlagan.
Xitoy texnologiyalarni o‘zlashtirib olgach, Rossiyadan qurol sotib olish hajmini keskin kamaytirib, o‘z harbiy texnikasini ishlab chiqarishni boshlagan. Biroq, aviatsiya dvigatellari sohasida Rossiyaga qaramlik saqlanib qolmoqda. 2017-2023 yillarda Xitoy import qilgan qurol-yarog‘ning deyarli yarmini dvigatellar tashkil qilgan, ularning katta qismi esa Rossiyadan kelgan.
Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida harbiy aloqalar o‘zgarib bormoqda: Rossiya endi ko‘proq Xitoyni ehtiyot qismlar va texnologiyalarning asosiy yetkazib beruvchisi sifatida ko‘rmoqda. AQSH Milliy razvedka boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning davlat mudofaa kompaniyalari Rossiyaga yarimo‘tkazgichlar, dronlar, qiruvchi samolyotlarning ehtiyot qismlari va radioelektron kurash qurilmalarini yetkazib berishda davom etmoqda.
Ayniqsa, raqamli dasturiy boshqariladigan stanoklar muhim ahamiyatga ega, chunki ular harbiy texnika ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. 2022 yil yanvaridan 2023 yil iyuligacha bo‘lgan davrda Xitoydan Rossiyaga ushbu stanoklar eksporti deyarli 10 barobar o‘sib, oyiga 7 milliard dollardan 68 milliard dollarga yetgan. Xitoy tomoni esa Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berilayotganini qat’iy rad etib kelmoqda. Biroq amaliy raqamlar va tahlillar aksini ko‘rsatmoqda. Eng qizig‘i — endi Rossiya Xitoyni ehtiyot qismlar bo‘yicha asosiy ta’minotchi sifatida ko‘ra boshladi.
Markaziy Osiyo uchun saboq: texnologiya – tashqiga bog‘liqlikni kamaytirishi shart
Bu holat nafaqat Rossiya–Xitoy munosabatlari, balki boshqa davlatlar uchun ham ogohlantiruvchi signal.
Texnologik himoya, intellektual mulkka ehtiyotkor munosabat va real strategik manfaatlarni chuqur tahlil qilish talab etiladi.
Siz nima deb o‘ylaysiz: Xitoy “qurol nusxalab”, qudratga aylanmoqdami? Rossiya esa partnyor emas, vositaga aylanib qolmadimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar