
Bitimga vazirlar S.Bessent hamda Yu.Sviridenko imzo chekkan.
Foto: AQSH moliya vazirligi
Vashington va Kiyev bir necha oyga cho‘zilgan diplomatik tortishuvlardan keyin Ukrainaning foydali qazilmalarini tasarruf etishga doir shartnomani imzoladi.
30 aprel kuni imzolangan kelishuv doirasida Ukrainani tiklash bo‘yicha investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi.
AQSH moliya vazirligi hujjat imzolanishini prezident Donald Trampning “erkin, suveren va farovon Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ahdida sobit”ligi ifodasi deya talqin qilgan.
DW nashri suhbatlashgan ukrainalik ekspertlar bitim borasida ikki lagerga bo‘linganini ko‘rish mumkin. Bir guruh tahlilchilar Tramp ma’muriyati bilan til topishuvni diplomatik yutuq deb baholagan. Boshqa bir guruh ekspertlar esa “AQSH Ukrainani tuzoqqa tushirdi” degan fikrda.
Qayd etish joizki, hujjat avval-boshda rejalashtirilganidek, prezidentlar emas, vazirlar tomonidan ma’qullangan. Bitimga AQSH moliya vaziri Skott Bessent hamda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko imzo chekkan.
Hujjatga muvofiq, Vashington va Kiyev Ukrainani tiklash va sarmoyalar jalb etish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma tuzadi. Ukraina hududidagi barcha foydali qazilmalar Kiyev ixtiyorida qoladi. Jamg‘arma esa “50/50” tamoyili asosida ishlaydi, ya’ni boshqaruvda ham, foydada ham tomonlar teng ovozga ega bo‘ladi.
Tahlilchi Ilya Nesxodovskiy fikricha, AQSH bilan bitim Ukraina uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
“Biz boyliklarimizdan olgan daromadning bir qismini AQSHga beramiz, buning evaziga harbiy, moliyaviy ko‘mak va Amerika sarmoyalarini olamiz. Sarmoya sarfini nazorat qilayotganiga amin bo‘lgan amerikaliklar Ukraina iqtisodiyotiga yanada ko‘proq investitsiya kiritadi”, – deydi Nesxodovskiy.
Ukrainaning sobiq iqtisodiyot vaziri, hozirda Kiyev iqtisodiyot maktabi rahbari Timofey Milovanov ham bitimni ijobiy baholagan.
“Bu – Ukraina uchun ulkan siyosiy, diplomatik g‘alaba. Bu Trampga ichki siyosiy g‘alaba ruhini beradi va buning ortidan Ukrainaga munosabat yanada ijobiylashadi. Ukraina bitim doirasida o‘z manfaatlarini himoya qila oldi. Hamkor tomonning Ukrainaga qo‘ygan yuholarcha talablari, kuchli bosimlarga qaramay, bekor bo‘ldi”, – deydi T.Milovanov.
Ammo boshqa guruh tahlilchilar bitimda Ukraina uchun xavfsizlik kafolati haqida biror band yo‘qligini tanqid qilmoqdalar. Holbuki, prezident Vladimir Zelenskiy foydali qazilmalarni tasarruf etish evaziga AQSH Ukrainaga xavfsizlik borasida kafolat berishi lozimligini talab qilib kelayotgandi.
“Bitim siyosiy xarakterda ekanini tushunish kerak. Bu – AQSH bilan munosabatlarni yangilashga urinish yo‘lidagi qadam. Ammo unda xavfsizlik kafolati ko‘zda tutilmagan va bu Ukraina uchun jiddiy muammo”, – deb hisoblaydi Jahon siyosati instituti direktori Yevgeniy Magda.
Unga ko‘ra, Ukraina avvalroq xalqaro hamkorlar bilan imzolagan xavfsizlikka oid bitimlar AQSH bilan tuzilgan shartnomadan manfaatliroqdir.
Ta’kidlash joizki, Oq uy ma’muriyati Ukrainaga foydali qazilmalarga oid bitim imzolash borasida kuchli bosim o‘tkazib keldi. Jumladan, prezident Tramp AQSH Ukrainaga urush boshlanganidan buyon 350 milliard dollar ko‘mak berganini aytib, Kiyev hukumatidan foydali qazilmalari orqali 500 milliard dollar kompensatsiya qaytarishni talab qildi.
Prezident Zelenskiy esa AQSH Ukrainaga 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar bergani, uni ham qarz emas, grant sifatida ajratganini bildirdi.
“Men o‘n avlod ukrainaliklar yelkasida yuk bo‘ladigan bitimni imzolamayman”, – deya Vashington taklif etgan ilk hujjatga imzo chekishdan bosh tortdi Zelenskiy.
Avval xabar berganimizdek, Vashington va Kiyev o‘rtasida foydali qazilmalarga doir bitim imzolashi rejalashtirilgan Oq uydagi uchrashuv Tramp va Zelenskiyning misli ko‘rilmagan diplomatik ziddiyati bilan yakunlangandi.
AQSH UkrainaniVashington KiyevFoydali QazilmalarInvestitsiya Jamg‘armasiSiyosiy G‘alabaXavfsizlik Kafolati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar