
Yaqin kunlarda Yerga 495 kilogramm og‘irlikka ega sovet davriga tegishli bo‘lgan kosmik apparat qulab tushishi haqida BBC axborot agentligi xabar bermoqda. Bu qurilma o‘tgan asrning 70-yillarida Veneraga yuborilgan “Kosmos-482” nomli stansiyaning qo‘nish moduli bo‘lib, u hozirga qadar Yer orbitasida bo‘lib kelgan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, qurilmaning Yer yuzasiga qachon tushishi haqida aniq maʼlumot yo‘q. Biroq, taxminlarga ko‘ra bu voqea joriy yilning may oyi birinchi yarmida sodir bo‘ladi.
Ushbu apparat 1972 yilning 31 martida tongda Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan Venera sayyorasiga uchirilgan edi. Aslida u “Venera-8” dasturi doirasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida Veneraga yo‘l olgan apparatning zaxira varianti bo‘lgan. O‘sha davrda ikki apparatning bir vaqtda tayyorlanishi va ketma-ket uchirilishi, sayyoralararo missiyaning muvaffaqiyat ehtimolini oshirish maqsadida amalga oshirilgan.
“Venera-8” apparati 1972 yilning 27 martida uchirilib, o‘z vazifasini to‘liq bajarib, Veneraga muvaffaqiyatli qo‘ngan va tadqiqot dasturini bajargan. Ammo uning zaxira varianti hisoblangan “Kosmos-482” texnik nosozlik sababli orbitada qolib ketgan. Shundan beri u Yer atrofida aylanib yuribdi.
NASA rasmiy saytidagi maʼlumotlarga ko‘ra, kosmik apparatning ikkita kichik qismi Yerga yaqin orbitada qolib, uchirilganidan keyin 48 soat o‘tib atmosferada yonib ketgan. Qo‘nish moduli va dvigatel blokidan iborat ikkita katta bo‘lagini esa yuqori elliptik orbitaga chiqib ketgan va shu kungacha sayyoramiz atrofida aylanib yuribdi.
Hozirda Yerga qulash ehtimoli yuqori bo‘lgan apparat qismi – uning qo‘nish moduli hisoblanadi. Uning og‘irligi qariyb yarim tonna – aniqrog‘i 495 kilogramm. Olimlarning fikricha, qurilmaning Yerga qulash tezligi taxminan 242 km/soatni tashkil etadi va zarba natijasida yuzaga keladigan energiya 1,1-1,2 megajoul atrofida bo‘ladi. Bu esa bir necha yuz gramm trotil portlashining quvvatiga teng ekani aytilmoqda.
Qaysi hududlarga xavf mavjud?
Ekspertlarning orbitani tahlil qilish asosida qilgan hisob-kitoblari shuni ko‘rsatmoqdaki, qurilmaning tushishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlar asosan quruqlik ustida joylashgan. Xususan, qurilmaning ehtimoliy tushish trayektoriyasi Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon kabi davlatlarning hududlaridan o‘tishi taxmin qilinmoqda. Bu esa, qurilmaning aholi yashash hududlariga qulash xavfi borligini anglatadi.
Hozircha aniq sana maʼlum bo‘lmasada, mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, kosmik apparatning Yerga qulash vaqti 8 maydan 14 maygacha bo‘lgan kunlarda yuz berishi kutilmoqda.
Bu kabi holatlar Yer atrofidagi orbitada qolib ketgan, foydalanilmaydigan qurilmalarning sayyora yuzasiga qulab tushishi birinchi holat emas. Ammo qurilmaning kattaligi va og‘irligi hisobga olinsa, vaziyat jiddiy nazoratni talab qiladi.
Hozirda ushbu hududlardagi davlatlar vakillari vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Kosmik apparatning Yerga qulashidan kelib chiqadigan ehtimoliy xavflarni kamaytirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligi aytilmoqda.
Kelgusi kunlarda voqeaning rivojlanishi haqida qo‘shimcha maʼlumotlar berib boriladi. Har holda, mutaxassislar mazkur apparatning Yerga tushishi vaqti yaqinlashgan sari, uning aniq trayektoriyasini yana-da aniqroq hisoblash imkoniyati paydo bo‘lishini bildirmoqda.
Kosmik ApparatiYerga QulashVeneraga YuborilganTahlil QilishEhtimoliy XavfKatta Bo‘laklar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar