
Angliyadagi millionlab bolalar hozirda shunday og‘ir sharoitda hayot kechirmoqdaki, bu holatni ba’zilar 19-asrdagi mashhur yozuvchi Charlz Dikkens asarlarida tasvirlangan qashshoqlikka tenglashtirmoqda. Angliyada bolalarning muhtojlik va tanqislikda yashashi deyarli odatiy holga aylanib bormoqda, deb bayonot berdi mamlakat bolalar ishlari bo‘yicha ombudsmani Deym Reychel de Suza.
Ombudsman so‘nggi to‘rt yilda bolalar hayoti va ularning fikrlash tarzida katta o‘zgarishni kuzatganini ma’lum qilgan. Bolalar endi qashshoqlikni nazariy tushuncha emas, balki kundalik hayotlaridagi haqiqiy muammo sifatida his etmoqda. Ularda “oddiy” deb hisoblanadigan imkoniyatlar yo‘q: toza va xavfsiz uy, yetarli o‘rinli to‘shak, issiqlik, o‘zgalardan mustaqillik, shuningdek, do‘stlarini uyga chaqirish imkoniyati va maktabga uzoq masofani bosib o‘tmasdan yetib borish.
Hisobotda qayd etilishicha, bolalar yuzaga kelgan og‘ir holatlarni “oddiy” va hatto “tabiiy” deb qabul qila boshlagan. Ba’zilari shunday sharoitda yashashni o‘z hayotlarining ajralmas qismi sifatida ko‘radi. Ayrim yoshlar esa toza suvda yuvina olmaslik, devorlaridan kalamushlar o‘tishi, yotoqxonasining quruq emasligi va ovqat sifatida “luks” sanaladigan bekonni iste’mol qilish orzusi haqida so‘zlab bergan.
Deym de Suza ta’kidlaganidek, “dunyoning eng boy jamiyatlaridan biri bo‘lmish Angliyada rahbarlarimiz bolalarning taqdiri ularning ota-onalari moliyaviy ahvoliga bog‘liq bo‘layotganidan uyalishlari kerak”.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil apreliga qadar Angliyada 4.5 million bola qashshoqlikda yashagan. Bu rekord darajadagi ko‘rsatkich. Bu holatda katta bahslarga sabab bo‘layotgan ikki bolagacha imtiyoz berish chegarasi eng katta muammolardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Konservativlar partiyasi tomonidan 2017 yilda joriy etilgan mazkur siyosatga ko‘ra, ko‘pchilik oilalarda uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun bolalarga oid kredit yoki universal kredit to‘lanmaydi. Bunda har kuni o‘rtacha 109 nafar bola qashshoqlikqa tortilmoqda, deb hisoblaydi Bolalar Qashshoqlikka qarshi harakat guruhi (Child Poverty Action Group).
Boshqa hisobotlarga ko‘ra, mazkur siyosatni bekor qilish hukumatiga yiliga taxminan 3.4 milliard funt sterlingga tushadi, ammo natijada 500 ming bola nisbiy qashshoqlikdan chiqishi mumkin.
De Suza bu muammoning “bir kunda hal bo‘lishi mumkin emas”ligini tan oldi, ammo “harakatning birinchi qadami ikki bolali chegarani bekor qilish bo‘lishi shart”, deya ta’kidladi. U shunga qo‘shimcha ravishda, bolalar uchun moliyaviy yordamlar inflyatsiya bilan birgalikda o‘sib borishini ta’minlash uchun “uch qatlamli kafolat” joriy etishni, oilalar vaqtincha mehmonxonada bir necha haftadan ortiq yashashga majbur bo‘lmasligi uchun islohotlar kiritishni, hamda barcha maktab yoshidagi bolalar uchun avtobuslardan bepul foydalanishni taklif qildi.
128 nafar bola ishtirok etgan so‘rovda ularning 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan turli yoshdagi guruhlari o‘z hayotlari haqida ochiqcha fikr bildirishgan. Ular asosan sifatli va sog‘lom ovqat yetishmasligi, juda tor va antisanitar sharoitda yashash, ta’lim uchun tegishli joyning yo‘qligi, maktabga borishdagi qiyinchiliklar kabi muammolarni tilga olishgan.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlayotgan maktablar ham, ularning o‘qituvchilari ham bu og‘ir holatni har kuni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda. Maktab rahbarlari uyushmasi (NAHT) bosh kotibi Pol Uaytman ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar taom tarqatish, issiq xonalar tashkil etish, oziq-ovqat kuponlari berish, hatto kir yuvish xizmati ko‘rsatish kabi ishlar bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.
“Bu holatda maktablar nafaqat ta’lim, balki ijtimoiy yordam markaziga aylanib qolmoqda. Lekin bu masalada yechim faqat ta’lim sohasidan emas, balki hukumatning barcha bo‘g‘inlaridan hamkorlikni talab qiladi”, — dedi Uaytman.
Hukumatning mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi mazkur masala bo‘yicha hozircha rasmiy izoh bermadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar