Hindiston g‘arbidagi Rajastan shtatida daxshatli yo‘l fojiasi sodir bo‘ldi. Djaysalmer–Djodxpur trassasida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobus to‘satdan yonib ketdi. NDTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, yana 10 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus ichida jami 57 yo‘lovchi bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, avval transport orqasidan tutun chiqqanini ko‘rishgan. Haydovchi vaziyatni baholash uchun yo‘l chetida to‘xtagan, ammo bir necha daqiqa ichida butun avtobusni olov qamrab olgan.
Yong‘in shiddat bilan tarqalgani sababli ko‘plab yo‘lovchilar chiqishga ulgurmagan. Qutqaruvchilar va yong‘in o‘chiruvchilar hodisa joyiga yetib kelganda avtobus deyarli to‘liq yongan holatda bo‘lgan.
Jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Shifokorlar ma’lum qilishicha, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda, ko‘pchiligi qattiq kuyish jarohatlari olgan. Hozirda qurbonlar soni ko‘payishi mumkinligi aytilmoqda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yong‘inga ehtimolan qisqa elektr tutashuvi sabab bo‘lgan. Ammo politsiya va mutaxassislar aniq sababni belgilash uchun tergov ishlarini boshlagan.
Rajastan hukumati halok bo‘lganlar oilalariga moddiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Hindiston ommaviy axborot vositalari bu hodisani mamlakatdagi so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan eng og‘ir transport fojialaridan biri sifatida ta’riflamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!