
Serbiya chempionatida juda qayg‘uli voqea ro‘y berdi. «Radnichki 1923» klubi bosh murabbiyi Mladen Jijovich «Mladost»ga qarshi kechayotgan uchrashuv paytida yuragi ishdan chiqishi oqibatida vafot etdi.
Fojia 14-tur doirasidagi bellashuvning 22-daqiqasida sodir bo‘ldi. O‘sha vaqtda hisob mehmon jamoa foydasiga 2:0 bo‘lib turgan bir paytda 44 yoshli murabbiyning ahvoli keskin yomonlashgani ma’lum bo‘ldi. Tibbiyot xodimlari darhol yordam ko‘rsatish uchun maydonga chiqishgan, uni tez tibbiy yordam mashinasida kasalxonaga yetkazishgan, ammo afsuski, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishning ilojini topa olishmagan.

Uchrashuvni boshqargan hakamlar fojiadan so‘ng bellashuvni vaqtincha to‘xtatishgan. Bir necha daqiqadan keyin esa «Radnichki 1923» jamoasi a’zolari va futbol federatsiyasi rasman murabbiyning vafoti haqidagi xabarni tasdiqlashgan.
Shundan so‘ng o‘yin yakuniga yetkazilmagan holda bekor qilindi. Stadionda yig‘ilgan muxlislar, futbolchilar va murabbiylar hurmat belgisi sifatida sukut saqlashdi.
Mladen Jijovich nafaqat Serbiyada, balki Bolqon mintaqasida ham o‘z ishiga sidqidildan yondashuvchi mutaxassis sifatida tanilgan edi. U faoliyatini futbolchi sifatida boshlab, keyinchalik murabbiylikka o‘tgan va so‘nggi yillarda «Radnichki 1923» klubini boshqarib kelayotgandi.
Uning rahbarligida jamoa milliy chempionatda barqaror o‘yin namoyish etayotgan va yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratayotgandi.
Serbiya futbol federatsiyasi rasmiy bayonot e’lon qilib, Mladen Jijovichning oila a’zolari, yaqinlari va jamoasiga chuqur ta’ziya izhor etdi. Federatsiya bayonotida quyidagicha so‘zlar keltirilgan:
“Mladen nafaqat yaxshi murabbiy, balki samimiy inson ham edi. Uning mehnati va futbolga bo‘lgan muhabbati har doim yodimizda qoladi. Futbol oilasi uni hech qachon unutmaydi”.
Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda Jijovich xotirasi uchun minnatdorlik va motam so‘zlarini bildirishmoqda. Ko‘pchilik uni zamonasining mehnatkash murabbiylaridan biri sifatida esga olmoqda.
Bu voqea yana bir bor futbol faqat o‘yin emas, balki hissiyot va inson sog‘ligi bilan bog‘liq hayotning bir qismi ekanini eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!