
Jahon banki tomonidan yaqinda e’lon qilingan tahliliy hisobot Markaziy Osiyo va Yevropaning yirik shaharlarida kuzatilayotgan tobora kuchayib borayotgan issiq havo oqibatlarini jiddiy xavf sifatida qayd etdi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston shaharlarida anomal haroratlar inson hayoti, mehnat bozori va infratuzilmaga qaytarib bo‘lmas darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb xabar berdi worldbank.org.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Ashxobod shahrida har yili 100 ming aholiga nisbatan 25-28 nafar odam issiq bilan bog‘liq holatlarda hayotdan ko‘z yummoqda. Bunday fojeali ko‘rsatkichlar Toshkent, Ostona va Bishkekda ham qayd etilgan — bu shaharlarda o‘limlar soni har 100 ming kishiga 19–21 tani tashkil etmoqda.
Eng tashvishlisi — kelajakda bu ko‘rsatkichlar yanada og‘irlashishi mumkin. 2090 yilga kelib, Toshkent va Ostona kabi megapolislarda har yili issiq oqibatida 10 mingdan 23 minggacha inson hayotdan ko‘z yumishi mumkinligi qayd etilgan. Bu raqamlar, shubhasiz, barcha darajadagi mutasaddilarni jiddiy o‘ylantirishi lozim.
2023 yilning o‘zida YEMO mintaqasida harorat ko‘tarilishi sababli 87 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yo‘qotilgan. Ulardan 22 mingga yaqini O‘zbekistonda, 18 mingga yaqini esa Ozarbayjonda qayd etilgan. Bu — issiqlik faqat sog‘liqqa emas, iqtisodiyotga ham halokatli zarba berayotganini anglatadi.
Yevropa va Markaziy Osiyo aholisining 70 foizdan ortig‘i yashaydigan yirik shaharlarda issiq kunlar soni 2050 yilgacha kamida uch barobarga ko‘payadi. Taxminlarga ko‘ra, ayrim shaharlarda bir yilda issiq kunlar soni 70 tagacha yetishi mumkin.
Hisobotda mutaxassislar hozirdanoq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim chora-tadbirlar ro‘yxatini ham taqdim etdi. Jumladan:
- shaharlarda daraxt va yashil hududlarni ko‘paytirish,
- binolarni tabiiy sovitish imkonini beruvchi modifikatsiya qilish,
- fuqarolarni harorat xavfidan oldindan ogohlantirish tizimini yaratish,
- sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirish,
- maxsus “sovitish markazlari” tashkil etish,
- qurilishda issiqqa chidamli materiallardan foydalanish,
- infratuzilmani yangilashda iqlim o‘zgarishi omillarini inobatga olish taklif qilingan.
Shuningdek, Qirg‘izistonda har yili harorat keskinligi tufayli taxminan 200 km yo‘l zararlanishi qayd etilmoqda. Bu esa nafaqat infratuzilmaga, balki iqtisodiy faollikka ham to‘sqinlik qiladi. Chunki ta’mirlash ishlari katta mablag‘larni talab qiladi, transport logistikasida uzilishlar yuzaga keladi.
2050 yilga kelib, Ashxobod va yana sakkizta YEMO shahrida issiqlik tufayli iqtisodiy yo‘qotishlar yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan oshib ketishi mumkin. Bu esa davlat budjeti, investitsiya siyosati va ijtimoiy barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirdanoq zarur choralar ko‘rilmasa, issiqlik nafaqat global muammo, balki har bir inson uchun shaxsiy xavfga aylanishi mumkin. Vaqtni boy bermasdan, javobgarlikni his etib, harakat boshlash — ertangi kunni asrab qolishdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar