Venesuela muxolifati yetakchisi Maduroning hokimiyatdan chetlatilishini qoʻllab-quvvatladi

Venesuela muxolifati yetakchisi, 2025 yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Korina Machado prezident Nikolas Maduroning hokimiyatdan chetlatilishini qo‘llab-quvvatladi va mamlakatda o‘tish davri boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
U e’lon qilgan murojaatda Machado Maduro Venesuela fuqarolari hamda boshqa davlatlar aholisi oldidagi jinoyatlar uchun «xalqaro adliya» qarshisida javob berishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar muzokaralar orqali kelishuvdan voz kechgach, AQSh o‘z va’dasini bajarib, «qonun ustuvorligini ta’minlash» yo‘lida harakat qilgan.
Muxolifat yetakchisi, shuningdek, saylangan prezident Edmundo Gonsales Urrutiya zudlik bilan lavozimiga kirishishi zarurligini bildirdi. Machado uni davlatning legitim rahbari va milliy qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni sifatida atadi.
Machado Venesuela ichidagi tarafdorlarini tashkiliy tartibni saqlashga va keyingi harakatlarga tayyor turishga chaqirdi. Chet eldagi venesuelaliklardan esa mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlarni xalqaro miqyosda faolroq qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. U hozirgi vaziyatni demokratik o‘tish uchun «hal qiluvchi» pallaga tenglab, hokimiyat almashishiga ishonch bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!