Maduro hibsdan murojaat qildi: ahvoli va pozitsiyasi ochiqlandi

Maduro hibsdan murojaat qildi: ahvoli va pozitsiyasi ochiqlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • AQSHda hibsda saqlanayotgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uzoq tanaffusdan so'ng ilk bor ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, jismoniy va ruhiy holati barqaror ekanini bildirdi.
  • U va rafiqasi Siliya Flores nomidan e'lon qilingan bayonotda tarafdorlarning maktublari, duolari va iliq so'zlari ularga ruhiy kuch berayotgani aytildi.
  • Maduro tinchlik, milliy birlik, konstruktiv muloqot, yarashuv va o'zaro hurmat muhimligini ta'kidladi.

AQSHda hibsda saqlanayotgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uzoq tanaffusdan so‘ng ilk bor ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z tarafdorlariga murojaat qildi. U o‘zining jismoniy va ruhiy holati barqaror ekanini taʼkidlab, qo‘llab-quvvatlayotganlarga minnatdorchilik bildirdi.

Siyosatchi va uning rafiqasi Siliya Flores nomidan joylashtirilgan bayonotda, ularga kelayotgan maktublar, duolar va iliq so‘zlar ruhiy jihatdan kuch bag‘ishlayotgani alohida qayd etildi. “Biz barcha xabarlaringizni qabul qildik. Har bir iliq so‘z bizga yangi kuch beradi. Biz barqarormiz, irodamiz mustahkam, xotirjammiz va doimiy ibodatdamiz”, — deya taʼkidlandi murojaatda.

Maduro o‘z chiqishida tinchlik, milliy birlik va konstruktiv muloqot muhimligini urg‘ulab, Venesuela jamiyati yarashuv va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida rivojlanishi lozimligini aytdi. Shuningdek, u nafaqat vatandoshlariga, balki dunyo bo‘ylab qo‘llab-quvvatlayotgan insonlarga ham samimiy minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘llab-quvvatlash unga ruhiy kuch va ichki barqarorlik baxsh etmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, AQSH harbiylari 3 yanvar kuni Karakasda maxsus amaliyot o‘tkazib, Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olgan va ularni Nyu-Yorkka olib ketgan edi. Oq uy rahbari Donald Tramp ular “narkoterrorizm” bilan bog‘liq ayblovlar asosida sudga tortilishi haqida maʼlum qilgan. Biroq Maduro va uning turmush o‘rtog‘i ushbu ayblovlarni mutlaqo rad etmoqda.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu ish bo‘yicha ikkinchi sud yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tgan. Kuzatuvchilar taʼkidlashicha, Maduro tashqi ko‘rinishida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgan — u ancha ozgan holda sud zaliga olib kirilgan. U qamoqxona kiyimida, qo‘lkishansiz, ammo kishanlangan holda bo‘lgani qayd etildi.

Prezident himoyasi esa AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiyalar Venesuela davlat mablag‘laridan advokatlar xizmati uchun haq to‘lashga to‘sqinlik qilayotganini asos qilib, ishni tugatishni talab qildi. Biroq sud ushbu daʼvoni qo‘llab-quvvatlamadi va iltimosnomani rad etdi.

Mazkur voqealar nafaqat Venesuela, balki butun dunyo jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lib qolmoqda. Keyingi rivojlar xalqaro siyosiy munosabatlar va geosiyosiy muvozanatga qanday taʼsir ko‘rsatishi esa hozircha ochiq qolmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar