Turkiyada 22 karatli oltin bilan qoplangan shirinlik xaridorlarning qiziqishini uyg‘otmoqda

Turkiyaning Amasya shahridagi oziq-ovqat mahsulotlari do‘konida noodatiy shirinlik xaridorlar e’tiborini tortmoqda. Gap 22 karatli yeyiladigan oltin kukuni bilan bezatilgan turk lokumi haqida bormoqda. Uning bir kilogrammi 10 ming turk lirasidan sotilmoqda.
Bodom, pista va qizil qoraqat qo‘shib tayyorlangan ushbu shirinlik tashqi ko‘rinishi bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Lokumning usti oziq-ovqat mahsulotlarida foydalanishga mo‘ljallangan oltin kukuni bilan qoplangan.
Do‘kon egasi Selim Kayaning ma’lum qilishicha, 50 kilogramm lokum tayyorlash jarayonida jami 5 gramm 22 karatli oltindan foydalaniladi. Shirinlikning narxi bir kilogramm uchun 10 ming lira etib belgilangan. Eng qizig‘i, do‘konga tashrif buyurgan har bir kishi uni xarid qiladimi yoki yo‘qmi, bepul tatib ko‘rishi mumkin.
Biroq noodatiy shirinlikning narxi mahalliy aholining barchasiga ham ma’qul kelmagan. Ayrim xaridorlar uni juda qimmat deb hisoblab, bunday lokumni sotib olish oson emasligini ta’kidlashgan.
Ma’lumot uchun, mazkur do‘konda lokumning yana 66 xil turi sotiladi. Ularning narxi mahsulot tarkibiga qarab bir kilogrammi uchun 500 liradan 3 ming liragacha baholangan.































Izohlar 0
…